وَقَالُوا۟ رَبَّنَآ إِنَّآ أَطَعْنَا سَادَتَنَا وَكُبَرَآءَنَا فَأَضَلُّونَا ٱلسَّبِيلَا۠
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va: «Ey Robbimiz, albatta, biz boshliqlarimizga va kattalarimizga itoat qildik. Bas, ular bizni yo`ldan ozdirdilar.Ва: «Эй Роббимиз, албатта, биз бошлиқларимизга ва катталаримизга итоат қилдик. Бас, улар бизни йўлдан оздирдилар.Alauddin Mansour: Yana ular: «Parvardigoro, darhaqiqat, bizlar boshliqlarimizga va kattalarimizga boʻyinsundik, bas, ular bizlarni (toʻgʻri) yoʻldan ozdirdilar.Яна улар: «Парвардигоро, дарҳақиқат, бизлар бошлиқларимизга ва катталаримизга бўйинсундик, бас, улар бизларни (тўғри) йўлдан оздирдилар.
Albatta, bu dunyoda Alloh taologa va Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga itoat qilmaganidan keyin, turli boshliqlarga va «katta»larga itoat qilgan boʻladi. Bu dunyoda Allohning aytgan yoʻlidan yurmaganidan keyin, boshliqlarning yoʻliga yurgan boʻladi. Bu dunyoda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning koʻrsatmalarini qilmaganidan keyin, u zot sollallohu alayhi vasallamdan oʻrnak olmaganidan keyin, turli «katta»larning koʻrsatganini qilgan, oʻshalardan oʻrnak olgan boʻladi. Bu dunyoda boshliqlari va «katta»lari unga rizqi roʻz, obroʻ-martaba va boshqa kerakli narsalarni berayotgan boʻlib koʻrinadi. Ana oʻsha dunyo matohlari ilinjida ularga ergashadi. Bu dunyoda oʻziga oʻxshagan bandaga–boshliq va «katta»ga banda boʻlib, rasvoi olam boʻlib oʻtgani yetmaganidek, oxiratda ishi yana ham chatoq boʻladi. Alloh taoloning laʼnatiga uchraydi. Doʻzaxga tushadi. Olovda yuzlari aylantirilib, kuydiriladi. Allohga va Rasuliga itoat qilmaganiga pushaymon boʻladi. Yana, boshliqlariga va «katta»lariga itoat qilganiga ham pushaymon boʻladi. Bu pushaymonlari shunchalik kuchliki, uni ichlarida yashira olmay, nido qilib, Alloh taologa aytmoqdalar:
«Ey Robbimiz, albatta, biz boshliqlarimizga va kattalarimizga itoat qildik».
Qiziq, boʻlar ish boʻlganidan keyin Alloh taolo Robbilari ekani yodlariga tushib qolibdi! Ham «albatta», deb soʻzlarini, eʼtiroflarini taʼkidlab aytmoqdalar, qilgan gunohlarida hech qanday shak-shubha yoʻq ekanini boʻyinlariga olmoqdalar.
«...biz boshliqlarimizga va kattalarimizga itoat qildik.»
Oʻzimizcha, ularga itoat etsak, maqsadga erishamiz, saodat sohibi boʻlamiz, deb gumon qilgan edik.
«Bas, ular bizni yoʻldan ozdirdilar.»
Ular ham bizga oʻxshagan xom sut emgan banda ekan. Oʻz havoyi nafslari, shahvatlari taqozosi bilan ish koʻrar ekanlar. Oʻzlari adashgani yetmaganidek, bizni ham yoʻldan adashtirdilar. Hamma balo oʻsha boshliqlarimiz va «katta»larimizda. Shuning uchun:
«Ey Robbimiz, sen ularga azobdan ikki hissa bergin...»
Oʻzlari zalolatda boʻlganlari uchun bir hissa, bizni ham zalolatga ketkazganlari uchun bir hissa.
«...va ularni katta laʼnatlash ila laʼnatlagin!» dedilar.»
Ey Robbimiz, bizni oʻzingga va Rasulingga itoat qilmaganimiz uchun laʼnatlading, bu kichik laʼnatlash boʻlsin, bizni yoʻldan ozdirgan boshliqlarimiz va «katta»larimizni katta laʼnatlash ila laʼnatla!
Kofirlarning oxirat kunidagi hollari shu. Moʻminlar ularning bu holatidan ibrat olishlari kerak. Kofirlarning bu dunyoda qilgan xatolarini ular qilmasliklari lozim.