لِّيُنذِرَ مَن كَانَ حَيًّا وَيَحِقَّ ٱلْقَوْلُ عَلَى ٱلْكَـٰفِرِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Tirik bo`lgan shaxslarni ogohlantirish va kofirlarga (azob) so`zini haq qilish uchundir.Тирик бўлган шахсларни огоҳлантириш ва кофирларга (азоб) сўзини ҳақ қилиш учундир.Alauddin Mansour: U tirik boʻlgan kishilarni ogohlantirishi uchun va kofirlar ustiga Soʻz — azob haq boʻlishi uchun (nozil qilingan bir eslatmadir).У тирик бўлган кишиларни огоҳлантириши учун ва кофирлар устига Сўз — азоб ҳақ бўлиши учун (нозил қилинган бир эслатмадир).
Mushriklar Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamni shoir, Qurʼoni Karimni sheʼr ham deganlar. Alloh taolo ushbu oyatda ularning bu daʼvolariga keskin javob bermoqda.
«Biz unga sheʼrni taʼlim berganimiz yoʻq.»
Sizlar sheʼr bilan Qurʼonning farqiga bora olmayapsiz. Sheʼr ichki kechinmalarni insonning oʻzi vaznga solib, bayt qilib aytishidir. Uni xohlagan inson aytishi mumkin. Sheʼr turli boʻlgan- boʻlmagan gaplarni ham koʻtaraveradi. Ayniqsa, arablarda bu narsa mashhur. Ular haqiqatni yaxshilab bilib olishlari lozimki, Qurʼon Alloh tomonidan tanlab olingan yetuk banda Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan vahiydir. U, Allohning kalomidir. Uni hech kim oʻzidan chiqarib ayta olmaydi. Shuning uchun, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni shoir deyishlik mumkin emas.
«Bu uning uchun toʻgʻri ham kelmas.»
Shoirlik Paygʻambarlik maqomiga hech mos kelmaydigan amaldir. Shuning uchun ham, shoirlik Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tabiatlarida umuman yoʻq edi.
Abu Zarʼa ar-Roziy qilgan rivoyatda ash-Shaʼbiy: «Abdulmuttolibdan tarqagan bolalarning hammasi, erkagi ham, ayoli ham sheʼr aytar edi, magar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytmaganlar», degan.
Alloh taolo Paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga sheʼrni taʼlim bermaganini, sheʼr oʻqish u zot sollallohu alayhi vasallamga toʻgʻri ham kelmasligini aytganidan soʻng, Qurʼoni Karimning mohiyatini bayon qilishga kirishadi:
«U, zikr va ochiq-oydin Qurʼondan oʻzga narsa emas».
Alloh taolodan Muhammad sollallohu alayhi vasallamga kelgan vahiy zikrdir, eslashdir, Qurʼondir–qiroat qilinadigan kalomdir. Bu ilohiy kitob butun olamlar uchun vaʼz-nasihat, eslatmadir. Hamma uchun tilovat qilinadigan ilohiy dasturdir. Uni Alloh taolo maʼlum maqsad ila nozil etgandir. Uning nozil qilinishi:
«Tirik boʻlgan shaxslarni ogohlantirish va kofirlarga (azob) soʻzini haq qilish uchundir».
Oyatda moʻminlarni «tirik»lar deyilmoqda. Kofirlar esa, oʻliklarga tenglashtirilmoqda. Iymonga kelishga tayyor qalb hayotda tirik yashashga tayyor qalbdir. Kufrda qoladigan qalb esa, yashashga tayyorlanmagan, oʻlik qalbdir. Shuning uchun ham, Muhammad sollallohu alayhi vasallam hayotga tayyorlarni Qurʼon bilan ogohlantiradilar. Hayotga tayyorlanmaganlarga esa, azob kalimasi haq boʻlganini eʼlon qiladilar. Demak, insonlar Qurʼonga boʻlgan munosabatlariga koʻra ikki turga boʻlinadilar. Birinchisi, unga iymon keltirganlar–tiriklar. Ikkinchisi, unga kufr keltirganlar–oʻliklar.