وَأَوْرَثَكُمْ أَرْضَهُمْ وَدِيَـٰرَهُمْ وَأَمْوَٰلَهُمْ وَأَرْضًا لَّمْ تَطَـُٔوهَا ۚ وَكَانَ ٱللَّهُ عَلَىٰ كُلِّ شَىْءٍ قَدِيرًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va sizlarga ularning yerini, hovli-joylarini, molu mulklarini va qadamingiz yetmagan yerni meros qilib berdi. Alloh har bir narsaga qodir Zotdir.Ва сизларга уларнинг ерини, ҳовли-жойларини, молу мулкларини ва қадамингиз етмаган ерни мерос қилиб берди. Аллоҳ ҳар бир нарсага қодир Зотдир.Alauddin Mansour: Va sizlarni ularning yerlariga, hovli-joylariga, molu mulklariga va (hali) sizlarning oyoqlaringiz yetmagan yerlarga voris qildi. Alloh har narsaga qodir boʻlgan Zotdir.Ва сизларни уларнинг ерларига, ҳовли-жойларига, молу мулкларига ва (ҳали) сизларнинг оёқларингиз етмаган ерларга ворис қилди. Аллоҳ ҳар нарсага қодир бўлган Зотдир.
Alloh taolo musulmonlarga bani qurayzaliklarning yerlarini, hovli-joylarini, molu mulklarini oʻlja qilib berdi.
«Qadamingiz yetmagan joyni» degani, urush qilib bormagan joyingizni, deganidir. Bundan Bani Qurayzaning boshqa joyda yerlari borligi va oʻsha yerlar ham musulmonlar ixtiyoriga oʻtgani tushuniladi. Baʼzi ulamolarimiz, bu yer «Xaybar» nomli joy, deganlar. Baʼzilari: kelajakda musulmonlar qoʻliga oʻtajak hamma yerlar, deyishgan.
«Alloh har bir narsaga qodir zotdir.»
Shuning uchun ham bu ishlarni hech bir mashaqqatsiz amalga oshirdi. Urush musulmonlar va Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam xohlamasalar ham, kofir va mushriklar tomonidan sodir etilgan bir holat edi. Musulmonlar tinchgina hayot kechirib, oʻz jamiyatlarini qurayotgan, mustahkamlayotgan edilar. Ularning tinch hayot jarayonida erishayotgan muvaffaqiyatlari kofir va mushriklarning ichini yondirib, ular musulmonlarni tag-tomirlari bilan qirib tashlash maqsadida turli ahzobni toʻplab, bostirib kelgan edilar. Alloh urushda musulmonlarga nusrat berdi. Urush tugashi bilan musulmonlar yana tinch hayot qurishga kirishdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmon shaxsni, musulmon jamiyatni, musulmon davlatni barpo etishda Allohning taʼlimotlarini hayotga tadbiq etishni yana boshladilar. Ularni johiliyat illatlaridan poklashda davom etdilar. Shuning uchun ham, Ahzob urushi haqidagi oyatlardan soʻng bevosita mazkur masalalarga bogʻliq oyatlar keldi. Bu safar Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollariga tegishli oyatlar keldi. Avval bu pokiza, munisa ayollar moʻminlarning onalari ekanligi aytib oʻtilgan edi. Endi esa, oʻsha oliy maqom ulardan nimalarni talab qilishi haqida soʻz ketadi: