إِنَّ أَوَّلَ بَيْتٍ وُضِعَ لِلنَّاسِ لَلَّذِى بِبَكَّةَ مُبَارَكًا وَهُدًى لِّلْعَـٰلَمِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Odamlarga muborak, olamlarga hidoyat qilib qo`yilgan birinchi uy Bakkadagi uydir.Одамларга муборак, оламларга ҳидоят қилиб қўйилган биринчи уй Баккадаги уйдир.Alauddin Mansour: Albatta, odamlar ibodat qilishlari uchun qurilgan birinchi uy Makkadagi muborak va butun olamlar uchun hidoyat (mayogʻi) boʻlgan Kaʼbadir.Албатта, одамлар ибодат қилишлари учун қурилган биринчи уй Маккадаги муборак ва бутун оламлар учун ҳидоят (маёғи) бўлган Каъбадир.
Ushbu ikki oyatda Alloh taolo Baytullohning fazlini, qibla boʻlishga eng haqli joy shu yer ekanini bayon qilyapti. Namoz vaqtida u tomonga yuzlanishdan tashqari, imkon topganlar uni haj qilishi ham farz boʻlganini eʼlon etyapti.
«Bakka»–Makkai Mukarramaning ismlaridan biridir. «Bakka» soʻzining lugʻaviy maʼnosi «taqillatib urmoq» boʻlib, Makkada har qanday magʻrurning ham boʻyni egiladi, shuning uchun uni «Bakka» deb ham ataladi.
«Odamlarga muborak, olamlarga hidoyat qilib qoʻyilgan birinchi uy Bakkadagi uydir».
«Bakkadagi uy»–Baytulloh. Odamlarga ibodat uchun, butun olamlarning hidoyati uchun qurilgan birinchi uy Baytullohdir. Undan avval bunday uy qurilgani yoʻq. Bu uy muborak boʻlib, uni kim haj yoki umra qilsa, koʻplab yaxshilik va manfaatlar topadi.
«Unda ochiq alomatlar», yaʼni, Baytullohning oʻzida boshqalardan ustunligiga ochiq-oydin alomatlar bor.
«...va maqomi Ibrohim bor.»
Ulamolarimiz fikrlaricha, «Maqomi Ibrohim» deb, Ibrohim alay- hissalom Baytullohni qurayotganlarida ustida turgan toshga aytiladi. U toshga u zot alayhissalomning oyoq izlari tushib qolgan. Avvallari Kaʼbai Muazzamaga tegib turar ekan. Keyinroq hazrati Umar roziyallohu anhu, uning yonida namoz oʻqiyotganlar tavof qilayotganlarga halaqit bermasin deb, chetroqqa oldirganlar. Hozirgi kunda shisha gʻilof ichiga olinib, yerdan maʼlum miqdor koʻtarib qoʻyilgan.
«Kim unga kirsa, tinch boʻladir.»
Bu fazilat dunyodagi hech bir joyda yoʻq. Ibrohim alayhissalom bu baytni Allohning amri va oʻgʻillari Ismoilning yordami bilan qurganlaridan buyon har bir xavf-xatardagi odam uchun tinchlik- omonlik maskani boʻlib kelmoqda. Hatto arablar johiliyat davrida ham bu qoidaga amal qilishgan. Baʼzi bir jinoyatchilar Masjidul Haromga kirib olishsa, unga tegmaganlar. Arablarda oʻch olish tuygʻusi juda yuqori boʻlishiga qaramasdan, otasini oʻldirib Masjidul Haromga kirib olgan odamni uchratgan oʻgʻil ham uning oldidan indamay oʻtib ketavergan.
Imom Buxoriy va imom Muslimlar Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz alayhissolatu vassalom Makkai Mukarramani fath qilgan kunlarida:
«Albatta, bu yurtni Alloh osmonlaru yerni yaratgan kunda harom qilgan. U Allohning hurmati ila qiyomat kunigacha haromdir. Mendan oldin hech kimga unda urush qilish halol boʻlmagan. Menga ham kunduz kuni, bir oz muddat halol qilindi, xolos. U Allohning hurmati ila qiyomat kunigacha haromdir. Tikoni yulinmaydi. Ov hayvonlari hurkitilmaydi. Tushib qolgan narsani tanigan odamdan boshqa olmaydi...» deganlar.
Demak, Harami Sharifda nafaqat odamga, balki hayvonot va nabobot olamiga, hech bir narsaga ozor berilmaydi.
Olimlarimiz ushbu oyati karimadan, jinoyat qilgan odam qochib Harami Sharifga kirib olsa, unga ozor berilmaydi, ammo unga joy, taom berilmasdan, muomala qilinmasdan, Harami Sharifdan qaytib chiqishga majbur etiladi va chiqqandan soʻng ushlab jazosi beriladi, deb hukm chiqarishgan.
«Odamlardan yoʻlini topganlariga Alloh uchun Baytni haj qilmoq burchdir».
Ushbu oyati karima ila haj ibodati farz boʻlgan. Maʼnoning oʻzidan bilinib turibdiki, haj ibodati hammaga ham farz boʻlavermaydi. Balki «Odamlardan yoʻlini topganlariga» farz boʻladi. Ular kimlar? Ular–sogʻligʻi yaxshi, hajga borib-kelishga oilasidan oshirgan mablagʻi bor, yoʻlida xavf-xatar yoʻq, ayol kishi boʻlsa, mahrami bor shaxslardir. Ushbu shartlarni oʻzida mujassam etgan har bir musulmonga umrida bir marta haj qilish farzdir. Ular imkoni boʻlib turib, haj qilmasalar, katta gunoh qilgan boʻladilar. Shuning uchun ham, oyatning oxirida:
«Kimki kufr keltirsa, Alloh olamlardan behojatdir», deyilyapti.
Yaʼni, kimki imkoni boʻlib turib, haj qilmasa, Allohga buning zarari yoʻq.Chunki, U–butun olamlarga, jami borliqqa va umuman, hech kimga hojati yoʻq Zot. Binobarin, haj qilmaganning toatiga ham behojatdir. Bu yerda imkoni boʻlib turib, haj qilmaslik kufrga tenglashtirilyapti.
Hadisi shariflardan birida:
«Kim hajga qodir boʻlsayu, haj qilmasa, xohlasa yahudiy boʻlib oʻlsin, xohlasa nasroniy boʻlib oʻlsin», deyilgan.
Haj ibodati musulmonlarning yillik umumiy yigʻilishidir. Ular yilda bir marta oʻzlariga hidoyat nuri taralgan markazda toʻplanadilar. Hamda koʻplab foydalarga ega boʻladilar.
Keyingi oyat yana ahli kitobga xitob qiladi: