إِن كَادَ لَيُضِلُّنَا عَنْ ءَالِهَتِنَا لَوْلَآ أَن صَبَرْنَا عَلَيْهَا ۚ وَسَوْفَ يَعْلَمُونَ حِينَ يَرَوْنَ ٱلْعَذَابَ مَنْ أَضَلُّ سَبِيلًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Agar sabr qilmaganimizda, albatta, u bizni, sal bo`lmasa, xudolarimizdan ozdirardi-ya!» deb. Yaqinda — azobni ko`rgan chog`larida — kim yo`ldan ozganroq ekanini bilurlar.Агар сабр қилмаганимизда, албатта, у бизни, сал бўлмаса, худоларимиздан оздирарди-я!» деб. Яқинда — азобни кўрган чоғларида — ким йўлдан озганроқ эканини билурлар.Alauddin Mansour: Agar sabr qilib (mahkam turmaganimizda) haqiqatan u bizlarni xudolarimizdan ozdirayozdi-ya», (deb sizni masxara qilurlar). Yaqinda — azobni koʻrgan vaqtlarida kim yoʻldan ozganroq ekanini bilib olurlar.Агар сабр қилиб (маҳкам турмаганимизда) ҳақиқатан у бизларни худоларимиздан оздираёзди-я», (деб сизни масхара қилурлар). Яқинда — азобни кўрган вақтларида ким йўлдан озганроқ эканини билиб олурлар.
Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qavmlari orasida hurmat-eʼtibor qozongan shaxs edilar. U kishi nasl- nasab jihatidan ham, aql-zakovat jihatidan ham, odob-axloq jihatidan ham, insoniy muomala jihatidan ham katta obroʻ-eʼtiborga ega edilar. Ul zotni xalq «Amin»–ishonchli kishi, deb atardi. Kaʼbani qayta qurishdagi ulugʻ ishning eng muhim bosqichi — Hajarul Asvadni oʻrniga qoʻyishni ham u kishiga ishonib topshirishgan edi. Odamlarda u kishiga nisbatan hech qanday norozilik yoki past nazar bilan qarash yoʻq edi. Bu holat Muhammad sollallohu alayhi vasallam Paygʻambar boʻlgunlarigacha davom etdi. Paygʻambar boʻlganlaridan keyin odamlar birdaniga oʻzgarib qoldilar. U kishini goh jinni desalar, goh «sehrlangan» dedilar. Yana shunga oʻxshash tahqirlovchi sifatlar bilan vasf qildilar. Ushbu oyati karimada ham ularning ana shunday muomalalaridan biri keltirilmoqda:
«Ular seni koʻrgan vaqtlarida masxaraga olurlar: «Alloh Paygʻambar qilib yuborgan shumi?! Agar sabr qilmaganimizda, albatta, u bizni, sal boʻlmasa, xudolarimizdan ozdirardi-ya!» deb».
Yaʼni, kofirlar Muhammad sollallohu alayhi vasallamni har koʻrganlarida masxara qiladilar. Masxara qilganlarida ham, eng qabih uslubda, surbetlarcha masxara qiladilar.
«Alloh Paygʻambar qilib yuborgan shumi?!»
Bu gap, albatta, hammaning koʻnglidan yoki ogʻzidan bir xilda chiqqan boʻlishi shart emas. Avvalo, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga iymon keltirganlar oz boʻlsa-da bor edi. Qolaversa, koʻpchilik «Amin» deb nom olgan qavmdoshlari haqidagi boʻhtonlarga mutlaqo ishonmasdi. Ammo oʻsha vaqtdagi johiliy jamiyatning siyosati shu boʻlgan. Oʻsha yerning siyosatini yurituvchilari ishlab chiqqan siyosiy mafkura mana shundan iborat edi. Jamiyat boshida turganlar bu gaplarni ogʻizlarini toʻldirib sayrar edilar. Ularning gumashtalari birga oʻnni qoʻshib sayrashdan tolmas edilar. Qolganlar esa, oʻzlari ishonmasalar ham, ulardan qoʻrqqanlaridan qoʻshilishar edi. Ammo, kechagina maqtab yurgan odamni nimaga bugun masxara qilib qoldingiz, deb birov aytolmasdi. Shu bilan birga, ular Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan narsa ularga qattiq taʼsir qilganini ham tan olar edilar.
«Agar sabr qilmaganimizda, albatta, u bizni, sal boʻlmasa, xudolarimizdan ozdirardi-ya!»
Demak, ularning eʼtiqodlariga futur yetgan. Lekin boshliqlari ishlab chiqqan, oqni qora, qorani oq deydigan siyosat ularni iymon keltirish oʻrniga, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamni masxara qilishga olib kelgan. Agar ular oqni qora, qorani oq demaganlarida, Muhammad sollallohu alayhi vasallam daʼvat qilgan hidoyat yoʻlini, xudolarimizdan ozdirish, dermidilar?! Ha, ular oʻzlaricha hidoyatni «yoʻldan ozdirish», deb baholamoqdalar. Ammo:
«Yaqinda–azobni koʻrgan chogʻlarida–kim yoʻldan ozganroq ekanini bilurlar».
Lekin u vaqtda fursat oʻtgan boʻladi. Bilishlari foyda bermaydi.
Mushriklarning kirdikorlari hikoya qilib boʻlingandan keyin, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga tasalli berish boshlanadi: