۞ يَسْتَبْشِرُونَ بِنِعْمَةٍ مِّنَ ٱللَّهِ وَفَضْلٍ وَأَنَّ ٱللَّهَ لَا يُضِيعُ أَجْرَ ٱلْمُؤْمِنِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ular Allohdan bo`lgan ne'mat va fazlning hamda, albatta, Alloh mo`minlarning ajrini zoye qilmasligining xushxabarini bermoqdalar.Улар Аллоҳдан бўлган неъмат ва фазлнинг ҳамда, албатта, Аллоҳ мўминларнинг ажрини зое қилмаслигининг хушхабарини бермоқдалар.Alauddin Mansour: Ular Alloh tomonidan boʻlgan neʼmat va fazlu karam haqida hamda moʻminlarning ajri-mukofotini Alloh zoye qilmasligi haqida xushxabar beradilar.Улар Аллоҳ томонидан бўлган неъмат ва фазлу карам ҳақида ҳамда мўминларнинг ажри-мукофотини Аллоҳ зое қилмаслиги ҳақида хушхабар берадилар.
Ushbu oyatlar Alloh yoʻlida jihod qilib qurbon boʻlgan bandalar maqomlarining bayonidir. Ularni «oʻliklar» deb hisoblamaslikka amr, ular tirik ekanliklari va Robbilari huzurida rizqlanayotganlarining xabaridir:
«Allohning yoʻlida qatl boʻlganlarni oʻliklar deb hisoblamanglar. Balki, ular–tirik, Robbilari huzurida rizqlanmoqdalar».
Demak, shahidlar haqidagi tasavvur shunday boʻlishi kerak. Keyingi oyatning guvohligiga koʻra:
«Ular Alloh Oʻz fazlidan bergan narsalardan xursandlar».
Ayni chogʻda, bu axyor bandalar faqat oʻzlarini oʻylamaydilar, balki ortlarida qolgan birodarlarining ham oʻzlari erishgan ulugʻ darajaga erishishlarini orzu qiladilar. Shuning uchun, ularga Allohning yoʻlida jihod qilgan bandalarga beriladigan maqomning xushxabarini beradilar. Chunki, shahidlar ham tirikdirlar, birodarlaridan uzilib qolmaganlar.
«...va hali ortlaridan oʻzlariga qoʻshilmagan birodarlariga», yaʼni Allohning yoʻlida jihodni davom ettirayotgan, hali shahid boʻlib ularga kelib qoʻshilmagan birodarlariga:
«ularga xavf yoʻqligining hamda xafa ham boʻlmasliklarining xushxabarini bermoqdalar».
Bunda Allohning yoʻlida yanada gʻayrat qilishga undov, qiziqtirish, targʻib bor. Xuddi shu maʼno keyingi oyatda ham rivojini topadi:
«Allohdan boʻlgan neʼmat va fazlning hamda, albatta, Alloh moʻminlarning ajrini zoye qilmasligining xushxabarini bermoqdalar».
«Allohdan boʻlgan neʼmat» deganda, ularga toat-ibodatlariga yarasha taqdim qilingan narsalar tushuniladi. «Fazl» esa, Alloh taolo Oʻz tomonidan ortiqcha qilib bergan narsalardir.
«...hamda, albatta, Alloh moʻminlarning ajrini zoye qilmasligining xushxabarini bermoqdalar.»
Yaʼni, ortiqcha beraveradi, lekin aslo qilgan amallarini kamaytirmaydi.
Ushbu xabarlarni ifodalagan maʼnolarni tushunish uchun hadisi shariflarga, ushbu mavzuga aloqador bayonlarga murojaat qilsak, yanada yaxshiroq boʻladi.
Imom Ahmad ibn Hanbal Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz Muhammad alayhissolatu vassalom bunday deganlar:
«Birodarlaringiz Uhudda nishonga olinganlarida, Alloh ularning ruhini yashil qushlar ichiga joyladi. Ular Jannatning anhorlariga boradilar, uning mevalaridan yeydilar. Arshning soyasida tillo qandillarga boradilar. Oʻzlarining yaxshi taomlari, ichimliklari va yotib-turishlarini bilganlaridan soʻng: «Qani endi, birodarlarimiz ham Alloh taolo bizga bergan narsalarni bilsa edilar, jihodda susaymas edilar va urushdan choʻchimas edilar»,– deyishdi. Shunda Alloh taolo: «Buni sizning nomingizdan oʻzim yetkazaman,–dedi-da: «Allohning yoʻlida qatl boʻlganlarni oʻliklar deb hisoblamanglar. Balki, ular–tirik, Robbilari huzurida rizqlanmoqdalar. Alloh Oʻz fazlidan bergan narsalardan xursandlar va hali ortlaridan oʻzlariga qoʻshilmagan birodarlariga, ularga xavf yoʻqligining hamda xafa ham boʻlmasliklarining xushxabarini bermoqdalar», oyatlarini tushirdi.
Imom Muslim qilgan rivoyatda Masruq aytadilarki:
«Biz Abdullohdan «Allohning yoʻlida qatl boʻlganlarni oʻliklar deb hisoblamanglar. Balki, ular–tirik, Robbilari huzurida rizqlanmoqdalar», oyati haqida soʻragan edik, u kishi, biz ham bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan soʻraganimizda, u zot bunday tushuntirdilar:
«Ularning ruhlari yashil qushning ichida boʻladi. Ularning Arshga osilgan qandillari boʻladi. Jannatning xohlagan joyiga boradilar. Soʻngra, haligi qandillarga qaytib keladilar. Robbilari ularga qarab turib: «Yana biror narsa xohlaysizlarmi»,–deydi. Ular: «Biz jannatning xohlagan joyiga borayotgan boʻlsak, yana nima xohlar edik»,–deyishadi. Shu narsa uch bor takrorlanadi, ammo savol davom etaverishini koʻrganlaridan soʻng: «Ey Robbimiz, toki sening yoʻlingda yana qayta qatl boʻlishimiz uchun, ruhimizni jasadlarimizga qaytarishingni soʻraymiz»,–deydilar».
Islomda shahidlik maqomi shu tariqa tushuntirilgani uchun ham, bu his musulmonlar qalbiga qattiq oʻrnashdi. Jihodga kishilar shahid boʻlish orzuida chiqadigan boʻldilar. Voqeʼlikda ham tarix sahifalarida oltin harflar bilan yozilib qolgan fidokorlik, oʻlimdan qoʻrqmaslik va shahidlik namunalarini koʻrsatdilar.
Endigi oyatlarda moʻminlarning xususiyatlari, sifatlari va Alloh taologa bogʻlanishlarining bayoni keladi: