قُلِ ٱللَّهُمَّ مَـٰلِكَ ٱلْمُلْكِ تُؤْتِى ٱلْمُلْكَ مَن تَشَآءُ وَتَنزِعُ ٱلْمُلْكَ مِمَّن تَشَآءُ وَتُعِزُّ مَن تَشَآءُ وَتُذِلُّ مَن تَشَآءُ ۖ بِيَدِكَ ٱلْخَيْرُ ۖ إِنَّكَ عَلَىٰ كُلِّ شَىْءٍ قَدِيرٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sen: «Ey barcha mulkning egasi Robbim! Xohlagan kishingga mulk berursan va xohlagan kishingdan mulkni tortib olursan, xohlagan kishingni aziz qilursan, xohlagan kishingni xor qilursan. Barcha yaxshilik Sening qo`lingda. Albatta, Sen har bir narsaga qodirsan.Сен: «Эй барча мулкнинг эгаси Роббим! Хоҳлаган кишингга мулк берурсан ва хоҳлаган кишингдан мулкни тортиб олурсан, хоҳлаган кишингни азиз қилурсан, хоҳлаган кишингни хор қилурсан. Барча яхшилик Сенинг қўлингда. Албатта, Сен ҳар бир нарсага қодирсан.Alauddin Mansour: Ayting: «Ey mulku davlat egasi boʻlgan Alloh, Sen istagan kishingga mulk ato qilursan va istagan kishingdan bu mulkni tortib olursan, istagan kishingni aziz qilursan va istagan kishingni xor qilursan. Bor yaxshilik yolgʻiz Sening qoʻlingdadir. Albatta, Sen barcha narsaga qodirsan.Айтинг: «Эй мулку давлат эгаси бўлган Аллоҳ, Сен истаган кишингга мулк ато қилурсан ва истаган кишингдан бу мулкни тортиб олурсан, истаган кишингни азиз қилурсан ва истаган кишингни хор қилурсан. Бор яхшилик ёлғиз Сенинг қўлингдадир. Албатта, Сен барча нарсага қодирсан.
Ulkan va bitmas-tuganmas haqiqatni ichiga olgan yolborish, dildan chiqishi lozim boʻlgan duo! Alloh subhonahu va taolo borliqni oʻz tasarrufiga olib, tadbirini qilib turuvchi Zot ekanini anglab yetilganini bayon qiluvchi duo! Alloh taoloning ibodatga sazovor yagona Zot ekanini, butun borliq, mavjudot ustida yagona qoim Zot ekanini biluvchi shaxsning duosi! Insonga taalluqli ishlar bu dunyodagi ishlarning faqat ozgina ulushi ekanini anglab yetgan shaxsning duosi! Boʻysunish, madad soʻrash faqat Allohning Oʻzidan boʻlishi zarurligini tushunib yetgan shaxsning duosi!
«Sen: «Ey barcha mulkning egasi Robbim!»
Alloh taolo Oʻzi yagona, U zot ibodatga sazovorlikda ham yagona va butun dunyoning ustidan qoim boʻlishlikda ham yagona boʻlganligidan kelib chiqib, «barcha mulkning egasi» boʻlishda ham yagonadir. Dunyo mulkiga egalikda ham Alloh yagonadir, Uning sherigi yoʻqdir. Shuning uchun ham:
«Xohlagan kishingga mulk berursan va xohlagan kishingdan mulkni tortib olursan».
Agar dunyoda Allohdan boshqa biror kimsa biror mulkka molik boʻlsa, uning molikligi qarzga olgan odamning molikligiga oʻxshaydi. Haqiqiy molik boʻlgan Alloh taolo unga Oʻzi iroda qilgan hikmat boʻyicha vaqtinchalik, arzimagan mulkni berib qoʻygan boʻladi. Binobarin, xohlagan paytida undan mulkni tortib olaveradi. Mulkni vaqtinchalik qarzga olgan odam haqiqiy molikning shartiga muvofiq tasarruf qilsa, baxt-saodatga erishadi. Agar haqiqiy molikning shartiga muvofiq ish tutmasa, oʻzidan koʻraversin.
«Xohlagan kishingni aziz qilursan, xohlagan kishingni xor qilursan.»
Barcha mulkning egasi boʻlgandan keyin Oʻzi biladi-da. Chiqargan hukmini surishtiradigan zot yoʻq. Nima hukmni iroda qilsa, oʻsha hukmni chiqaradi.
«Barcha yaxshilik Sening qoʻlingda.»
Bu yaxshiliklarni xohlagan kishingga berasan, xohlagan kishingga bermaysan.
«Albatta, Sen har bir narsaga qodirsan.»
Sening qudratingning chegarasi yoʻq. Nimani xohlasang, shuni qilasan. Ayni chogʻda, Sen faqat basharning ishini emas, balki undan boshqa ishlarning ham tadbirini qilasan. Jumladan:
«Kechani kunduzga kiritursan va kunduzni kechaga kiritursan».
Bu faqat Sening qoʻlingdan keladi. Ushbu Qurʼoniy vasfni eshitgan, oʻqigan odam qoyil qolmasdan iloji yoʻq. «Kechani kunduzga kiritursan...» Kechada hamma yoq qorongʻu boʻlib turganda, asta- sekin tong yorishib borishi bilan kecha xuddi kunduzning ichiga asta-sekin, asta-sekin kirib borayotganga oʻxshaydi. Xuddi shuningdek, kunduz oxirlab quyosh bota boshlaganida ham kunduz asta-sekin, asta-sekin kechaning ichiga kirib ketadi. Bu ishni faqat Allohning Oʻzigina qiladi.
«... oʻlikdan tirikni chiqarursan va tirikdan oʻlikni chiqarursan.»
Tafsirchi ulamolarimiz oyatning bu boʻlagini: daraxtdan danakni, danakdan daraxtni, tovuqdan tuxumni, tuxumdan tovuqni, moʻmindan kofirni, kofirdan moʻminni chiqarish kabi maʼnolarda tushuntirganlar.
Imom Tobariy rahmatullohi alayhi, jonsiz nutfadan (spermadan) jonli inson va hayvonlarni chiqarish, jonli inson va hayvonlardan jonsiz nutfani chiqarish, degan fikrni quvvatlaganlar.
Lekin umumiyroq va chuqurroq tafakkur qilganlar: har bir jonli narsada oʻlimga tomon harakat bor, toʻgʻrirogʻi, juda sekinlik bilan boʻlsa ham, oʻlish unga kirib keladi, deyishadi. Tiriklik hujayralaridan baʼzilari har lahzada oʻlib turadi. Demak, tirik mavjudotning bir tomonini oʻlim yemirib boradi. Aksincha, boshqa joyda yangi hujayralar paydo boʻladi. U yerga hayot sekin-sekin kirib keladi. Buni Allohdan boshqa hech kim qila olmaydi.
«...hamda xohlagan kishingga behisob rizq berursan.»
Bu ham Sening barcha mulkning yagona egasi ekanligingdan.
Koʻrinib turibdiki, bu ikki oyatda juda ham ulkan maʼnolar oʻz aksini topgan. Yagona Allohning faqat Oʻziga xos kamolot sifatlari jamlangan. Shuning uchun ham, ushbu ikki oyatni kundalik vird– vazifa sifatida oʻqib yurish tavsiya qilinadi.
Imom Tobaroniy rivoyat qilgan hadisda Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohning duo qilsa qabul boʻlishiga sabab boʻladigan ismi aʼzami «Qulillohumma molikal mulki...» oyatidir, deganlar», deb aytganlar.
Mashhur hadis olimlaridan ibn Abi Dunyo rivoyat qiladilarki, Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu:
«Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga zimmamdagi qarzdan shikoyat qilgan edim, u kishi:
«Ey Muoz, qarzing uzilishini xohlaysanmi?»–dedilar. Men:
«Ha»,–dedim. Shunda u zot:
«Qulillohumma molikal mulki tuʼtil mulka man tashaaʼu va tanziʼul mulka mimman tashaaʼu, tuʼizzu man tashaaʼu va tuzillu man tashaaʼu biyadikal xoyru. Innaka ala kulli shayʼin qodiyr». «Rohmanadduniya val oxira va rohiymahumaa tuʼtiy minhumaa man tashaaʼu iqzi annii dayni», deb oʻqi. Agar yer yuzi toʻla tillo qarz boʻlsang ham, uziladi, dedilar».
Barcha ish Allohning qoʻlida boʻlganidan keyin, kofirlar hech narsaga ega boʻlmaganidan keyin: