وَلَا يَأْتَلِ أُو۟لُوا۟ ٱلْفَضْلِ مِنكُمْ وَٱلسَّعَةِ أَن يُؤْتُوٓا۟ أُو۟لِى ٱلْقُرْبَىٰ وَٱلْمَسَـٰكِينَ وَٱلْمُهَـٰجِرِينَ فِى سَبِيلِ ٱللَّهِ ۖ وَلْيَعْفُوا۟ وَلْيَصْفَحُوٓا۟ ۗ أَلَا تُحِبُّونَ أَن يَغْفِرَ ٱللَّهُ لَكُمْ ۗ وَٱللَّهُ غَفُورٌ رَّحِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sizlardan fazl va boylik egasi bo`lganlar qarindoshlarga, miskinlarga va Allohning yo`lida muhojir bo`lganlarga (nafaqa) bermaslikka qasam ichmasinlar, bas, afv etsinlar, o`tib yuborsinlar. Alloh sizlarni mag`firat qilishini xush ko`rmaysizlarmi?! Alloh o`ta mag`firatli, o`ta rahimli Zotdir.Сизлардан фазл ва бойлик эгаси бўлганлар қариндошларга, мискинларга ва Аллоҳнинг йўлида муҳожир бўлганларга (нафақа) бермасликка қасам ичмасинлар, бас, афв этсинлар, ўтиб юборсинлар. Аллоҳ сизларни мағфират қилишини хуш кўрмайсизларми?! Аллоҳ ўта мағфиратли, ўта раҳимли Зотдир.Alauddin Mansour: Sizlardan fazl va keng-katta mol-davlat egalari qarindoshlarga, miskinlarga va muhojirlarga Alloh yoʻlida infoq-ehson qilmaslikka qasam ichmasin, balki ularni afv qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni magʻfirat qilishini istamaysizlarmi?! Alloh magʻfiratli, mehribondir.Сизлардан фазл ва кенг-катта мол-давлат эгалари қариндошларга, мискинларга ва муҳожирларга Аллоҳ йўлида инфоқ-эҳсон қилмасликка қасам ичмасин, балки уларни афв қилиб, кечирсинлар! Аллоҳ сизларни мағфират қилишини истамайсизларми?! Аллоҳ мағфиратли, меҳрибондир.
Abu Bakr roziyallohu anhu darhol: «Ha! Allohga qasamki, albatta, Alloh meni magʻfirat qilishini xush koʻraman», dedilar va Mistohga berib yurgan nafaqalarini qaytadan joriy qildilar. Soʻngra: «Allohga qasamki, bu nafaqani undan hech uzmayman», dedilar».
Oisha roziyallohu anho yana bularni aytadilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening ishim haqida Zaynab binti Jahshdan ham soʻragan ekanlar. Ul zot:
«Ey Zaynab, nima bilgansan, nima koʻrgansan?»–deb soʻrabdilar. Zaynab:
«Ey, Allohning Rasuli, uning haqida faqat yaxshilikni bilaman», debdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayollari ichida faqat ugina men bilan shuhrat talashar edi. Ammo taqvodorligi tufayli Alloh taolo uni saqladi. Ammo singlisi Hamna ifk egalari bilan birga halok boʻldi».
Tarixda «Ifk hodisasi» nomi ila mashhur boʻlgan hodisaning tafsiloti mana shulardan iborat. Bu hodisadan dunyo larzaga tushgan. Ifk– gapni boshqa tomonga burish, igʻvo, boʻhton, tuhmat uydirish ana shunday yomon narsa. Munofiqlarning toʻqigan ifki tufayli nimalar boʻlmaydi deysiz! Ifk har qanday shaxsni ham, har qanday jamiyatni ham katta tashvishga soladi. Ifk katta-kichikni ajratib oʻtirmaydi, kimga nisbatan uyushtirilsa, oʻshani tashvishga soladi. Xayolini parishon qiladi. Dunyodagi eng pok ayollardan biri, eng vafoli yostiqdoshlardan bittasi, moʻminlarning onasi, Sarvari Olamning suyukli jufti halollari, Siddiqning qizi siddiqa Oisha onamiz ifkka uchrab, gap- soʻz boʻldilar, oʻzlarining pokliklarini ochiq-ravshan bilib turganlariga qaramay, bu boʻhtondan yurak-bagʻrilari tilka-pora boʻldi. Ikki kechayu bir kunduz tinmay yigʻladilar, agar Rasuli Akram kelib, gap boshlamasalar, Alloh biladi, yana qancha yigʻlar edilar.
Bu ifk Abu Bakr Siddiqdek sahobiyni, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning eng yaqin doʻstlarini ham parishon qildi. Jigargoʻshalari Oisha onamiz yigʻlab kelganlarida nima qilishni bilmay qoldilar. Holbuki, u kishi hammaga maslahat berib, yoʻl-yoʻriq koʻrsatib yurgan odam edilar. Oisha onamiz u kishiga murojaat qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplariga javob berishni soʻraganlarida, nima deyishimni bilmayman, dedilar.
Ha, ifk–igʻvo, boʻhton, tuhmat ana shunday yomon narsa, har qanday odamni nima deyishini bilmaydigan holga solib qoʻyadi.
Abu Bakr Siddiqning jufti halollari, Oisha onamizning volidai mehribonlari Ummu Rummonning holatiga qarang! Dard, alamda yonayotgan jigargoʻshasini ovutish uchun nima deyishini bilmay, kundoshi koʻp xotin shunday boʻladi, dedilar. Holbuki, kundoshlar Oisha onamizning pokliklariga Allohning nomi bilan qasam ichib, guvohlik bermoqdalar. Qizini himoya qilishga shunchalik urinayotgan odam qizlari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplariga javob qaytaring, desalar, nima deyishimni bilmayman, deganini qarang!
Ifk–igʻvo, tuhmat, boʻhtonga uchragan ikkinchi tarafni–Safvon ibn al-Muʼattalni olaylik. Allohning yoʻlida jihod bilan umrini oʻtkazgan, Rasuli Akramning eng ixlosli, fidoyi sahobalaridan biri. Ana oʻshanday toza, pok, taqvodor odam oʻzining Paygʻambari, yoʻlboshchisi, ustozi, shafoatchisi Muhammad sollallohu alayhi vasallamning suyukli xotinlari bilan zino qilganlikda tuhmatga uchrab tursa!.. Umrida ayol kishining yelkasiga qoʻl tekkizmagan odam shunday katta boʻhtonga duchor boʻlsa!.. Shuning uchun ham, chiday olmay, ifkka qoʻshilganlardan biri Hasson ibn Sobit roziyallohu anhuning boshiga qilich bilan urib, oʻldirib qoʻyishiga sal qolgan.
Hazrati Ali ibn Abu Tolibni, Usoma ibn Zaydni, Ummu Mistohni, Oisha onamizning yonlariga kirib qoʻshilib yigʻlagan ansoriy ayolni, Bariyrani, Zaynab binti Jahsh onamizni va boshqalarni qarang. Qanchalik tashvish, qanchalik kuyunish. Ha, Oisha onamizga qarshi uydirilgan ifk butun bir ummatni tengsiz tashvishga solgan edi.
Tashvish chekayotgan ummatning boshida uning Paygʻambari Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam turar edilar. Chunki, bu ifk aslida Oishai Siddiqaga emas, Safvon roziyallohu anhuga ham emas, Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, Sarvari Olamga, Rohmatan lil Olamiynga, Sayyidul Mursaliynga, Xotamun nabiyyinga... qarshi qaratilgan edi. Islom dushmanlari u zot sollallohu alayhi vasallamning oilalari orqali shaxslarini yomonotliq qilib, Islom dinini qoralamoqchi, unga futur yetkazmoqchi boʻldilar. U zoti bobarakot sollallohu alayhi vasallam nihoyatda qiyin bir holga tushdilar. Gap hammayoqqa yoyilib ketgan. Uni rad qilish uchun juda ham kuchli dalil kerak. Lekin qani oʻsha dalil? Buning ustiga, baʼzi musulmonlar, hatto Hasson ibn Sobit, Mistoh ibn Asosa kabi koʻzga koʻringan odamlar ham ifkka qoʻshilib borishmoqda. Alloh taolo tomonidan olamlarga rahmat qilib yuborilgan zot boʻhtonga uchrab, nima qilishlarini bilmay turibdilar. Hali Usoma ibn Zayddan, hali Ali ibn Abu Tolibdan, hali Bariyra ismli asli choʻri boʻlgan ayoldan, hali xotinlari Zaynab binti Jahshdan maslahat soʻramoqdalar. Masjidda minbardan turib, odamlardan oʻz ahllarida uchragan musiybatda yordam soʻramoqdalar. Qaynatalari, qaynanalari huzurlarida eng suyukli xotinlari Oisha onamizga, rostini ayt, gunohing boʻlsa, tavba qil, Alloh tavba qilganni kechiradi, deb turibdilar. Boshqa vaqtda kelib turgan vahiy ham, mana, bir oy boʻlibdiki, tushmay qoʻydi.
Ammo bu narsalar hammasi insoniy oʻlchovlar ichidagi holatlardir. Bu ishlarning hech biri hikmatdan xoli emas edi. Faqat, hodisa shu qadar kutilmagan va shu qadar tahlikali va shu qadar olamshumul ediki, hamma oʻzini yoʻqotib qoʻydi.
Nihoyat, barcha ishni hikmat ila qiladigan Alloh taoloning Oʻzi aralashib, hammasini oʻz joyiga keltirdi. Yuqorida zikr etilgan oʻn oyatda Oisha onamizni oqladi. Hamma, hatto Oisha onamizning oʻzlari ham, menga oqlov tushdi, dedilar. Lekin oyatlarda Oisha onamizning ismlari ham, sifatlari ham yoki birorta belgi ham zikr qilinmagan. Faqat, shunga oʻxshash holatlarda qanday yoʻl tutish kerakligi haqida umumiy qoidalar bayon qilinmoqda. Chunki gap, avval aytilganidek, Oisha onamizning shaxslari ustida emas, Islom bilan Islom dushmanlari orasidagi kurash haqida ketmoqda.
Keling, ushbu oyatlarni batafsilroq oʻrganib chiqaylik, bu narsa yana ham oydinlashadi.
«Albatta, ifkni keltirganlar oʻzingizdan boʻlgan bir usba (toʻda)dir. Uni oʻzingizga yomonlik deb hisoblamang. Aksincha, u siz uchun yaxshilikdir. Ulardan har bir kishi uchun oʻzi qilgan kasbning gunohi bordir. Ulardan (gunohning) kattasini koʻtargan kimsaga buyuk azob bordir.»
Avval ham taʼkidlab aytilganidek, gapni boshqa yoqqa burib, uni haqiqatdan chetga surish, yolgʻon, igʻvo, boʻhton va tuhmat uydirishga «ifk» deyiladi. Alloh taolo ushbu oyati karimada moʻminlar jamoasiga xitob etib, oʻsha oʻzlariga cheksiz ozor yetkazayotgan ifkni uydirganlar ularning oʻzlaridan chiqqan bir usba–toʻda odamlar ekanini maʼlum qilmoqda. (Arab tilida adadi oʻntadan qirqtagacha boʻlgan odamlar toʻdasi «usba» deyiladi.)
«Albatta, ifkni keltirganlar oʻzingizdan boʻlgan bir usba (toʻda)dir.»
Demak, moʻminlar ifkdan azob chekib, qiynalib yuribdilar-u, ammo uni keltirib chiqarganlar oʻzlarining odamlari. Mana shu achchiq haqiqatga eʼtibor berish kerak.
Nima uchun ifk moʻminlarning oʻz ichlaridan chiqdi? Bu achchiq savol oʻshandan buyon asrlar davomida qayta-qayta yuzaga chiqmoqda. Moʻminlar buni alohida eʼtibor bilan oʻylab, muolaja qilishlari kerak.
«Uni oʻzingizga yomonlik deb hisoblamang.»
Sirtdan qaraganda, ifk moʻminlar uchun, ularning Paygʻambarlari sollallohu alayhi vasallam uchun, u zotning ahli-oilasi uchun, dinu diyonat uchun munofiqlar tomonidan uydirilgan bir yomonlikdir. Shuning uchun ham, hammalari xafa boʻldilar, iztirob chekdilar, tashvishga tushdilar. Ammo Alloh taolo:
«Aksincha, u siz uchun yaxshilikdir», demoqda.
Munofiqlar ushbu ifkni toʻqish bilan baribir maqsadlariga yetolmadilar. Ular musulmonlarga, ularning dinlariga, Paygʻambarlari shaxsiga, axloq-odoblariga zarar yetkazish orqali ularning quvvatini ketkazmoqchi edilar. Aksincha, ifk hodisasi tufayli musulmonlar yaxshiliklarga erishib, munofiqlar sharmanda boʻldilar.
Mazkur ogʻir damlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oʻzlarida, u zotning ahli baytlari va ashoblarida sabr-matonat, qalbning pokligi, adolat, oʻzaro hamkorlik, tartib-intizomning oliy namunalari namoyon boʻldi. Ularning yuksak axloqiy sifatlari yana bir bor sinovdan oʻtdi. Haqiqiy moʻminlardan faqat uch kishigina bu igʻvoga qoʻshilib qoldilar: Hasson ibn Sobit, Mistoh ibn Asosa va Hamna binti Jahsh (Alloh ulardan rozi boʻlsin). Bu uch kishiga boʻlgan munosabatlarda ham musulmonlarning fazilatlari namoyon boʻldi. Qarindoshi Mistohga nafaqa berib turgan Abu Bakr Siddiq ifkdan keyin undan nafaqani uzishni iroda qilgan edilar, bu ishga Allohning Oʻzi aralashdi, nafaqani uzmaslik, balki yurakni keng qilib, aybdorni afv etish lozimligini bayon etdi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu darhol bu amrga bosh egib, Mistohni afv qildilar, nafaqa berishni davom ettirdilar. Avvallari birov orqali yuboradigan boʻlsalar, endi oʻzlari olib borib beradigan boʻldilar. Oisha onamiz boʻlsalar, Hasson ibn Sobit roziyallohu anhuni oʻta hurmat qiladigan boʻldilar. U kishiga doimo yaxshilik qilar, tavozuʼ ila muomalada boʻlar, huzurlariga kirsalar, yostiq qoʻyib berar edilar. Baʼzi kishilar, axir, bu odam sizga qarshi ifkka qoʻshilgan edi-ku, deganlarida, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni himoya qilgan edi, deb javob berganlar. Oisha onamiz yana bir marta: «Men Hassonning sheʼridan yaxshiroq sheʼr eshitmadim, qachon uning sheʼridan misol keltirsam, unga jannatdan joy berilishini soʻrayman», deganlar.
Bu darajadagi yuksak islomiy axloqlarning namoyon boʻlishiga ham ifk hodisasi sabab boʻldi.
Ulamolarimiz musulmonlar ommasining qalblari naqadar pok ekanligiga namuna sifatida ifk voqeasi roʻy berganda Abu Ayyub al-Ansoriy va u kishining xotinlari (roziyallohu anhumo) orasida boʻlib oʻtgan quyidagi suhbatni keltiradilar.
Abu Ayyub al-Ansoriy Ummu Ayyubga:
«Oisha haqida nima deyilayotganini koʻryapsanmi?»–deb soʻrabdilar. Shunda Ummu Ayyub roziyallohu anho:
«Agar sen Safvonning oʻrnida boʻlganingda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hurmatlari haqida yomon gumon qilgan boʻlarmiding?»–debdi. Abu Ayyub al-Ansoriy roziyallohu anhu:
«Yoʻq!»–deb javob qaytaribdilar. Shunda Ummu Ayyub roziyallohu anho:
«Oishaning oʻrnida boʻlganimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga men ham xiyonat qilmas edim. Bas, Oisha mendan yaxshi, Safvon sendan yaxshi», debdilar.
Shu bilan birga, ushbu hodisa tufayli musulmonlarning ijtimoiy hayotlarida kelajakda roʻy berajak koʻplab noqulayliklarni bartaraf etadigan qonun-qoidalar joriy qilindi.
Ushbu hodisaning boshqa bir hikmati shuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gʻaybni bilmasliklari, Alloh taolo nimaga buyursa, shuni ado etishlari yana bir bor tasdiqlandi.
«Ulardan har bir kishi uchun oʻzi qilgan kasbning gunohi bordir.»
Yaʼni, ifkda qatnashgan har bir kishining kasb qilgan amali, boʻhtoniga yarasha gunohi bordir. Demak, ular jazosiz qolmaydilar.
«Ulardan (gunohning) kattasini koʻtargan kimsaga buyuk azob bordir.»
Yaʼni, bu gunoh ishning kattasini oʻziga olib, ifkka bosh boʻlgan odamga–Abdulloh ibn Ubay ibn Salulga buyuk azob bordir.
U, albatta, qiyomat kuni bu azobga duchor boʻladi.
«U(ifk)ni eshitgan vaqtingizda moʻminlar va moʻminalar oʻzlari haqida yaxshi gumonga borib: «Bu ochiq-oydin ifk-ku!» desalar boʻlmasmidi?!»
Ushbu oyatda musulmonlar ommasining ifk hodisasi voqe boʻlganda oʻzlarini salbiy tutganlari tanqid qilinmoqda. Gap tarqab, boʻhton avj olib boraverdi, musulmonlar buning uydirma ekanini bilib turib, inkor etmadilar, igʻvogarlarning ogʻziga urmadilar, ularni tinchitib qoʻymadilar. Ular boʻhtonni kuchaytiraverdilar, bular jimgina yuraverdilar. Aslida esa, ifkni eshitgan vaqtda moʻminlar va moʻminalar yaxshi gumon qilishlari kerak edi. Yaʼni, ular oʻzlarini tuhmatga qolganlar oʻrniga qoʻyib koʻrishlari, yoʻq, bu ish boʻlishi mumkin emas, men ularning oʻrnida boʻlsam, bunday qilmas edim, deyishlari kerak edi. Ular dindoshlari haqida yaxshi gumon qilib, tuhmatga ishonmay, bu yolgʻon gap, musulmon odam bunday qilmaydi, deyishlari kerak edi. Moʻminlar ommasi ifkni eshitgan vaqtda:
«Bu ochiq-oydin ifk-ku!» desalar boʻlmasmidi?!»
Ifkchilarning yuziga shu gapni aytishlari kerak edi!
Shu yoʻl bilan dinlarini, Paygʻambarlarini, u zot sollallohu alayhi vasallamning ahllarini himoya qilishlari kerak edi.
«U(ifkchi)lar oʻsha(ifk)ga toʻrtta guvoh keltirsalar boʻlmasmidi?! Bas, guvohlarni keltira olmagan chogʻda ana oʻshalar oʻzlari Allohning huzurida yolgʻonchidirlar.»
Bu oyati karimada ifk hodisasi roʻy berganda musulmonlar ommasi tomonidan yoʻl qoʻyilgan katta bir nuqson koʻrsatilmoqda. Abdulloh ibn Ubay boshchiligidagi munofiqlar tomonidan Oisha onamizga ifk uyushtirilganda, ulardan guvoh keltirishlarini talab qilmadilar, ushbu jumlada moʻminlar tomonidan yoʻl qoʻyilgan ana shu xato eslatilmoqda.
Oʻshanda munchoqlarini izlash bilan ovora boʻlib askardan qolib ketgan Oisha onamizni tuyasiga mindirib yetkazib kelgan Safvon ibn al-Muʼattal roziyallohu anhu tuyani yetaklab, odamlar oldidan oʻtdi. Ularning orasida Abdulloh ibn Ubay ham bor edi. Abdulloh ibn Ubay:
«Bu ayol kim?!»–deb soʻradi. Odamlar:
«Oisha», deyishdi. U:
«Allohga qasamki, buni u tek qoʻymagan, u ham buni tek qoʻymagan. Mana, Paygʻambaringizning ayoli tunni birov bilan oʻtkazibdi. Endi boʻlsa, u erkak tuyasini yetaklab kelmoqda», dedi. Shundan ifk boshlandi. Gap koʻpaydi. Lekin hech kim, na Abdulloh ibn Ubaydan va na unga qoʻshilganlardan: «Qilayotgan bu tuhmatingga guvohing bormi? Bu gapni qayerdan olib gapiryapsan?» demadi.
Aslida esa, birovni zinoda ayblayotgan odam bu ishning boʻlayotganini koʻrgan toʻrtta guvoh keltirishi kerak edi.
«Bas, guvohlarni keltira olmagan chogʻda ana oʻshalar oʻzlari Allohning huzurida yolgʻonchidirlar.»
Yolgʻonchilarning ogʻziga urib, dinlari, Paygʻambarlari va u zot sollallohu alayhi vasallamning ahllarini himoya qilmaganlari musulmonlardan sodir etilgan xato edi. Chunki, bunday paytda, yaʼni, jufti halollari tuhmatga uchrab turganida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oʻzlari himoya qilsalar, gap yana ham koʻpayishi mumkin edi. Boʻlib oʻtgan hodisa juda achchiq edi. Moʻminlarning beparvoligi bilan, baʼzilarining esa, boʻhtonga bevosita qoʻshilishlari bilan ogʻir vaziyat vujudga keldi. Quyidagi oyatda Alloh taolo shuni moʻminlarga eslatib:
«Agar dunyoyu oxiratda sizlarga Allohning fazli, marhamati boʻlmaganida, oʻzingiz ichiga shoʻngʻigan narsa uchun sizni, albatta, buyuk azob tutar edi», demoqda.
Ifkka qoʻshilib, musulmonlar katta bir azobga loyiq ish qilgan edilar. Bu azobni Alloh taolo ularga bu dunyoda ham, oxiratda ham berishi mumkin edi. Lekin Alloh taolo ularni ham bu dunyoda, ham oxiratda azoblamaslikka vaʼda berib, katta fazlu marhamat koʻrsatdi.
Keyingi oyatda oʻsha holatning qanday yuzaga kelgani vasf qilinadi:
«Oʻshanda siz u(ifk)ni tillaringiz ila ilib olar, ogʻzingiz ila oʻzingiz bilmagan narsani gapirar edingiz va u(ifk)ni oʻzingizcha yengil sanardingiz. Holbuki, u Allohning nazdida buyukdir».
Ushbu Qurʼoniy vasf oldida barcha soʻz ustalari tiz choʻkib taʼzim qilsalar arziydi. Boʻlib oʻtgan hodisani qisqa iboralar bilan, eng kerakli soʻzlarni ishlatib qilingan bu bayonda olam-olam maʼno bor.
«Oʻshanda...» yaʼni, munofiqlar tomonidan ifk tarqatilganda.
«...siz u(ifk)ni tillaringiz ila ilib olar...» edingiz.
Yaʼni, ifk masalasida faqat tilingizni ishlatardingiz. Aqlingizni ishlatib, tadabbur qilmas edingiz. Ifkni tillaringiz bilan ilib olardingiz. Yaʼni, juda tezlik bilan qabul qilar edingiz.
«...ogʻzingiz ila oʻzingiz bilmagan narsani gapirar edingiz...»
Gap oʻzi aslida ogʻizda gapirilishiga qaramay, yana «ogʻzingiz ila» deyishlik ham gapning mohiyatiga ahamiyat bermay, ogʻziga kelganini gapiraverishga ishoradir. Odamlar, ayniqsa, ifk hodisasiga oʻxshash holatlarda oʻylamay-netmay, tillariga erk berib, ogʻizlariga kelganini gapiraverishni odat qilib oladilar. Eʼtibor bermay gapiraveradilar-u, ammo gaplari olamni larzaga solayotganidan bexabar boʻladilar.
Shuning uchun ham, Alloh taolo oyatning davomida:
«...va u(ifk)ni oʻzingizcha yengil sanardingiz. Holbuki, u Allohning nazdida buyukdir», demoqda.
Yaʼni, siz tilingiz ila ilib olib, ilmingiz, ishonchli dalilingiz boʻlmay turib, ogʻzingiz ila gapirgan gapingiz–ifk Allohning oʻlchovida juda ogʻir gunoh edi. Shuning uchun ham, ifkni eshitgan chogʻingizda oʻzingizni boshqacha tutmogʻingiz lozim edi.
«Uni eshitgan chogʻingizda: «Bizga buni gapirmogʻimiz toʻgʻri kelmas. Oʻzing poksan! Bu katta boʻhtondir!» desangiz boʻlmasmidi?!»
Bunday paytda har bir moʻmindan tutish talab qilinadigan yoʻl shu. Moʻmin-musulmonlarga qarshi toʻqilgan mish-mish, ifku boʻhtonni eshitib, unga qoʻshilish yoki indamay qarab turish mutlaqo toʻgʻri kelmaydi. Har bir moʻmin darhol:
«Bizga buni gapirmogʻimiz toʻgʻri kelmas», deyishi lozim. Biz moʻmin-musulmonmiz, igʻvo, boʻhton va tuhmat gaplarni gapirishni dinimiz harom qilgan, deyishi kerak.
«Oʻzing poksan! Bu katta boʻhtondir!» desangiz boʻlmasmidi?! Bizni ham bu ifkka oʻxshash gunohlardan pok qilgin, desangiz boʻlmasmidi?! Ana oʻshanda juda yaxshi ish qilgan boʻlar edingiz. Siz boʻlsa, bunday qilmadingiz. Moʻminlik bunaqa emas!
«Agar moʻmin boʻlsangiz, hargiz u(ifk)ga oʻxshash narsaga qaytmasligingizni Alloh sizga vaʼz-nasihat qilur.»
Boʻlar ish boʻlib oʻtdi. Ammo endi bunga oʻxshash ishni hech takrorlamang. Allohning sizga vaʼz-nasihat qilib aytadigan gapi shu.
Bu muhim gapning «Agar moʻmin boʻlsangiz...» degan shartdan keyin aytilishi ham muayyan hikmatga ega.
Shunday qilib:
«Alloh sizga oyatlarni bayon qilur».
Mana, sizga «Ifk hodisasi» haqidagi siru asrorlarni ham bayon qilib berdi. Chunki:
«...Alloh oʻta bilguvchi, oʻta hikmatli zotdir».
U zot har bir narsani bilib turadi, har bir ishni hikmat bilan qiladi.
Keyingi oyatlarda ifk hodisasiga taalluqli baʼzi bir hukmlar va ulardan olinadigan ibratlar hamda natijalar haqida soʻz ketadi:
«Albatta, iymon keltirganlar ichida fohisha tarqalishini yaxshi koʻradiganlarga bu dunyoyu oxiratda alamli azob bordir. Alloh biladir, sizlar bilmassizlar».
Kishilar orasida fohisha, uyat, odobsiz gaplarni tarqatish naqadar katta gunoh ekanini ushbu oyatdan bilib olsa boʻladi. Ifk hodisasida mish-mish gap koʻpaydi, zino haqida ham mish-mish tarqatildi. Bu ish oyatda fohishani yoyish bilan barobar qoʻyilmoqda. Hukm umumiy holda aytilmoqda. Demak, fahsh ishlar haqida mish-mish tarqatish oʻsha ishning oʻziga barobar ekan, fohisha gaplarni gapirish, unga taalluqli boshqa vositalarni tarqatish, targʻibot qilish, sababchi boʻlish, hamma-hammasi alamli azobga loyiq ulkan gunoh ekani turgan gap. Islom fohisha ishni man qilar ekan, unga olib boradigan barcha sabablarni ham man etadi. Zino harom, uni qilgan odam gunohkor, u gunohkor jazoga tortilar ekan, demak, zinoga taalluqli, unga olib boradigan hamma vositalar ham man etiladi. Zino, jinsiy aloqa toʻgʻrisida turli gaplarni tarqatish kishilarning odob-axloqini buzadi, oʻsha ishga chorlaydi, jamiyatni odobsizlar, axloqsizlar jamiyatiga aylantiradi. Shuning uchun ham, buzuq gaplarni gapirish man qilinadi. Agar hujjat-dalili boʻlsa, jiddiyatni koʻzlasa, kerakli joyga borib gapirib, guvoh keltirib, zinokorlarni jazolashni yoʻlga qoʻyishda xizmatlarini ado etsin, shunda musulmonlar jamiyatini poklashga hissasini qoʻshgan boʻladi. Ammo, bekordan-bekorga, kishilarda shahvatni qoʻzgʻatadigan, beodob xayollarni uygʻotadigan gaplarni soʻzlamasin, bemaza ishlarni qilmasin. Yoʻqsa, alamli azobga duchor boʻladi.
«Alloh biladir, sizlar bilmassizlar.»
Shuning uchun, gapni choʻzmay, Allohning aytganini darhol bajo keltiring.
«Agar sizlarga Allohning fazli, marhamati boʻlmaganida... Va, albatta, Alloh oʻta shafqatli va rahimli boʻlmaganida...» qilgan qilmishlaringiz uchun azob-uqubatga duchor boʻlishingiz turgan gap edi.
Ifk hodisasida boʻlgani kabi, mish-mishlarga berilib, toʻgʻri kelgan gapni tillar bilan ilib olib, ogʻizlar bilan gapiraverish shaytonning izidan ergashish ekani, unga ergashishning oqibati yomon boʻlishi va yana Allohning fazli bilangina moʻminlarga yaxshilik yetishi kelgusi oyatda bayon qilinadi:
«Ey, iymon keltirganlar! Shaytonning izidan ergashmang. Kim shaytonning izidan ergashsa, bas, albatta, u(shayton) fohisha va munkar(yomon ish)ga buyuradir. Agar sizlarga Allohning fazli va marhamati boʻlmaganida, abadul-abad ichingizdan biror kishi poklana olmas edi. Lekin Alloh Oʻzi xohlagan kishini poklar. Alloh oʻta eshitguvchi, oʻta bilguvchi zotdir».
Ushbu oyati karimada Alloh taolo Oʻzining moʻmin bandalariga ular eng yaxshi koʻrgan xitob bilan murojaat qilmoqda:
«Ey, iymon keltirganlar!»
Moʻminlarga oʻzlarining iymon sifatlari bilan xitob qilinishi juda ham yoqimlidir. Koʻpincha, Alloh taolo moʻminlarni biron qiyin ishga chorlamoqchi boʻlsa, shunday xitob qiladi. Ammo bu oyatda tamoman boshqacha holat. Ularning moʻminliklarini zikr eta turib:
«Shaytonning izidan ergashmang», demoqda.
Yaʼni, ifk hodisasida oʻz tasarrufingiz ila shaytonning izidan ergashdingiz. Moʻmin boʻlib turib, shaytonning izmiga yurish qandoq boʻldi?! Shu gapning oʻzi har bir moʻmin uchun juda ham ogʻir gap. Chunki, moʻmin odamning shaytonning izidan yurishi juda katta musiybat. Moʻmin odamning Rohmanning yoʻlidan yurmasligi juda katta musiybat. Chunki:
«Kim shaytonning izidan ergashsa, bas, albatta, u (shayton) fohisha va munkar(yomon ish)ga buyuradir».
Shaytonning tabiati shu. Shaytonning ichgan qasami shu. Ifk hodisasi ham shuning yorqin misoli. Bu hodisada ham shayton oʻziga ergashganlarni fahshga, munkar ishga buyurdi. Oqibatda, kim unga ergashgan boʻlsa, gunohkor boʻldi.
«Agar sizlarga Allohning fazli va marhamati boʻlmaganida, abadul-abad ichingizdan biror kishi poklana olmas edi.»
Pokiza odamlarni zinoda ayblab, tuhmatning gunohiga botib, shu gunoh bilan bulgʻanib, oxiratga jazoga mustahiq boʻlib borar edi.
«Lekin Alloh Oʻzi xohlagan kishini poklar.»
Alloh taolo poklashga loyiq odamni poklaydi.
Chunki:
«Alloh oʻta eshitguvchi, oʻta bilguvchi zotdir».
Hamma narsani eshitib, hamma narsani bilib turadi. Ana shuning uchun ham, kimni poklashni Oʻzi yaxshi biladi. Alloh taolo Oʻzi bilib, haqiqiy moʻminlarni ifk hodisasi gunohlaridan pokladi. Poklashga sazovor kishilarni pokladi. Musulmonlar jamoasini hidoyatga soldi, ifk hodisasidan oʻzlarini oʻnglab olishga imkon berdi. Ifkka bilmasdan qoʻshilib qolgan haqiqiy moʻminlar–Hasson ibn Sobit, Mistoh ibn Asosa va Hamna binti Jahshlarni (roziyallohu anhum) esa, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam qazf (zinoda ayblash)ning haddini qoim qilish bilan oqladilar. Ularning har biriga sakson darra urildi. Bu esa, oʻz navbatida, ularni poklash edi. Ular uchun bu baxt-saodat edi. Bu hol ularni Alloh taolo poklashga loyiq yaxshi odamlar deb topganidan edi. Chunki, poklashga sazovor emaslarga Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam darra urishni buyurmadilar. Hatto, fitnaning boshi Abdulloh ibn Ubay ibn Salul va uning eng yaqin sherigi Zayd ibn Rifoʼalarga ham darra urdirmadilar. Bu munofiqlar islomiy, gunohdan poklovchi jazoga sazovor odamlar emas edi. Ular oxiratga gunohlarini butun holda koʻtarib borishlari kerak edi.
Alloh taolo moʻmin bandalarini Oʻz fazli-karami ila kechirib, ularni poklaganligi haqidagi xabardan keyin, kelgusi oyatda moʻminlar ham bir-birlarini kechirishlari lozimligi uqtiriladi.
«Sizlardan fazl va boylik egasi boʻlganlar qarindoshlarga, miskinlarga va Allohning yoʻlida muhojir boʻlganlarga (nafaqa) bermaslikka qasam ichmasinlar, bas, afv etsinlar, oʻtib yuborsinlar. Alloh sizlarni magʻfirat qilishini xush koʻrmaysizlarmi?! Alloh oʻta magʻfiratli, oʻta rahimli zotdir.»
Avval aytib oʻtilganidek, yuqoridagi oyatlarda Oisha onamizning pokliklari sobit boʻlganidan keyin, Hazrati Abu Bakr qarindoshlaridan biriga–faqir, Badr urushi ishtirokchisi, muhojir Mistoh ibn Asosa roziyallohu anhuga, Oisha onamizga tuhmat qilgani uchun, nafaqa bermaslikka qasam ichgan edilar. Alloh bu oyatni nozil qilib, u kishining qilayotgan ushbu ishi toʻgʻri emasligini bayon etdi.
Nima boʻlganda ham, moʻmin odamga nafaqa berishdek yaxshi amalni qilmaslikka qasam ichish musulmon kishiga munosib emas.
Hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan boshqa sahobalar ham ifk hodisasiga qoʻshilganlarga nafaqa bermaslikka qasam ichgan ekanlar. Ushbu oyati karima nozil boʻlganidan keyin barchalari oʻsha kishilarga nafaqa berishni qaytadan boshlagan ekanlar.
Alloh taolo moʻminlarni bir-birlarini afv etib, kechirib yuborishga chaqirish bilan birga:
«Alloh sizlarni magʻfirat qilishini xush koʻrmaysizlarmi?!» deb birodarini kechirgan moʻmin magʻfirat qilinishini eʼlon etmoqda. Shuning uchun ham, Hazrati Abu Bakr oyat nozil boʻlishi bilan darhol: «Allohga qasamki, albatta, Alloh meni magʻfirat qilishini xush koʻraman», dedilar va Mistoh roziyallohu anhuga nafaqa berishni davom ettirdilar.
Shu bilan birga, moʻminlar ham bir-birlarining gunohlarini kechirib yubordilar. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam bu ishda bosh boʻldilar. Oisha onamiz roziyallohu anho esa, oʻzlariga boʻhton qilgan Hasson ibn Sobit roziyallohu anhuga qandoq yaxshi muomalada boʻlganlarini yuqorida eslatib oʻtdik. Ana shunday shaklda Islom jamiyati doimo poklanib bormogʻi lozim.
Vaqtida oʻzini oʻnglab, tavba qilgan kishilarni Alloh taolo magʻfirat etib, jabrlangan moʻminlarga ham ularni kechirishni buyuradi. Ammo tavba qilmasdan, nobakorligida davom etib, pokiza kishilarni nopok ishlarda ayblab yurganlarga magʻfirat yoʻq, bu dunyoda azob-uqubatdan qutulib ketsalar ham, u dunyoda albatta jazolarini oladilar.