يَـٰٓأَيُّهَا ٱلنَّبِىُّ إِنَّآ أَرْسَلْنَـٰكَ شَـٰهِدًا وَمُبَشِّرًا وَنَذِيرًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey Nabiy, albatta, Biz seni guvohlik berguvchi, xushxabarchi va ogohlantirguvchi...Эй Набий, албатта, Биз сени гувоҳлик бергувчи, хушхабарчи ва огоҳлантиргувчи...Alauddin Mansour: Ey paygʻambar, darhaqiqat, Biz sizni (Qiyomat Kunida barcha ummatlar ustida) guvohlik berguvchi, (moʻminlarga jannat haqida) xushxabar eltguvchi va (kofirlarni doʻzax azobidan) ogohlantirguvchi qilib yuborgandirmiz.Эй пайғамбар, дарҳақиқат, Биз сизни (Қиёмат Кунида барча умматлар устида) гувоҳлик бергувчи, (мўминларга жаннат ҳақида) хушхабар элтгувчи ва (кофирларни дўзах азобидан) огоҳлантиргувчи қилиб юборгандирмиз.
Ushbu ikki oyatda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning toʻrtta vazifalari va bitta sifatlari zikr qilinmoqda.
«Ey Nabiy, albatta, Biz seni guvohlik berguvchi» qilib yubordik.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam barcha xaloyiq ustidan guvohlik beradilar. Guvohlik berganlarida ham, Alloh taolo huzurida guvohlik beradilar. Odamlar u zotning haqlarida turli boʻlmagʻur gap-soʻzlar tarqatish oʻrniga, u kishidan yaxshi guvohlik olishga harakat qilsinlar.
«...xushxabarchi...»
Iymon keltirib, ibodat va amali solih qilganlarga ajru savob, izzat-ehtirom, ikki dunyo saodati va jannat haqida xushxabar beruvchi ham Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamdirlar.
«...ogohlantirguvchi...»
Kofir, munofiq, osiy, fosiq, fojir boʻlganlarni azob-uqubatdan, ikki dunyo badbaxtligidan va qiyomat kuni sharmandaligi hamda doʻzax azobidan ogohlantiruvchi ham Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamdirlar.
«...Va Oʻz izni ila Allohga daʼvat qilguvchi...»
Muhammad sollallohu alayhi vasallam odamlarni Allohga daʼvat qiluvchidirlar, boshqaga emas. Daʼvat qilganlarida ham, Alloh taoloning izni bilan daʼvat qiladilar, oʻzlaricha emas. Bu ishni Alloh taoloning Oʻzi ixtiyor qilgan, Oʻzi izn bergan, Oʻzi amr etgan.
«...hamda nurli chiroq qilib yubordik.»
Ha, Muhammad sollallohu alayhi vasallam johiliyat zulmatlaridagi nurli chiroqdirlar. Turli zulmatlar ichida yoʻlini topa olmay, urinib-surinib yurgan kishilarni Islomning yorugʻ yoʻliga boshlovchi nurli chiroqdirlar.
Imom ibn Abu Hotim hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan quyidagilarni rivoyat qiladilar:
«Ey Paygʻambar, albatta, Biz seni guvohlik berguvchi, xushxabarchi va ogohlantirguvchi...» qilib yubordik oyati nozil boʻlganida, u zot sollallohu alayhi vasallam Ali va Muoz roziyallohu anhularni Yamanga borishga amr etgan edilar. Bu ikkovlariga:
«Boraveringlar, bas, xushxabar beringlar, nafratlantiradigan gaplarni aytmanglar, yengil olinglar, ogʻir olmanglar, menga: «Ey Nabiy, albatta, Biz seni guvohlik berguvchi, xushxabarchi va ogohlantirguvchi...» qilib yubordik oyati nozil boʻldi», dedilar.»
Imom Buxoriy, imom Ahmad ibn Hanbal va imom ibn Abu Hotim Aʼto ibn Yasir roziyallohu anhudan quyidagi rivoyatni keltiradilar:
«Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhu bilan uchrashganimda, unga:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Tavrotdagi sifatlarini aytib ber», dedim. U:
«Xoʻp! Allohga qasamki, u zot Tavrotda ham oʻzlaring oʻqiydigan Qurʼondagi baʼzi sifatlar bilan sifatlangandirlar:
«Ey Nabiy, albatta, biz seni guvohlik berguvchi, xushxabarchi va ogohlantirguvchi, ummiylarning suyanchi qilib yubordik. Sen bandamsan va Rasulimsan. Seni mutavakkil deb nomladim. Qoʻrs ham, qoʻpol ham emas. Bozorlarda baqir-chaqir qilguvchi ham emas. Yomonlikni yomonlik bilan qaytarmaydi. Lekin afv qiladi, oʻtib yuboradi va kechiradi. Alloh taolo to egri ummatni toʻgʻrilamaguncha, «Laa ilaaha Illalloh» demagunlaricha, uning jonini olmaydi. Bas, u bilan koʻr koʻzlarni, kar quloqlarni, qulflik qalblarni ochadi», dedi.
Alloh taoloning Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitobi yana davom etadi: