يَـٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ إِن كُنتُمْ فِى رَيْبٍ مِّنَ ٱلْبَعْثِ فَإِنَّا خَلَقْنَـٰكُم مِّن تُرَابٍ ثُمَّ مِن نُّطْفَةٍ ثُمَّ مِنْ عَلَقَةٍ ثُمَّ مِن مُّضْغَةٍ مُّخَلَّقَةٍ وَغَيْرِ مُخَلَّقَةٍ لِّنُبَيِّنَ لَكُمْ ۚ وَنُقِرُّ فِى ٱلْأَرْحَامِ مَا نَشَآءُ إِلَىٰٓ أَجَلٍ مُّسَمًّى ثُمَّ نُخْرِجُكُمْ طِفْلًا ثُمَّ لِتَبْلُغُوٓا۟ أَشُدَّكُمْ ۖ وَمِنكُم مَّن يُتَوَفَّىٰ وَمِنكُم مَّن يُرَدُّ إِلَىٰٓ أَرْذَلِ ٱلْعُمُرِ لِكَيْلَا يَعْلَمَ مِنۢ بَعْدِ عِلْمٍ شَيْـًٔا ۚ وَتَرَى ٱلْأَرْضَ هَامِدَةً فَإِذَآ أَنزَلْنَا عَلَيْهَا ٱلْمَآءَ ٱهْتَزَّتْ وَرَبَتْ وَأَنۢبَتَتْ مِن كُلِّ زَوْجٍۭ بَهِيجٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, odamlar! Agar qayta tirilish haqida shubha qiladigan bo`lsangiz, bas, Biz sizga bayon qilishimiz uchun sizlarni tuproqdan, so`ngra nutfadan, so`ngra alaqadan, so`ngra bitgan-bitmagan bir chaynam go`shtdan yaratdik. Va bachadonlarda xohlagan narsamizni ma'lum muddatgacha qaror toptirarmiz. Keyin sizlarni buvak holingizda chiqararmiz. So`ngra, voyaga yetishingiz uchun (tarbiya qilarmiz). Sizdan vafot qilib ketadiganlar ham, bilganidan keyin hech narsani bilmay qoladigan darajada nochor umrga yetadiganlar ham bor. Va yerni qaqragan holda ko`rarsan. Qachonki, Biz unga suv tushirsak, u seskanadir va ko`pchiydir. Hamda har xil go`zal juftlarni o`stiradir.Эй, одамлар! Агар қайта тирилиш ҳақида шубҳа қиладиган бўлсангиз, бас, Биз сизга баён қилишимиз учун сизларни тупроқдан, сўнгра нутфадан, сўнгра алақадан, сўнгра битган-битмаган бир чайнам гўштдан яратдик. Ва бачадонларда хоҳлаган нарсамизни маълум муддатгача қарор топтирармиз. Кейин сизларни бувак ҳолингизда чиқарармиз. Сўнгра, вояга етишингиз учун (тарбия қилармиз). Сиздан вафот қилиб кетадиганлар ҳам, билганидан кейин ҳеч нарсани билмай қоладиган даражада ночор умрга етадиганлар ҳам бор. Ва ерни қақраган ҳолда кўрарсан. Қачонки, Биз унга сув туширсак, у сесканадир ва кўпчийдир. Ҳамда ҳар хил гўзал жуфтларни ўстирадир.Alauddin Mansour: Ey insonlar, agar sizlar qayta tirilishdan shubhada boʻlsangizlar, u holda (qaranglar), Biz sizlarga (Allohning qudratini) bayon qilish uchun sizlar (yaʼni, otangiz Odamni) tuproqdan, soʻngra (barcha jonzotni avvalo) nutfa-maniydan, soʻngra laxta qondan, soʻngra yaralib bitgan-bitmagan (yaʼni, inson suratida shakllanib bitgan yoki bitmagan) parcha goʻshtdan yaratdik. Biz (sizlarni) Oʻzimiz xohlaganimizcha — muayyan muddatgacha (onalaringiz) qornida qoldirib, soʻngra chaqaloq holingizda (yorugʻ olamga) chiqarurmiz, soʻngra voyaga yetgunlaringizgacha (ham Oʻzimiz tarbiya qilurmiz). Sizlardan (goʻdaklik, yoshlik yillaridayoq) vafot topadigan kishilar ham boʻlur, yana sizlardan (koʻp narsa-bilimlarni oʻrganib) bilganidan soʻng hech narsani bilmay qolishi uchun eng tuban umrga (yaʼni, qarib munkillab qolishga) qaytariladigan kishilar ham boʻlur. (Qayta tirilish haq ekanligining yana bir dalili ushbudir) — siz(lar) bu Yerni quruq-oʻlik holida koʻrursiz. Endi qachonki Biz uning ustidan suv-yomgʻir yogʻdirsak, u harakatga kelib koʻpchir va turli-tuman goʻzal (nabotot) juftlarini undirur.Эй инсонлар, агар сизлар қайта тирилишдан шубҳада бўлсангизлар, у ҳолда (қаранглар), Биз сизларга (Аллоҳнинг қудратини) баён қилиш учун сизлар (яъни, отангиз Одамни) тупроқдан, сўнгра (барча жонзотни аввало) нутфа-манийдан, сўнгра лахта қондан, сўнгра яралиб битган-битмаган (яъни, инсон суратида шаклланиб битган ёки битмаган) парча гўштдан яратдик. Биз (сизларни) Ўзимиз хоҳлаганимизча — муайян муддатгача (оналарингиз) қорнида қолдириб, сўнгра чақалоқ ҳолингизда (ёруғ оламга) чиқарурмиз, сўнгра вояга етгунларингизгача (ҳам Ўзимиз тарбия қилурмиз). Сизлардан (гўдаклик, ёшлик йилларидаёқ) вафот топадиган кишилар ҳам бўлур, яна сизлардан (кўп нарса-билимларни ўрганиб) билганидан сўнг ҳеч нарсани билмай қолиши учун энг тубан умрга (яъни, қариб мункиллаб қолишга) қайтариладиган кишилар ҳам бўлур. (Қайта тирилиш ҳақ эканлигининг яна бир далили ушбудир) — сиз(лар) бу Ерни қуруқ-ўлик ҳолида кўрурсиз. Энди қачонки Биз унинг устидан сув-ёмғир ёғдирсак, у ҳаракатга келиб кўпчир ва турли-туман гўзал (наботот) жуфтларини ундирур.
Odamning tabiati qiziq. Bilmay turib, oʻzini yaratgan Xoliq haqida, Uning mavjudligi, bitta yoki bir nechta ekani, qudrati va boshqa sifatlari haqida tortishaveradi. Ammo, oʻzining qanday paydo boʻlganini oʻylab koʻrmaydi.
Qayta tirilish, savol-javob, hisob-kitob, jazo-mukofot haqida gap ketsa, oʻylamay-netmay, darhol shubha qilishga tushadi. Bu haqiqatni atroflicha tafakkur etmasdan turib, inkor etadi. Allohga iymon keltirmagani, oxiratdan umidi yoʻqligi uchun, oʻlgandan keyin qayta tirilishni inkor qiladi. Agar qayta tirilish haq boʻlsa, oʻzining holi voy boʻlishini bilgani uchun ham unga kofirlik qiladi. Ammo xolisona oʻylab koʻrsa, bunday qilmagan boʻlar edi. Oʻzining asliga bir qarab koʻrsa, qayta tirilish hech gap emasligini tushunib yetardi.
Bu oyatda mazkur masala batafsil muolaja qilinmoqda. Alloh subhanahu va taolo bandalariga xitob qilib:
«Ey, odamlar! Agar qayta tirilish haqida shubha qiladigan boʻlsangiz», bilib qoʻyingki,
«Biz… sizlarni tuproqdan...» yaratdik, demoqda.
Sizning otangiz Odamni tuproqdan yaratganmiz. Insonni quruq tuproqdan yaratgan Zot oʻlgan odamni qayta tiriltira olmaydimi?! Insonni yoʻqdan bor qilgan va unga jon bergan Zot endi uni oʻlimdan soʻng tiriltirib, oʻzi olgan jonni qayta kirita olmaydimi?!
«...soʻngra nutfadan...» yaratdik.
Inson yoʻq edi. U otasining nutfa-spermasidan dunyoga keldi. Bu maniyda minglab urugʻlar boʻladi. Ulardan faqat bittasigina onaning tuxumiga urchiydi. Boshqalari behuda yoʻq boʻlib ketadi. Oddiy, koʻzga koʻrinmas ushbu zarrachalar bilan barkamol inson orasida qancha farq bor?! Ana shu zarradan odam yaratgan Xoliq Alloh oʻlgan odamni qayta tiriltira olmaydimi?!
«...soʻngra alaqadan...»
Arab tilida «alaqa» deb, aslida, zulukka aytiladi. Yaqingacha «alaqa»ni «qotgan laxta qon» deb aytib kelingan. Ammo, ilm rivojlanib, bachadondagi homilaning turli jarayonlarini suvratga olish imkoni tugʻildi. Shunda Qurʼoni Karimda «alaqa» deb nomlangan bosqichdagi homila bachadonga zulukdek yopishib turishi maʼlum boʻldi. Alaqaning suvrati haqiqiy zuluk bilan solishtirilsa, ularni farqlab boʻlmaydi. Homilani oʻrganishda dunyoda yetakchi hisoblangan amerikalik va kanadalik olimlar bu hol bilan qiziqib, Qurʼoni Karimda homila haqida kelgan oyatlarni oʻrganib chiqdilar. Va homila xususidagi eng toʻgʻri ilm Qurʼon ilmi ekanini taʼkidladilar, uni ilohiy kitob deb tan oldilar.
Xoʻsh, oʻsha zulukka oʻxshash qotgan laxta qon bilan inson orasida qancha farq bor? Mazkur qonni biror kishiga koʻrsatib, kelajakda mana shu senga oʻxshagan odam boʻladi, desa, kim ishonadi? Lekin Alloh taolo shuni qiladi. Ana oʻsha ishni qilib, bir parcha alaqa qondan odam yaratgan Alloh oʻlgan odamni qayta tiriltira olmaydimi?!
«...soʻngra bitgan-bitmagan bir chaynam goʻshtdan...»
Homila rivojlanib, laxta qon shaklidan bir parcha chaynalgan goʻsht holiga oʻtadi. Ana oʻshanda unga shakl kiradi. Shakl kirsa, bitgan boʻladi. Shakl kirmasa, bitmagan boʻladi, bachadondan tushib ketadi. Hech kim uni eslamaydi ham. Endi, oʻsha bir parcha chaynalgan goʻshtga oʻxshash narsa bilan inson orasida qancha farq borligini bir oʻylab koʻraylik? Oʻsha goʻshtdan inson yaratgan Alloh oʻlgan odamni qayta tiriltira olmaydimi?!
«Sizga bayon qilishimiz uchun yaratdik.»
Yaʼni, sizga qudratimiz qanchalik ekanini bayon qilish uchun sizni yaratdik.
«Va bachadonlarda xohlagan narsamizni maʼlum muddatgacha qaror toptirarmiz.»
Yuqorida vasf qilingan bosqichlar oʻtganidan keyin Alloh taolo xohlaganini onaning bachadonida maʼlum muddatgacha, tugʻilish vaqti kelgunicha qoldiradi. Xohlaganini tushirib yuboradi. Demak, homila nutfa, alaqa va muzgʻa bosqichlaridan oʻtganidan keyin ham hali odam boʻlishi-boʻlmasligi aniq emas. Ana oʻsha bosqichlardan oʻtkazgan Alloh uning bola boʻlishini xohlasa, ona bachadonida qoldiradi. Xohlamasa, tushirib yuboradi. Ana shularga qodir Zot oʻlgan odamni qayta tiriltira olmaydimi?!
«Keyin sizlarni buvak holingizda chiqararmiz.»
Yaʼni, onangizning qornidan chaqaloq holingizda chiqaramiz.
Tugʻish nima ekanini uni boshidan oʻtkazib koʻrganlar biladi. Allohning inoyati boʻlmasa, chaqaloqning ona qornidan ajralishi oʻzicha roʻy beravermaydi. Shunday qiyin, murakkab jarayonni joriy etgan Alloh oʻlgan odamni qayta tiriltira olmaydimi?!
«Soʻngra voyaga yetishingiz uchun (tarbiya qilarmiz).»
Yangi tugʻilgan goʻdak qanchalar ojiz ekanini hamma biladi. Faqat Allohning inoyatigina uni bu dunyoda ushlab qoladi. Hech bir jonzotning bolasi odam bolasidek ojiz boʻlmaydi. Boshqa jonzotlar onasidan tugʻilganidan keyin bir oz oʻtib, harakatga tushib, kunini koʻrib ketaveradi. Ammo odam bolasi uzoq muddatli tarbiya va inoyatga muhtoj. Yangi tugʻilgan goʻdak bilan voyaga yetgan inson orasida katta farq bor. Bu ishni ham Alloh taolo qiladi. Ana shunday ishga qodir Alloh oʻlgan odamni qayta tiriltira olmaydimi?!
«Sizdan vafot qilib ketadiganlar ham, bilganidan keyin hech narsani bilmay qoladigan darajada nochor umrga yetadiganlar ham bor.»
Yaʼni, chaqaloqlik davrida, undan keyingi davrlarda voyaga yetmay oʻlib ketadiganlar ham bor. Qarib, munkillab, hamma narsani unutib qoʻyadigan yoshga yetadiganlar ham bor. Agar odam bolasining oʻziga qolsa, hech oʻlmas edi. Ammo bu ish uning qoʻlida emas. Boshqa biror zotning qoʻlida ham emas. Faqat har bir narsaga qodir Alloh taoloning qoʻlida. U zot kimga umr bersa, yashaydi, bermasa, oʻladi. Ana shu narsaga qodir Zot oʻlgan odamni qayta tiriltira olmaydimi?!
Oyatning oxirida Alloh taolo oʻlganlarni tiriltira olishining isbotiga boshqa bir misol ham keltiradi.
«Va yerni qaqragan holda koʻrarsan.»
Qurib, qaqrab yotgan yer. Xuddi oʻlikka oʻxshaydi. Unda hayotdan asar yoʻq.
«Qachonki, Biz unga suv tushirsak, u seskanadir va koʻpchiydir.»
Yerga suv tushganida, unda jonlanish seziladi. Hayot alomatlari paydo boʻladi.
«Hamda har xil goʻzal juftlarni oʻstiradir.»
Suv tushmasidan oldin birorta oʻsimlikning hidi ham yoʻq edi. Ammo suv tushgach, turli-tuman goʻzal oʻsimliklar unib chiqdi.
Oʻlib, chirib, tuproqqa qoʻshilib ketganlar ham hozircha asarsiz yoʻq boʻlib ketganga oʻxshaydi. Ammo vaqt-soati kelib, Alloh taolo qaqrab yotgan yerdan hayot undirganidek, bir amr bilan hammalarini qabrlaridan chiqarib oladi.