QurʼonҚуръонPaygʻambarlar vorislariПайғамбарлар ворислари
Ar-Rum surasi · Oyatсураси · Оят5

بِنَصْرِ ٱللَّهِ ۚ يَنصُرُ مَن يَشَآءُ ۖ وَهُوَ ٱلْعَزِيزُ ٱلرَّحِيمُ

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Allohning nusratidan. U xohlaganiga nusrat berur. Va U aziyzu rohiymdir.Аллоҳнинг нусратидан. У хоҳлаганига нусрат берур. Ва У азийзу роҳиймдир.Alauddin Mansour: Alloh (rumliklarni) gʻolib qilgani sababli. (Alloh) Oʻzi xohlagan kishini gʻolib qilur. U qudrat va rahm-shafqat Egasidir.Аллоҳ (румликларни) ғолиб қилгани сабабли. (Аллоҳ) Ўзи хоҳлаган кишини ғолиб қилур. У қудрат ва раҳм-шафқат Эгасидир.

404-sahifa · 21-juz · 41-hizb404-саҳифа · 21-жуз · 41-ҳизб
Soʻzma-soʻzСўзма-сўз
بِنَصْرِnusrati ilaнусрати илаٱللَّهِ ۚAllohningАллоҳнингيَنصُرُnusrat berurнусрат берурمَنkimgakiкимгакиيَشَآءُ ۖxohlasaхоҳласаوَهُوَva Uва Уٱلْعَزِيزُazizdirазиздирٱلرَّحِيمُrohiymdirроҳиймдир
TafsirТафсир

Yaʼni, Rum Forsdan yengildi. Bu hodisa arablarga yaqin yerda boʻldi. Rum va Fors yerlari Arabiston yarim oroliga bevosita chegaradoshdir. Va rumliklar bu magʻlubiyatlaridan keyin tezda, sanoqli yillar ichida qaytadan gʻolib boʻlajaklar. Rumliklar gʻolib boʻladigan kunda moʻminlar Allohning nusratidan shodlanadilar. Alloh xohlaganiga nusrat beradi. Va U zot aziz (barchadan gʻolib) va rahim-shafqatlidir.

Fors va Rum davlatlari orasidagi qirgʻinbarot urush natijalaridan keyin bunday gaplarni Alloh taolo aytmasa, odam bolasi jurʼat qilib ayta olmas edi. Har qanday odamga, shunchalar qaqshatqich zarbaga uchragan, tilka-pora boʻlib ketgan Rum davlati qanday qilib bir necha yil ichida qudratli Fors davlatini yenga oladi, degan fikr kelishi turgan gap edi. Shunday boʻldi ham. Mushriklar Qurʼoniy xabarni masxara qilib kula boshlashdi. Ular manzarani oʻz qarichlari bilan oʻlchashar, ammo Alloh taoloning oʻlchovi boshqa ekani xayollariga kelmasdi.

Ushbu hodisa haqida bir qancha rivoyatlar kelgan. Shulardan biri ulugʻ mufassir va tarixchi imom ibn Jarir Tobariyning Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan qilgan rivoyatlaridir:

«Mushriklar forsliklarning rumliklardan ustun boʻlishini orzu qilar edilar. Musulmonlar esa, rumliklarning forslardan ustun boʻlishini orzu qilar edilar. Chunki, ular ahli kitob edilar. Ularning dinlari oʻzaro yaqin edi.

«Alif. Laam. Miym. Rum magʻlub boʻldi. Yaqin yerda. Va ular magʻlubiyatlaridan keyin tezda gʻolib boʻlajaklar. Sanoqli yillarda» oyatlari nozil boʻlganida, mushriklar:

«Ey, Abu Bakr! Sening ogʻayning, Rum sanoqli yillarda Forsdan ustun boʻladi, demoqda-ya?!» deyishdi. Abu Bakr:

«Toʻgʻri aytadi», dedilar. Ular:

«Biz bilan garov oʻynaysanmi?» deyishdi. Yetti yil muddatga toʻrttadan tuyaga garov oʻynadilar. Yetti yil oʻtdi. Hech narsa boʻlmadi. Bundan mushriklar shodlanishdi. Musulmonlar mahzun boʻlishdi. Abu Bakr boʻlib oʻtgan gapni Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga zikr qildilar. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:

«Sizningcha, «bizʼu» (sanoqli yillar) qancha?» deb soʻradilar. Abu Bakr:

«Oʻndan oz», deb javob qildilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Bor, garovning ustiga yana ziyoda qil va muddatni ikki yilga oshir», dedilar. Ikki yil oʻtmay turib otliqlar kelib, Rum Fors ustidan gʻolib kelganining xabarini berdilar. Moʻminlar bundan shodlanishdi!»

(Ilova: U vaqtlarda garov harom boʻlmagan edi. Oyati karimada Rum «bizʼa»–sanoqli yillarda gʻolib kelishi aytilgan edi. Demak, oʻn yildan oz muddatda, deganidir. Shuning uchun ham, mushriklar yetti yil oʻtsa ham bir gap boʻlmaganidan xursand boʻldilar. Ammo Paygʻambarimiz alayhissalom oyati karimada aytilgan narsa boʻlishiga toʻla ishonchda edilar. Shuning uchun ham, u zot hazrati Abu Bakrga garov qiymatini oshirishni irshod qildilar. Allohning aytgani sodir boʻldi.)

Ha, mazkur oyatlarda aytilganidek,

«Undan oldin ham, keyin ham barcha ish Allohdandir».

Yaʼni, rumliklarning magʻlubiyatga uchrashlaridan oldin ham, undan keyin ham dunyodagi barcha ishlar Allohning irodasiga bogʻliq edi va shunday boʻlib qoladi. Faqat U zotning xohlagani boʻladi. Alloh taolo rumliklarning sanoqli yillarda gʻalaba qozonishini aytgan edi. U kun keladi. Va:

«Oʻsha kunda moʻminlar Allohning nusratidan shodlanurlar».

Shunday boʻldi ham. Alloh rumliklarga gʻalaba berdi. Moʻminlar bundan shodlandilar.

«U xohlaganiga nusrat berur.»

Alloh taolo kimga xohlasa, shunga nusrat beradi. Uning xohishiga hech kim toʻsiq boʻla olmaydi.

«Va U azizu rohiymdir.»

Alloh aziz, hammaning ustidan gʻolib va barchaga mehribondir. Maʼlumki, Alloh taolo vaqti-soati kelib rumliklarni forsdan, musulmonlarni mushriklardan ustun qildi. Bu oyatlar tushgan paytda hech bir odam bolasi rumliklar forsdan, musulmonlar mushriklardan gʻolib kelishini tasavvuriga sigʻdira olgan emas. Lekin oradan oyatda aytilgan sanoqli yillar–toʻqqiz yil oʻtib, rumliklar forsliklar ustidan gʻolib keldilar. Ayni vaqtda, musulmonlar Badr urushida oʻzlariga nisbatan son va qurol jihatidan bir necha marta ustun boʻlgan mushriklar ustidan insoniyat tarixini oʻzgartirgan gʻalabaga erishdilar. Hamda Alloh vaʼda qilgan nusratga yetishib, shod boʻldilar.