يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ لَا تَكُونُوا۟ كَٱلَّذِينَ ءَاذَوْا۟ مُوسَىٰ فَبَرَّأَهُ ٱللَّهُ مِمَّا قَالُوا۟ ۚ وَكَانَ عِندَ ٱللَّهِ وَجِيهًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, iymon keltirganlar! Musoga ozor berganlar kabi bo`lmanglar. Bas, Alloh uni ular aytgan narsadan pokladi. Va u Allohning nazdida obro`li edi.Эй, иймон келтирганлар! Мусога озор берганлар каби бўлманглар. Бас, Аллоҳ уни улар айтган нарсадан поклади. Ва у Аллоҳнинг наздида обрўли эди.Alauddin Mansour: Ey moʻminlar, sizlar (oʻz paygʻambarlaringiz Muhammad alayhis-salotu vas-salomga nisbatan Bani Isroil qavmidan boʻlgan) Musoga ozor bergan kimsalar kabi boʻlmangizlar! Bas, Alloh (Musoni) ular aytgan ayblardan pokladi. U Alloh nazdida obroʻli kishi edi. (Xuddi shuningdek Muhammad alayhis-salotu vas-salom ham Alloh nazdida obroʻli kishidir).Эй мўминлар, сизлар (ўз пайғамбарларингиз Муҳаммад алайҳис-салоту вас-саломга нисбатан Бани Исроил қавмидан бўлган) Мусога озор берган кимсалар каби бўлмангизлар! Бас, Аллоҳ (Мусони) улар айтган айблардан поклади. У Аллоҳ наздида обрўли киши эди. (Худди шунингдек Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом ҳам Аллоҳ наздида обрўли кишидир).
Yuqoridagi oyatlardan tushunganimizdek, Madiynadagi munofiqlar, iymoni zaiflar va mish-mishchilar Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga turli gap-soʻzlar bilan koʻp ozor berganlar. U kishining ayollari toʻgʻrisida, xususan, Zaynab binti Jahsh onamizga uylanishlari haqidagi ozorlar haddan oshib ketgan. Oʻtgan oyatlarda ularning qilmishlari fosh etilib, oʻshanga yarasha jazo olishlari muqarrar ekani aytilgan edi. Ushbu oyatda esa, moʻminlarga xitob qilinib, oʻz Paygʻambarlari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Muso alayhissalomga qavmlari Bani Isroil ozor berganidek ozor bermaslikka chaqirilmoqda.
«Ey, iymon keltirganlar! Musoga ozor berganlar kabi boʻlmanglar.»
Bani isroilliklar Muso alayhissalomga turli ozorlar berganlar. Jumladan, jinsiy masalada ham mish-mish tarqatib u zotga ozor bergan edilar. Baʼzilari, Muso dappa, erkakligi yoʻq, deb mish-mish tarqatganlar. Qorun esa, bir ayolga pul berib, Muso alayhissalomni zino qilishda ayblashga urinishni topshirgan edi. Sizlar ham Muhammad sollallohu alayhi vasallamga turli ozorlar bermanglar, xususan, oilaviy tarafdan turli mish-mishlar tarqatish bilan u zot sollallohu alayhi vasallamni ranjitmanglar. Boshlaringizga Bani Isroilning kuni tushib qolmasin. Alloh Bani Isroilni Muso alayhissalomga ozor berganlari uchun nima qilgani maʼlum. Ular Muso alayhissalom haqlarida mish-mishlar tarqatgan, turli yomon gaplar aytgan edilar.
«Bas, Alloh uni ular aytgan narsadan pokladi.»
Alloh taolo Muso alayhissalomni bani isroilliklar aytgan ayblardan pokladi. Shuningdek, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ham munofiqlar, iymoni zaiflar va mish-mishchilar aytayotgan ayblardan poklaydi.
«Va u Allohning nazdida obroʻli edi.»
Yaʼni, Muso alayhissalom Allohning huzurida obroʻga ega edi. Shuning uchun, uni poklab, ozor berganlarni jazoladi. Shuningdek, Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham Allohning nazdida katta obroʻga egadirlar. Binobarin, Alloh Muhammmad sollallohu alayhi vasallamni ham poklaydi va u zotga ozor berayotganlarni munosib jazolaydi.
Moʻminlar Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga ozor berishdan qaytarilganidan soʻng, keyingi oyatda ularning qanday kishilar boʻlishlari lozimligi haqida soʻz ketadi: