ٱلَّذِينَ يُقِيمُونَ ٱلصَّلَوٰةَ وَيُؤْتُونَ ٱلزَّكَوٰةَ وَهُم بِٱلْـَٔاخِرَةِ هُمْ يُوقِنُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ular namozni to`kis ado etadigan, zakotni beradigan va oxiratga ishonch-la iymon keltiradiganlardir.Улар намозни тўкис адо этадиган, закотни берадиган ва охиратга ишонч-ла иймон келтирадиганлардир.Alauddin Mansour: Ular namozni toʻkis ado etadigan, zakotni (haqdorlarga) ato etadigan va Oxiratga aniq ishonadigan zotlardir.Улар намозни тўкис адо этадиган, закотни (ҳақдорларга) ато этадиган ва Охиратга аниқ ишонадиган зотлардир.
Aslida, Qurʼoni Karim butun olamlar uchun hidoyat va rahmatdir. Bu narsa boshqa oyatlarda taʼkidlangan. Ammo ushbu oyatda mazkur sifatlarga ega boʻlgan muhsinlarga uning hidoyat va rahmat ekanini aytishdan murod ana oʻsha kishilargina Qurʼondan toʻla manfaat ola bilishlarini taʼkidlashdir. Muhsin kishi Allohga xolis niyat ila iltijo etib, maqsadini va amalini yaxshi qilgan kishidir.
Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Ehson Allohga xuddi Uni koʻrib turgandek ibodat qilishingdir. Agar Uni sen koʻrmagudek boʻlsang, xuddi U seni koʻrib turganidek», deganlar.
Oyati karimada muhsinlarning namozni toʻkis ado etishi, zakot berishi va oxiratga aniq ishonch ila iymon keltirishi eslatilmoqda. Bu sifatlar har bir inson uchun oʻta lozimdir. Darhaqiqat, ushbu sifatlar bilan sifatlanib, muhsin boʻlish darajasiga yetgan kishilargina Qurʼoni Karimdan, uning hidoyat va rahmatidan toʻliq manfaat ola biladilar.