تَبَارَكَ ٱلَّذِى نَزَّلَ ٱلْفُرْقَانَ عَلَىٰ عَبْدِهِۦ لِيَكُونَ لِلْعَـٰلَمِينَ نَذِيرًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Olamlarga ogohlantiruvchi bo`lsin uchun bandasiga Furqonni nozil qilgan Zot barakotli, ulug`dir.Оламларга огоҳлантирувчи бўлсин учун бандасига Фурқонни нозил қилган Зот баракотли, улуғдир.Alauddin Mansour: Barcha olamlarni (Oxirat azobidan) qoʻrqitguvchi boʻlsin deb Oʻz bandasi (Muhammad alayhis-salotu vas-salom)ga Furqon — Qurʼon nozil qilgan zot — Alloh barakotli — Buyukdir.Барча оламларни (Охират азобидан) қўрқитгувчи бўлсин деб Ўз бандаси (Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом)га Фурқон — Қуръон нозил қилган зот — Аллоҳ баракотли — Буюкдир.
Chindan ham, Alloh taolo barakotli va ulugʻ zotdir.
Ana shu bitmas-tuganmas barakotliligi va ulugʻligi alomati oʻlaroq, U bu dunyodagi kishilarga, barcha olamlarga bandasi Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ogohlantiruvchi etib yubordi va u zotga haqdan botilni farqlovchi Furqonni–Qurʼonni nozil qildi.
Aslida, insonni sof tabiat ila yaratgan, unga his qilish aʼzolari va aql bergan Alloh bandalarga Oʻzini tanish va Oʻziga ibodat qilish amrini berishga haqli edi. Ammo, ulugʻligidan, unday qilmadi. Bandalariga lutfu marhamat koʻrsatdi. Barakoti namunasi qilib turli Paygʻambarlarni yubordi, kitoblar nozil etdi. Ana oʻsha Paygʻambarlar va kitoblar silsilasining soʻnggi xalqasi Muhammad sollallohu alayhi vasallam va Qurʼoni Karim boʻldi. Shuning uchun ham, ular maʼlum vaqt va maʼlum maqom uchun emas, balki barcha olamlar uchun boʻldi. Muhammad sollallohu alayhi vasallam barcha olamlar uchun qiyomatgacha Paygʻambar, Qurʼoni Karim esa, to qiyomatgacha ilohiy dastur boʻldi.
Ulamolarimiz ushbu oyatdagi «bandasiga» soʻziga alohida eʼtibor berganlar. Alloh taolo Qurʼoni Karimda Paygʻambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamni eng oliy maqomlarda bandalik sifati bilan yodga olgan. Jumladan, Isro va Meʼrojda, Allohga munojot etish paytida, kitob nozil qilishda va ushbu oyatda. Demak, basharning eng oliy maqomi Allohga bandalik ekan. Allohga bandalik bashar uchun eng ulkan baxt, eng oliy maqom hamda bitmas-tuganmas neʼmat ekan. Aksincha, Allohga bandalikni his etmaslik katta baxtsizlik boʻlib, insonni hayvonlik darajasiga tushirib qoʻyadi. Bu haqda ushbu suraning oʻzida keyinroq soʻz ketadi.
Oyatda Alloh taoloning bandasiga Furqonni nozil qilishidan maqsadi:
«Olamlarga ogohlantiruvchi boʻlsin uchun» ekani taʼkidlanmoqda. Bu oyat Makkada, Islom daʼvatining avvalida, oz sonli musulmonlar iymonlari va jonlarini qutqarishdan boshqani oʻylamay turgan, gʻalaba yoki fathu futuhlarning daragi ham yoʻq paytida nozil boʻlgan. Lekin shu bilan birga, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning olamlarga ogohlantiruvchi ekanliklarini ishonch bilan baralla eʼlon qilmoqda. Bunday gap faqat ilohiy bayonda boʻlishi mumkin, xolos. Boshqa hech kim mazkur eʼlonni qila olmaydi.
Keyingi oyatda bandasiga Furqonni nozil qilgan Zotning vasfi davom etadi: