ٱلَّذِينَ ٱسْتَجَابُوا۟ لِلَّهِ وَٱلرَّسُولِ مِنۢ بَعْدِ مَآ أَصَابَهُمُ ٱلْقَرْحُ ۚ لِلَّذِينَ أَحْسَنُوا۟ مِنْهُمْ وَٱتَّقَوْا۟ أَجْرٌ عَظِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ular jarohat yetgandan keyin ham Alloh va Payg`ambar chaqirig`iga javob beradiganlardir. Ulardan yaxshilik va taqvo qilganlariga ulug` ajrlar bordir.Улар жароҳат етгандан кейин ҳам Аллоҳ ва Пайғамбар чақириғига жавоб берадиганлардир. Улардан яхшилик ва тақво қилганларига улуғ ажрлар бордир.Alauddin Mansour: Ular oʻzlariga jarohat yetganidan keyin ham Alloh va rasuliga boʻysungan zotlardir. Ularning orasidagi chiroyli itoat qilgan va Allohdan qoʻrqqan zotlar uchun ulugʻ ajr — mukofot bordir.Улар ўзларига жароҳат етганидан кейин ҳам Аллоҳ ва расулига бўйсунган зотлардир. Уларнинг орасидаги чиройли итоат қилган ва Аллоҳдан қўрққан зотлар учун улуғ ажр — мукофот бордир.
Demak, Alloh ajrini zoye qilmaydigan moʻminlarning maqtovga arzigulik sifatlaridan yana biri:
«Ular jarohat yetgandan keyin ham Alloh va Paygʻambar chaqirigʻiga javob beradiganlardir».
Yaʼni, ular oʻzlariga jarohat yetib, charchab, yarador boʻlib, qiynalib turishlariga qaramasdan, Alloh yoʻlida yana jihodga daʼvat etilsa, malol olmay, labbay, deb yana qaytadan chiqaveradilar.
Bu hodisa Uhud urushining ertasiga sodir boʻlgan. Uhud urushi tamom boʻlgach, mushriklar oʻz yurtlariga qaytib ketayotib, Hamroul Asad degan joyda dam olishdi. Urushda musulmonlarni tamom yenga olmaganlaridan afsus chekib, orqalariga qaytib, ularni batamom yoʻq qilib tashlashga qaror qilishdi. Bu xabar Paygʻambar alayhissolatu vassalomga yetganda, musulmonlarni dushmanning ortidan borishga, ularga kuch-quvvat va shonu shavkatni koʻrsatishga chaqirdilar. Bu chaqiriqqa musulmonlar, labbay, deb javob berdilar. Hatto birinchi kunda chiqmagan kishilar ham bormoqchi boʻldilar. Rasululloh alayhissolatu vassalom ularga ruxsat bermadilar. Faqat birinchi kuni chiqqanlarning borishini aytdilar. Musulmonlar kechagi ogʻir musiybat, charchoq va olgan jarohatlariga qaramay, chin dildan jangga otlanganlari ushbu oyatda zikr qilinib, ilohiy kitob Qurʼoni Karim sahifalariga yozilib, qiyomatgacha ibodatlarda oʻqiladigan boʻlib qoldi. Darhaqiqat, shu ish tahsinga va havasga sazovor ishdir.
«Ulardan yaxshilik va taqvo qilganlariga ulugʻ ajrlar bordir.»
Muhammad ibn Ishoq Uhud urushida ishtirok etgan Bani Ashham qabilasidan boʻlgan bir birodaridan rivoyat qiladilarki, u bunday hikoya qilgan:
«Men va akam Rasululloh alayhissalom bilan birga Uhud urushida qatnashdik. Ikkovimiz ham yarador boʻldik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning jarchilari odamlarni dushman ortidan chiqishga chaqirganda, bir-birimizga: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ishtiroklaridagi gʻazot bizsiz oʻtadimi?»–dedik. Holbuki, mingani ulovimiz ham yoʻq edi. Ogʻir-ogʻir yaralarimiz bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga chiqdik. Mening jarohatim yengilroq edi. Sherigim charchab qolsa, koʻtarib olar edim. Shunday qilib, musulmonlar bilan birga bordik.»
Yuqoridagi oyat shu kabi kishilar haqida tushgan.
Mushriklarning qalbiga Alloh taolo qoʻrqinchni solib, ular yurtlariga qaytib ketdilar. Musulmonlar Hamroul Asadda uch kun turgandan keyin xursand holda Madiynai Munavvaraga qaytdilar.
Uhud urushidan keyin musulmonlar juda ham noqulay ahvolga tushib qolgan edilar. Avvalo, Badr urushidan keyingi harbiy haybatlari yoʻqoldi. Mushriklarning Madiynai Munavvaraga qayta hujum qilish xavfi kuchaydi. Shuningdek, boshqa arab qabilalari, munofiqlar va yahudiylar ham ularga nisbatan jurʼat qiladigan boʻlib qoldi. Musulmonlar ruhiy tushkunlikka tushdilar.
Rasulullohning musulmonlar bilan mushriklar ortidan Hamroul Asadga chiqishlari, u yerda uch kun turishlari, Abu Sufyon boshliq mushriklar buni eshitib, xuddi qochgandek Makkaga qaytib ketishlari Uhuddan keyin paydo boʻlgan noqulayliklarning barchasini ketkazdi.
Kelasi oyati karimada mazkur moʻminlarning vasfi davom etadi.