وَٱذْكُرْنَ مَا يُتْلَىٰ فِى بُيُوتِكُنَّ مِنْ ءَايَـٰتِ ٱللَّهِ وَٱلْحِكْمَةِ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ كَانَ لَطِيفًا خَبِيرًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va uylaringizda tilovat qilinayotgan Allohning oyatlarini va hikmatni eslang. Albatta, Alloh o`ta latiyf va o`ta xabardor bo`lgan Zotdir.Ва уйларингизда тиловат қилинаётган Аллоҳнинг оятларини ва ҳикматни эсланг. Албатта, Аллоҳ ўта латийф ва ўта хабардор бўлган Зотдир.Alauddin Mansour: Uylaringizda Allohning oyatlari va hikmat (yaʼni, paygʻambar hadislari)dan iborat tilovat qilinadigan narsalarni zikr-tilovat qilinglar! Albatta Alloh mehribon va ogoh boʻlgan Zotdir.Уйларингизда Аллоҳнинг оятлари ва ҳикмат (яъни, пайғамбар ҳадислари)дан иборат тиловат қилинадиган нарсаларни зикр-тиловат қилинглар! Албатта Аллоҳ меҳрибон ва огоҳ бўлган Зотдир.
Alloh taolo Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollariga ular yashab turgan uylar oddiy uy emas, Allohning oyatlari nozil boʻlib, tilovat qilinib turgan manzil ekanini eslatmoqda. Ular yashab turgan uylar oddiy uy emas, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari joriy etilib, hadislari soʻzlanib turgan uylar ekanini eslatmoqda. Ayni choqda, ular uylarida tilovat etilayotgan Qurʼon oyatlarini va Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning hikmatli hadislarini unutmaslikka, ularni eslab, anglab, oʻrganib, soʻng amal qilishga buyurilmoqdalar.
«Albatta, Alloh oʻta latiyf va oʻta xabardor boʻlgan zotdir.»
Biz «latif» deganda «lutfli», «marhamatli» maʼnosini tushunadigan boʻlib qolganmiz. Aslida, «latif» degani har bir narsaning oʻta nozik joylarigacha yaxshi biluvchi, maʼnosini bildiradi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning azvoji mutohharalariga boʻlgan uzoq nidodan soʻng, Alloh taolo Oʻzining har bir narsani eng nozik joyigacha yaxshi biluvchi, har bir narsadan oʻta xabardor zot ekanini aytish bilan, ana oʻsha aytilgan amrlarga amal qilasizlarmi, yoʻqmi, hammasini bilib turaman, deb ogohlantirmoqda.
Islomda oila masalasiga alohida eʼtibor bilan qaralishi maʼlum. Chunki, oila har bir jamiyatning oʻzagi boʻladi. Oilalari mustahkam boʻlgan jamiyatning oʻzi ham mustahkam boʻladi. Hamma narsa oiladan boshlanadi.
Shuningdek, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oilalariga alohida eʼtibor berishda ham katta hikmat bor. Chunki, Islom jamiyatining oʻzagi musulmon oilalari boʻlsa, musulmon oilalarning oʻzagi bu muborak oiladir. Islomiy oila qanday boʻladi? Islomiy oilada oʻzaro munosabatlar qanday boʻlishi kerak? Shu kabi koʻplab savollarga aynan mana shu muborak oiladan javob va oʻrnak olinadi.
Bu xususda mulohazalar juda ham koʻp. Lekin nima uchun Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning azvoji mutohharalariga bunchalik jiddiy eʼtibor berilmoqda? Holbuki, dushmanlar: «Islom ayollar masalasiga eʼtibor bermaydi, ayol kishiga mislsiz jabr- sitam beradi», deb ayblaydilar-ku?
Avvalo, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollariga Qurʼoni Karimda bunchalik koʻp eʼtibor berilishning oʻzi dushmanlarning gaplari behuda ekaniga yorqin dalildir. Qolaversa, bu masalada anchagina gap bor. Alloh taolo yer yuziga Islom nurini yubora boshlagan vaqtda butun dunyo jaholat botqogʻiga botgan edi. Chor atrofda johillik, adolatsizlik, zulm va javru sitam hukm surardi. Ayniqsa, ayollarga tegishli masalalarda bu salbiy ishlar avj olib, eng choʻqqiga chiqqan edi. Hatto, ayolni odam oʻrnida koʻrmaydigan toifalar bor edi. Masalan, nasorolar olamida alohida yigʻilish oʻtkazilib, oʻsha vaqtdagi rahnamolar tomonidan «Ayol erkakni yoʻldan urish uchun yaratilgan shaytondir, unga koʻzi tushgan odam ham gunohkor boʻladi, ayol havoni bulgʻatmasligi uchun ogʻziga toʻsiq tutib yurishi kerak», degan qarorlar qabul qilingan edi. Ahli kitob boʻlmish nasorolardan kelgani shu boʻlganidan keyin, boshqa toifalarni qoʻyib tursa ham boʻladi. Johiliyat tuzumida ayolga dunyoning matohi sifatida qaralardi. U erkak kishiga matoh edi, goʻyo. U erkak kishining shahvati uchun kerak edi. Jinsiy aloqalarda kim nimani xohlasa, shuni qilardi. Oila masalasi juda ogʻir ahvolda edi. Ayol kishini molu mulkka qoʻshib, meros qilib olish oddiy hol edi. Ayolga qilingan past munosabatlar, unga yetkazilgan turli zulmlar misoli boshqa sura va oyatlarda ham keldi.
Islom dini mukammal ilohiy tuzum oʻlaroq, dunyodagi mavjud barcha nuqsonlarni, jumladan, insoniyatning nafis parchasi sanalmish ayollarga munosabatdagi mavjud nuqsonlarni ham tuzatishga kirishdi. Ayolga toʻlaqonli inson sifatida qarash masalasini oʻrtaga qoʻydi. Ayollarga qilinayotgan zulm, javr va sitamni kesishga kirishdi. Shu bilan birga, islomiy qonun-qoidalarni, axloq-odoblarni, tasavvur va madaniyatni joriy qila boshladi. Oʻsha vaqtda ayollarga yetkazilgan zulm koʻp boʻlgani uchun Islomda ularga eʼtibor ham koʻp boʻldi.
Qurʼoni Karimning uzun suralaridan biri «Niso» («Ayollar») deb ataldi. Boshqa bir sura «Mujodala» («Tortishuvchi ayol») nomini oldi. Shuningdek, «Taloq» surasini ham «Kichik Niso», deyishadi. Qurʼoni Karimning boshqa suralarida ham ayollar masalasiga alohida eʼtibor bilan qaraladi. «Nur» surasi buning yorqin misolidir. Hozir biz oʻrganayotgan «Ahzob» surasi ham shular jumlasiga kiradi. Ayollarga boʻlgan eʼtiborning tasdigʻi oʻlaroq, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmon ummatiga qilgan ommaviy vaʼz-nasihatlaridan tashqari, yana ayollar uchun alohida majlislar ham oʻtkazib turardilar.
Shu bilan birga, mazkur oyatlarni, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini, hadislarini, shariat ahkomlarini muslima ayollarga oʻziga xos uslub bilan yetkazadigan, xususan, ayollarning oʻzlarigagina xos boʻlgan masalalarni tushuntirib beradigan muallimalar kerak edi. Bu vazifani faqat Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollarigina bajarishlari mumkin. Shuning uchun ham, yuqorida oʻrgangan oyatlarimizda u zotlarga alohida eʼtibor bilan qaralmoqda, alohida talablar qoʻyilmoqda. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xotinlari koʻp boʻlgani ham, asosan, shu eʼtibordandir. Chunki, bunday ulkan masʼuliyat–Islom ummati ayollariga Qurʼoni Karim, Sunnati nabaviya taʼlimotlarini, shariat ahkomlarini yetkazish bitta yoki toʻrtta ayolning qoʻlidan keladigan ish emas edi.
Ahli baytdan dogʻlarni ketkazib, butunlay poklash uchun ularda zarur sifatlarning mavjud boʻlishi shart ekaniga yuqoridagi oyatlarda ishora qilindi. Islom jamiyatidan kirni ketkazib, uni butunlay poklash uchun ham, albatta, oʻsha jamiyat aʼzolarida maʼlum bir sifatlar, qadriyatlar boʻlishi kerak. Chunki, Allohning roziligiga erishish, jannatga kirish oʻz-oʻzidan beriladigan mukofot emas. Quyidagi oyati karimada xuddi ana shu sifatlarning baʼzilari haqida soʻz ketadi.