وَإِنَّ رَبَّكَ لَهُوَ ٱلْعَزِيزُ ٱلرَّحِيمُ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, Robbing O`zi aziyzu mehribondir.Албатта, Роббинг Ўзи азийзу меҳрибондир.Alauddin Mansour: Shak-shubhasiz, Parvardigoringizning Oʻzi (kofirlar ustidan) gʻolib, (moʻminlarga) mehribondir.Шак-шубҳасиз, Парвардигорингизнинг Ўзи (кофирлар устидан) ғолиб, (мўминларга) меҳрибондир.
Ha, Shuayb alayhissalom va Ayka sohiblari qissasida ajoyib ibrat bor. Ayniqsa, iqtisodiy jinoyatchilar haddan tashqari koʻpaygan hozirgi johiliyat ahli bundan ibrat olishi kerak.
Shu bilan oʻtgan Paygʻambarlar va ularning qavmlarining qissalari tugaydi. Surada Muso, Ibrohim, Nuh, Hud, Solih, Lut, Shuayb alayhissalomlarning qavmlari bilan boʻlib oʻtgan qissalari oʻziga xos uslubda bayon etildi. Bu qissalarni oʻrganish davomida Alloh yuborgan Paygʻambarlar silsilasi oʻz davri odamlarini bir xil daʼvat etganlarini mulohaza qildik. Qavmlar ichidan jinoyatchi boʻlganlari esa, Paygʻambar alayhissalomlarga qarshi turishda bir xil mavqifda boʻldilar. Shuningdek, oqibat ham bir xil boʻlib chiqdi. Paygʻambarlar va ularga ergashgan moʻminlar najot topdilar. Kofir boʻlganlar, jinoyat qilganlar halokatga uchradilar. Ularning halokatining sababi ham Allohdan qoʻrqmaslik va Paygʻambarga itoat etmaslik edi.
Shu bilan birga, ularning bosh jinoyatidan, yaʼni, Allohdan qoʻrqmaslik va Paygʻambarga itoat qilmaslikdan boshqa jinoyatlari turlicha boʻlib, ular har bir qavmning oʻziga xosdir.
Muso alayhissalomga qarshi chiqqan qavmda shaxsga sigʻinish, siyosiy, irqiy zulm va istibdod ustun edi.
Ibrohim alayhissalomga qarshi chiqqan qavmda mushriklik, Allohni qoʻyib boshqa turli narsalarga, xususan but-sanamlarga topinish kuchli edi.
Nuh alayhissalomga qarshi chiqqan qavmda, ushbu surada koʻrsatilishicha, beva-bechora, kambagʻallarni odam oʻrnida koʻrmaslik, inson qimmatini molu dunyo bilan oʻlchash ustun edi.
Hud alayhissalomga qarshi chiqqan qavmda esa, dabdaba uchun turli qasrlar, binolar, inshootlar qurish, sanoatchilik ishlari qilib, ular bilan faxrlanish, moddiy ustunligini boshqalarga jabr oʻtkazishga ishlatish jinoyati kuchli edi.
Solih alayhissalomga qarshi chiqqan qavmda bogʻ-rogʻlar, buloqlar, ekinzorlar, xurmozorlar kabi xoʻjalik ishlari bilan faxrlanish, ularga oʻta berilish ustun edi.
Lut alayhissalomga qarshi chiqqan qavmda esa, harom lazzatlardan huzurlanish kuchli edi.
Shuayb alayhissalomga qarshi chiqqan qavmda turli harom-xarish yoʻllar bilan mol-dunyo topish jinoyati ustun edi.
Bu jinoyatlari ularni oxir-oqibatda halokatga olib keldi. Alloh taolo ibrat olishlari uchun ahli Makkaga va butun insoniyatga oʻtgan ummatlarning qissalarini tilovat qilib berishni Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga amr etdi. Chunki, bu oyatlar nozil boʻlayotgan paytda Makka ahlida mazkur jinoyatlarning hammasi mavjud edi.
Ushbu qissalardan kerakli oʻgit va ibrat olish juda ham zarur edi. Shuning uchun ham, har qissadan soʻng:
«Albatta, bunda oyat-belgi bor. Lekin koʻplari moʻmin boʻlmadilar», «Albatta, Robbing Oʻzi azizu mehribondir» oyatlari qayta-qayta takrorlandi. Oʻylab koʻradigan boʻlsak, insoniyat bugungi kunda ushbu qissalardan ibrat olishga juda ham muxtoj. Bugungi kunda insoniyat jamiyatida oʻsha qissalarda tilga olingan jinoyatlar juda keng tarqalgan. Bu esa, insoniyatning bir emas, bir necha bor halokatga uchrashi uchun yetarlidir.
«Albatta, bunda oyat-belgi bor. Lekin koʻplari moʻmin boʻlmadilar.»
«Albatta, Robbing Oʻzi azizu mehribondir.»
Qissalar tugab yana suraning avvalidagi mavzu, yaʼni, Qurʼoni Karim haqidagi gapga qaytiladi.