وَٱلَّذِينَ يَرْمُونَ ٱلْمُحْصَنَـٰتِ ثُمَّ لَمْ يَأْتُوا۟ بِأَرْبَعَةِ شُهَدَآءَ فَٱجْلِدُوهُمْ ثَمَـٰنِينَ جَلْدَةً وَلَا تَقْبَلُوا۟ لَهُمْ شَهَـٰدَةً أَبَدًا ۚ وَأُو۟لَـٰٓئِكَ هُمُ ٱلْفَـٰسِقُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Pokiza ayollarga (bo`hton) toshi otib, so`ngra to`rtta guvoh keltira olmaganlarni sakson darra uringlar va ularning guvohligini abadiy qabul qilmanglar. Ana o`shalar fosiqlardir.Покиза аёлларга (бўҳтон) тоши отиб, сўнгра тўртта гувоҳ келтира олмаганларни саксон дарра уринглар ва уларнинг гувоҳлигини абадий қабул қилманглар. Ана ўшалар фосиқлардир.Alauddin Mansour: Pokiza ayollarni (zinokor) deb badnom qilib, soʻngra (bu daʼvolariga) toʻrtta guvoh keltira olmagan kimsalar(ni) ularni sakson darra uringlar va hech qachon ularning guvohliklarini qabul qilmanglar! Ular fosiq-itoatsiz kimsalardir.Покиза аёлларни (зинокор) деб бадном қилиб, сўнгра (бу даъволарига) тўртта гувоҳ келтира олмаган кимсалар(ни) уларни саксон дарра уринглар ва ҳеч қачон уларнинг гувоҳликларини қабул қилманглар! Улар фосиқ-итоатсиз кимсалардир.
Jamiyatda oʻziga yarasha tartib-intizom, oʻzaro hurmat, har bir odamning qadr-qiymati, or-nomusi himoyalangan boʻlishi kerak. Ogʻziga kuchi yetmagan vaysaqilar har turli gap-soʻzlar tarqatib, odamlarning obroʻyini toʻkaverishiga yoʻl qoʻymaslik kerak. Ayniqsa, zinoga oid gaplar birovning obroʻyini toʻkish bilan birga, jamiyatda nopok, fahsh kayfiyatni tugʻdiradi. Boʻlmagʻur kishilarning uyat gaplar tarqatishi, xususan, yoshlar tarbiyasining buzilishiga sabab boʻladi. Ana shunaqa vaysaqilarning tili tiyib qoʻyilmasa, ular birga oʻnni qoʻshib, turli gaplarni tarqataveradilar va shaxslarga ham, jamiyatga ham katta zarar yetkazadilar. Shuning uchun, shariat hukmi boʻyicha, birovni zinoda ayblagan odamdan bu ayblovning rostligiga toʻrtta guvoh keltirishlik talab qilinadi. Agar toʻrtta guvoh keltira olmasa, koʻpchilik ichida boʻhton qilganlikda ayblanib, sakson darra uriladi. Buning ustiga, u Islom jamiyatida ishonchsiz kishiga aylanib, guvohligi qabul qilinmay qoʻyadi. Bu esa, oʻzini bilgan kishi uchun odamgarchilikdan chiqish bilan barobardir.
Qurʼoni Karim boʻhtonchini «fosiq», yaʼni «Allohning amridan chiqqan odam» deb vasf qilmoqda, bu ham juda yomon sifatdir. Endi bunday odam faqat ixlos bilan tavba qilgandagina va oʻzini butunlay tuzatgandagina fosiqlikdan chiqishi mumkin. Shunda uning guvohligi yana qabul qilinadigan boʻladi. Demak, faqat tavba qilishi kifoya emas. Balki, shu bilan birga, oʻzini oʻnglaganini jamiyat aʼzolariga amalda koʻrsatishi ham zarur. Buning uchun pokiza odamni qayerda, kimlarning oldida, qanday qilib zinoda ayblagan boʻlsa, oʻsha yerda, oʻsha odamlarning oldida, oʻshanday qilib poklaydi va oʻzini qoralaydi. Soʻngra tavba qiladi. Jamiyat uni bir yil davomida kuzatadi. Shu muddat ichida haqiqatan oʻzini tuzatib, shariatga xilof ishlarni qilmasa, undan fosiq nomi olinadi va guvohligi qabul qilinadigan boʻladi.
Shuning uchun, zinoni oʻz koʻzi bilan koʻrganlar soni toʻrt kishiga yetmasa, jim yurishlari lozim. Agar guvohlar toʻrt kishiga yetsa, bu xabarni odamlar ichida gapirib yurmasdan, hukumatga yetkazish va zinokorni jazoga tortish chorasini koʻrishlari kerak. Ana shunda ular toʻgʻri yoʻl tutgan boʻladilar.
Oyati karimada:
«Pokiza ayollarga (boʻhton) toshi otib, soʻngra toʻrtta guvoh keltira olmaganlarni sakson darra uringlar», deyilmoqda.
Odatda, ayollarni zinoda ayblash koʻproq boʻlgani uchun ular zikr qilinmoqda, lekin erkaklarni zinoda ayblaganlardan ham toʻrtta guvoh keltirish talab qilinadi, keltira olmasalar, jazoga tortiladilar.
Oyatda «tosh otib» deyilmoqda, yaʼni, yomon soʻz aytish tosh otishga oʻxshatilmoqda, bu ham birovni zinoda ayblash naqadar yomon ish ekanini koʻrsatadi.
Soʻngra, ayblovchi gapining rostligini tasdiqlash uchun toʻrtta guvoh keltirishi shart ekanligi taʼkidlanmoqda. Shariat hukmi boʻyicha, toʻrtta guvoh keltirish faqat zinodagina talab qilinadi. Boshqa ishlarda bitta yoki ikkita guvoh kifoya qiladi. Boshqa holatlarda boʻlgani kabi, bunda ham guvohlar tekshirib koʻriladi, odil boʻlmoqlari, shariat ishlariga xilof qilmagan boʻlishlari sharti qoʻyiladi.
Birovni zinoda ayblashni sharʼiy istilohda «qazf» deyiladi. Demak, bu oyatda gap qazf haqida ketmoqda. Boshqa xususda emas.
Misol uchun, oʻgʻrilik, aroqxoʻrlik yoki shariat harom qilgan boshqa ishlar sodir etishda ayblov tushadigan boʻlsa, ayblovchi oʻz gapini tasdiqlab bera olmasa, hukumat unga nisbatan oʻzi bilib jazo qoʻllaydi. Ammo zinoda ayblash boʻlganda, ushbu oyatning hukmiga amal qilish shart. Oyati karimadan erkak kishi ayol kishini zinoda ayblab, unga boʻhton toshi otsa, qazf sodir boʻladi, degan maʼno chiqmoqda. Lekin, aslida esa, erkak kishi erkak kishini, ayol kishi ayol kishini yoki ayol kishi erkak kishini qazf qilsa ham, baribir jazoga tortiladilar.
Oyati karimada koʻrsatilgan jazoni qoʻllash uchun boʻhton qiluvchi pokiza shaxsga nisbatan zino qilganlik aybini qoʻygan boʻlishi shart. Agar fisqu fujuri, zinokorligi bilan tanilgan odamni ayblasa, unga nisbatan bu jazo qoʻllanmaydi. Balki oʻsha vaqtning hukumati sharoitni hisobga olib, oyatdagidan koʻra yengilroq jazo beradi. Bir odam boshqasini zinoda ayblab, soʻngra toʻrtta guvoh keltira olmasa, darhol uni ushlab, sakson darra urilavermaydi. Balki, boshqa jinoyatlardagi, jumladan, zino sodir boʻlgandagi kabi, oldin jinoyatchining, jabrlanuvchining shaxsi va qilingan jinoyat yaxshilab oʻrganiladi. Shu uch toifada–jinoyat, jinoyatchi va jabrlanuvchida kerakli shartlar topilgandagina jinoyatchiga jazo beriladi.
Jazo joriy etilishi uchun jinoyatchida quyidagi shartlar mavjud boʻlishi lozim:
1. Jinoyatchi balogʻatga yetgan boʻlishi kerak. Agar balogʻatga yetmagan shaxs birovni zinoda ayblab, boʻhton qilsa, unga nisbatan ushbu oyatda zikr qilingan jazo chorasi qoʻllanilmaydi. Unga nisbatan oʻsha davr hukumati tomonidan taʼzir beriladi. Albatta, munosib ravishda.
2. Jinoyatchi aqlli boʻlishi kerak. Agar jinni birovni zinoda ayblasa, unga nisbatan mazkur jazo chorasi qoʻllanilmaydi. Shuningdek, biror narsaning taʼsirida hushi joyida boʻlmagan odam birovni zinoda ayblasa ham, uzrli hisoblanadi. Lekin aqlu hushi joyida yoʻqligi shariat harom qilgan narsalarning isteʼmoli tufayli boʻlsa, unga uzr yoʻq. Masalan, aroq ichib mast boʻlgan odam birovni zinoda ayblasa-da, keyin «Mastlikda bilmay aytib qoʻyibman» desa, uzri qabul qilinmaydi.
3. Jinoyatchi oʻz ixtiyori bilan zinoda ayblagan boʻlishi kerak. Agar birov uni majbur qilgan boʻlsa, ushbu oyatda zikr etilgan jazoga tortilmaydi.
4. Jinoyatchi jabrlanuvchining otasi yoki bobosi boʻlmasligi kerak.
Oyatda zikr etilgan jazoni qoʻllash uchun boʻhton qilingan kishida quyidagi shartlar mavjud boʻlishi lozim:
1. Jabrlanuvchi oqil boʻlishi kerak. Agar jinni odamni birov zinoda ayblasa, unga nisbatan mazkur jazo joriy qilinmaydi. Chunki, jinni odamning zinosi sobit boʻlganda ham, jazoga tortilmaydi.
2. Jabrlanuvchi balogʻatga yetgan boʻlishi kerak. Agar birov kichkina bolani zinoda ayblasa, unga nisbatan oyatda zikr etilgan jazo joriy qilinmaydi. Chunki, kichkina bola shariat ishlariga taklif qilingan emas, agar, farazan, zinosi sobit boʻlsa ham, jazoga tortilmaydi va kishilar oʻrtasida obroʻyi toʻkilmaydi.
3. Jabrlanuvchi musulmon boʻlishi shart. Agar birov musulmonmas odamni zinoda ayblasa yoki musulmon odamni musulmon boʻlishidan oldin zino qilgan desa, unga nisbatan mazkur jazo qoʻllanilmaydi.
4. Jabrlanuvchi hur boʻlishi kerak. Agar bir odam qul yoki choʻrini zinoda ayblasa, unga nisbatan ushbu oyatda zikr qilingan jazo qoʻllanilmaydi. Chunki, qul va choʻrilarning ixtiyorlari oʻzlarida emas. Qolaversa, ularga Qurʼonda hurlar jazosining yarmi tayin qilingan.
5. Jabrlanuvchi pokiza boʻlishi, zino va uning shubhasidan uzoqda boʻlishi lozim. Yaʼni, umrida zino qilganligi hech sobit boʻlmagan yoki shubha ham tugʻilmagan boʻlishi kerak. Shuningdek, zino boʻlmasa ham, iffatiga futur yetkazadigan turli boʻlmagʻur ishlarni qilmagan, iffatini saqlab yurgan odam boʻlishi kerak.
Demak, mazkur holatlarga qarab, jinoyatchiga nisbatan oyatda zikr qilingan jazo qoʻllaniladi yoki taʼzir beriladi. Taʼzir berish esa, oʻsha vaqtning hukumati tomonidan munosib ravishda belgilanadi.
Jinoyatchi va jabrlangan taraflarda hamma shartlar mavjud boʻlishi bilan birga, jinoyatda, yaʼni, zinoda ayblashda ham maʼlum bir shartlar koʻrinishi kerak. Agar bu ishda ham kamchilik boʻlsa, oyatda zikr qilingan jazo chorasi tatbiq etilmaydi.
Avvalo, jinoyatchi, yaʼni, boʻhtonchi jabrlanuvchini, yaʼni, boʻhtonga uchragan shaxsni «zino» lafzi bilan ochiq-oydin boʻhton qilgan va bu ishga guvohlar mavjud boʻlishi lozim. Misol uchun, «ey zinokor», «sen zinokorsan» yoki «zinodan boʻlgan bolasan» kabi soʻzlarni odamlar oldida aytgan boʻlsagina, hadd–sharʼiy jazo qoʻllashga loyiq jinoyat qilgan hisoblanadi.
Agar kinoya bilan aytgan boʻlsa, misol uchun, «sen fojirsan», «sen fosiqsan», «sen iflossan» kabi soʻzlarni ishlatgan boʻlsa, uning eʼtiboriga bogʻliq boʻladi. Zinoni eʼtiborda tutib aytgan boʻlsa, unga hadd qoim qilinadi–jazo beriladi. Boshqa maʼnoda aytgan boʻlsa, boshqacha chora koʻriladi.
Shuningdek, birovni bachchabozlikda ayblasa ham, zinoda ayblagan bilan barobar boʻladi.
Boʻhtonchiga qarshi chora koʻrishni talab qilishga faqat jabrlanuvchi yoki nasabi bir, u bilan birga or-nomusga qoladigan shaxsgina haqlidir.
Mahkamaga arz etgan odam huzurida jinoyatchi, yaʼni, boʻhton qilgan odam tuhmatga qolgan odamning falonchi bilan zino qilayotganini aniq koʻrganligi haqida guvohlik beruvchi toʻrt kishini olib kelishi kerak. U guvohlar zinoga guvohlik berishda zikr etilgan shartlarga ega boʻlishlari va oʻshanday ravishda barcha qoidaqonunlarga rioya qilgan holda guvohlik berishlari kerak. Agar bu ish amalga oshmasa, boʻhtonchiga sakson darra uriladi.
Ish mahkamaga yetib borgandan keyin kechib yuborishga hech kimning haqqi yoʻq. Shikoyatchi ham, mahkama ham kechib yubora olmaydi, kelishib, bosdi-bosdi qilib ham boʻlmaydi. Baʼzi bir toʻlov tufayli rozi qilish ham boʻlmaydi. Mahkamaga yetgan ishda tavba ham, istigʻfor aytish ham, boshqa choralar ham foyda bermaydi. Mahkamaga yetmasdan oldin kechirilsa, boʻladi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Hadd (sharʼiy jazo)larda oʻzaro afv qilinglar, menga yetgandan keyin haddni qoim qilish vojib boʻlib qoladi», deganlar.
Ulamolarimiz tabiiy bir savol paydo boʻlishi mumkinligini ham eʼtiborga olganlar. Oʻsha savol quyidagicha:
Bir odam birovning zino qilayotganini aniq koʻrsa-yu, lekin toʻrt kishini guvoh keltira olmasa, bu uning yolgʻonchi ekaniga dalil emas-ku, nima uchun uni sakson darra urib, odamlar ichida sharmanda qilib, guvohligini qabul etmay, «fosiq» deb eʼlon etish kerak?
Bu savolga ulamolarimiz quyidagicha javob beradilar:
Agar bir kishi kimningdir zino qilayotganini koʻrsa, yetarli dalili boʻlmay turib, uni odamlar oʻrtasida tarqatishi xatodir. Bu ishi xuddi bir odam iflos narsaning ustida oʻtirgan-u, oʻsha iflos narsani boshqa tomonga tarqatgan kabi boʻladi. Bunday holatda oʻsha iflos narsani yetarli hujjat-dalil bilan bir yoʻla yoʻqotish kerak. Yaʼni, davlatga murojaat qilib, hujjat-dalil bilan isbotlab, jazosini berish kerak yoki oʻz joyida hech yoqqa yoyilmay qolib ketishini taʼminlash kerak. Lekin befoyda ravishda u iflos shaxslarning tegirmoniga suv quymaslik kerak. Shuning uchun ham, hujjat-dalilsiz birovni zinoda ayblagan kishi oʻzi rostgoʻy boʻlsa ham, amali fisq hisoblanadi.
Mazkur holat umumiydir. Lekin boshqacha holatlar ham boʻlishi mumkin. Misol uchun: er oʻz xotinini zino ustida ushlab olsa, unda qanday boʻladi? Bu holat Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlarida ham boʻlgan.
Bu haqda imom Ahmad hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan quyidagi rivoyatni keltiradilar:
«Pokiza ayollarga (boʻhton) toshi otib, soʻngra toʻrtta guvoh keltira olmaganlarni sakson darra uringlar va ularning guvohligini abadiy qabul qilmanglar» oyati nozil boʻlganida, ansoriylarning rahbari Saʼd ibn Uboda roziyallohu anhu:
«Ey, Allohning Rasuli, shunday nozil boʻldimi?!»–dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ey, ansoriylar jamoasi, rahbaringizning nima deyayotganini eshityapsizlarmi?!»–dedilar. Ular:
«Ey, Allohning Rasuli, uni malomat qilmang. U juda ham rashkchi. Allohga qasamki, faqat bokira qizlarga uylangan. U taloq qilgan ayolga bizdan hech kim uning rashkidan qoʻrqib uylana olmaydi», deyishdi. Saʼd:
«Ey, Allohning Rasuli, Allohga qasamki, men, albatta, uning haq ekanini, Allohdan ekanini juda yaxshi bilaman. Lekin mening ajablangan joyim shundaki, agar men bir iflos ayolni erkak sonlari orasiga olib turganini koʻrsam, uni hayajonga solmay, qimirlatmay, borib toʻrtta guvoh topib kelishim kerakmi?! Allohga qasamki, men ularni olib kelgunimcha u ishini bitirib boʻladi-ku?»–dedi.
Koʻp oʻtmasdan Hilol ibn Umayya keldi. U kechasi uyiga kelsa, ayoli bir erkak bilan ekan. U hodisani ikki koʻzi bilan koʻrib, ikki qulogʻi bilan eshitibdi. Hech narsa qilmabdi. Tong otishi bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Ey, Allohning Rasuli, men kechasi oʻz ahlim oldiga kelib, uning oldida bir erkakni koʻrdim. Hodisani ikki koʻzim bilan koʻrib, ikki qulogʻim bilan eshitdim», dedi. U keltirgan xabar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yoqmadi, juda ogʻir botdi. Ansoriylar Hilolning atrofiga toʻplanib:
«Saʼd ibn Uboda gapirgan gapning balosiga qoldik, endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ilojsiz Hilol ibn Umayyaga darra uradilar, odamlar ichida sharmanda etib, guvohligi oʻtmaydigan qiladilar», deb xavotirlanishdi. Hilol esa:
«Allohga qasamki, Alloh taoloning oʻzi bir yoʻl koʻrsatishini umid qilaman», dedi. Soʻngra u:
«Ey, Allohning Rasuli, koʻrib turibmanki, men olib kelgan narsa sizga ogʻir botdi. Alloh biladi, men rostgoʻydirman», dedi. Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga darra urishni iroda qilib turganlarida, birdan, Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy tushirib qoldi. U kishiga vahiy kelayotganini yuzlari oqarganidan bilib olishar edi. Ana shunda ushbu oyatlar nozil boʻldi: