يَـٰٓأَيُّهَا ٱلنَّبِىُّ ٱتَّقِ ٱللَّهَ وَلَا تُطِعِ ٱلْكَـٰفِرِينَ وَٱلْمُنَـٰفِقِينَ ۗ إِنَّ ٱللَّهَ كَانَ عَلِيمًا حَكِيمًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey Nabiy! Allohga taqvo qil va kofiru munofiqlarga itoat etma! Albatta, Alloh o`ta olim va o`ta hikmatli Zotdir.Эй Набий! Аллоҳга тақво қил ва кофиру мунофиқларга итоат этма! Албатта, Аллоҳ ўта олим ва ўта ҳикматли Зотдир.Alauddin Mansour: Ey Paygʻambar, Allohdan qoʻrqing va kofir, munofiq kimsalarga boʻyinsunmang! Albatta Alloh bilguvchi va hikmat egasi boʻlgan Zotdir.Эй Пайғамбар, Аллоҳдан қўрқинг ва кофир, мунофиқ кимсаларга бўйинсунманг! Албатта Аллоҳ билгувчи ва ҳикмат эгаси бўлган Зотдир.
Ushbu oyatda Alloh taoloning Muhammad sollallohu alayhi vasallamga:
«Ey Nabiy!» deb murojaat qilishi ham u kishining shaʼnlarini koʻtarish, ulugʻ martaba boʻlmish Paygʻambarlik maqomlarini yana bir bor eslatishdan iboratdir.
Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga qilingan xitob ayni choqda moʻmin-musulmonlarga ham tegishlidir. Bu yerda Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Islom jamiyatining rahbari, musulmon davlatining boshligʻi eʼtibori bilan xitob qilinmoqda:
«Ey Nabiy! Allohga taqvo qil!»
Yaʼni, Allohga taqvo qilishda davom et.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu oyat nozil boʻlishidan oldin ham Allohga taqvo qilar edilar. Bir ishni bajarib turgan odamga yana oʻsha ishni qilish haqida amr boʻlsa, oʻsha ishingni davom ettir, degan maʼno chiqadi.
Taqvoning maʼnosi haqida avvallari ham koʻp gapirilgan. Taqvo, avom xalq tushunib kelganidek, qorongʻu uyga kirib olib, zikr bilan mashgʻul boʻlish emasligi taʼkidlangan.
Bu oyatdagi daʼvatda ham oʻsha «taqvo» nazarda tutilmayapti, balki Allohning aytganini qilib, qaytarganidan qaytib, Unga toʻla itoat etib yashashga chorlanyapti, xolos. Bu maʼnoni keyingi
«va kofiru munofiqlarga itoat etma!» degan jumladan ham tushunib olish mumkin. Ha, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam ham, u kishining ummatlari ham hech qachon kofir va munofiqlarning gap-soʻzlariga itoat qilmasliklari ushbu oyatda ilohiy buyruq oʻlaroq kelmoqda.
Moʻmin-musulmonlar itoat etadigan zot Allohdir. Ular hayotlarining barcha sohalarida Alloh taologa itoat etadilar. Aslida, «Allohga taqvo qil», degan amrning oʻzi yetarli edi. Allohga taqvo qilishning ichida kofir va munofiqlarga itoat etmaslik ham bor edi. Ammo bu ish, yaʼni, kofir va munofiqlarga itoat etmaslik oʻta muhim va esga solib qoʻyish zarur boʻlganligi uchun alohida taʼkidlab, «va kofiru munofiqlarga itoat etma!» deyildi.
«Albatta, Alloh oʻta olim va oʻta hikmatli zotdir.»
U Oʻzining oʻta olimligi ila kim Allohga taqvo qilyapti, kim qilmayapti, yaxshi biladi. Shuningdek, kim kofir va munofiqlarga itoat qilyapti, kim itoat qilmayapti, buni ham yaxshi biladi. Hamda Oʻzining oʻta hikmatliligi ila bunga yarasha chora koʻradi.