يَـٰٓأَيُّهَا ٱلنَّبِىُّ قُل لِّأَزْوَٰجِكَ إِن كُنتُنَّ تُرِدْنَ ٱلْحَيَوٰةَ ٱلدُّنْيَا وَزِينَتَهَا فَتَعَالَيْنَ أُمَتِّعْكُنَّ وَأُسَرِّحْكُنَّ سَرَاحًا جَمِيلًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey Nabiy, jufti halollaringga: «Agar bu dunyo hayotini va uning ziynatini iroda qilsangiz, kelinglar, sizlarni bahramand qilay va chiroyli bo`shatish ila bo`shatib qo`yay.Эй Набий, жуфти ҳалолларингга: «Агар бу дунё ҳаётини ва унинг зийнатини ирода қилсангиз, келинглар, сизларни баҳраманд қилай ва чиройли бўшатиш ила бўшатиб қўяй.Alauddin Mansour: Ey paygʻambar, juftlaringizga ayting: «Agar sizlar hayoti dunyoni va uning zebu ziynatlarini istaydigan boʻlsangizlar, u holda kelinglar, men sizlarni (oʻsha narsalardan) bahramand etay va chiroyli kuzatish bilan kuzatay.Эй пайғамбар, жуфтларингизга айтинг: «Агар сизлар ҳаёти дунёни ва унинг зебу зийнатларини истайдиган бўлсангизлар, у ҳолда келинглар, мен сизларни (ўша нарсалардан) баҳраманд этай ва чиройли кузатиш билан кузатай.
Ushbu ikki oyati karimaning nozil qilinishiga Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam bilan u kishining tohira ayollari orasida oʻtgan hodisa sabab boʻlgan.
Imom Ahmad ibn Hanbal bu haqda Jobir roziyallohu anhudan quyidagilarni rivoyat qiladilar:
«Abu Bakr roziyallohu anhu Rasululoh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirish uchun kelganlarida, odamlar u zot sollallohu alayhi vasallamning eshiklari oldida turishgan edi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam ichkarida oʻtirgan edilar. Abu Bakr roziyallohu anhuga izn berilmadi. Soʻngra Umar roziyallohu anhu keldi. Izn soʻradilar, unga ham izn berilmadi. Keyin Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumolarga izn berildi, ular ichkariga kirdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jim oʻtirardilar. Umar roziyallohu anhu (oʻzicha) bir gap qilay, shoyad, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xursand boʻlsalar, deb:
«Ey, Allohning Rasuli, Zaydning qizi (Hazrati Umarning xotini) hozirgina mendan nafaqa soʻragan edi, boʻyniga boplab tushirdim!» dedilar. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam kulib yubordilar, tishlari koʻrinib ketdi. Soʻngra:
«Manavilar ham atrofimni oʻrab olib, nafaqa soʻrashmoqda», dedilar. Abu Bakr roziyallohu anhu Oishani urgani oʻrinlaridan turdilar. Umar roziyallohu anhu Hafsani urgani turdilar. Ikkovlari ham:
«Rasulullohdan u kishining huzurlarida yoʻq narsani talab qilasizlarmi?» deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni qaytardilar. Shundan soʻng «xiyor» deb nomlangan ushbu ikki oyat nozil boʻldi:
«Ey Nabiy, jufti halollaringga: «Agar bu dunyo hayotini va uning ziynatini iroda qilsangiz, kelinglar, sizlarni bahramand qilay va chiroyli boʻshatish ila boʻshatib qoʻyay», deb ayt.
Yaʼni, hayoti dunyo matohlaridan keragini beray-da, sizlarni taloq qilay.
«Agar Allohni va Uning Rasulini va oxirat diyorini iroda qiladigan boʻlsangiz, bas, albatta, Alloh sizlardan goʻzal amal qilguvchilarga ulugʻ ajrni tayyorlab qoʻygan», deb ayt.»
Ushbu ikki oyatdagi buyruqqa binoan, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam har bir ayollariga yoki bu dunyo hayoti va uning ziynatini, yoki Alloh, Uning Rasuli va oxiratni ixtiyor qilishini soʻrab chiqishlari kerak edi. U zoti bobarakot bu ishni Oisha onamizdan boshladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizga:
«Men senga bir ishni aytaman. Shoshilmasdan, ota-onang bilan maslahat qilib javob bergin», dedilar. Oisha onamiz:
«U qanday narsa?» dedilar.
Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam:
«Ey Nabiy, jufti halollaringga...» oyatini oʻqib berdilar. Oisha onamiz:
«Siz haqingizda ota-onam bilan maslahat qilamanmi?! Yoʻq! Men Allohni va Uning Rasulini ixtiyor qilaman. Sizdan iltimos, nimani ixtiyor qilganimni boshqa xotinlaringizga aytmasangiz», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Alloh taolo meni qoʻpol qilib emas, muallim va yengillatuvchi qilib yuborgan, ulardan kim sening nimani ixtiyor qilganingni soʻrasa, aytib beraman», dedilar.
Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam barcha jufti halollariga ikki ixtiyordan birini tanlashga izn berdilar, hammalari Oisha onamiz tanlagan narsani tanladilar.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam oʻzlari uchun, oilalari uchun sodda va kamtarona hayot tarzini ixtiyor qilgan edilar. Ul zot dabdabali hayot kechirish imkoni yoʻqligidan emas, noiloj qolib ham emas, agar butun dunyo bor ziynatlari bilan oyoqlari ostida turganida ham faqirona kun koʻrishni afzal bilardilar. Koʻpchilik musulmonlarga oʻxshab bir oz kamtarroq kun koʻrar edilar. Dunyo va uning ziynatlaridan oʻzlarini yuqori tutardilar. Paygʻambarimiz bilan bir yostiqqa bosh qoʻygan onalarimiz butun ogʻirliklarni boʻyinlariga olib, hamma muslima ayollarga oʻrnak boʻlib hayot kechirdilar. Ular yer yuzidagi eng ulugʻ inson bilan birga oila qurib yashar edilar. Ularning uylarida insoniyatga ikki dunyo saodatini qiyomatgacha koʻrsatib beruvchi ilohiy dastur–Qurʼoni Karimning oyatlari nozil boʻlib turar edi. Shu bilan birga, ular inson edilar. Boshqalarga oʻxshagan oddiy inson farzandi edilar. Islom dini quvvatga kirib, jamiyat va davlat shakllanib, imkoniyatlar ochilganidan keyin, endi biz ham bir oz boshqalar kabi manfaatlansak boʻlar, degan fikrga borgan boʻlishlari mumkin. Shuning uchun, Hazrati Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamdan nafaqalarini yaxshilashni soʻragan boʻlsalar kerak. Lekin bu ishlari Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xush kelmadi. Ul zot maʼyus boʻlib, sukut saqlab, uydan chiqmay oʻtirib oldilar. Huzurlariga kirishga ruxsat soʻraganlarga izn ham bermadilar.
Nihoyat, bu masalaning keskin javobi Alloh taoloning Oʻzidan keldi. Onalarimiz kundalik maiyshiy nafaqalari haqidagina soʻrashgan boʻlsa ham, javob umumiy tarzda keldi. Yoki bu dunyo, yoki oxirat. Yoki bu dunyoning matohi, yoki Allohning roziligi va jannati, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga boʻlish. Albatta, onalarimiz Allohni, Uning Rasulini va oxiratni ixtiyor qildilar.
Islom halol-pok va shukri keltiriladigan dunyo matohini harom qilmagan. Musulmonlarga bu dunyodagi nasibalarini unutmaslikni tavsiya etgan. Lekin Alloh taolo Paygʻambarlik uyining, hammaga oʻrnak boʻladigan joyning dunyo matohiga munosabatda alohida ajrab turishini ham iroda qildi. Shu boisdan, kelasi oyatlarda Alloh taolo Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning pokiza jufti halollariga–onalarimizga alohida xitob etadi: