يَـٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ ٱتَّقُوا۟ رَبَّكُمُ ٱلَّذِى خَلَقَكُم مِّن نَّفْسٍ وَٰحِدَةٍ وَخَلَقَ مِنْهَا زَوْجَهَا وَبَثَّ مِنْهُمَا رِجَالًا كَثِيرًا وَنِسَآءً ۚ وَٱتَّقُوا۟ ٱللَّهَ ٱلَّذِى تَسَآءَلُونَ بِهِۦ وَٱلْأَرْحَامَ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ كَانَ عَلَيْكُمْ رَقِيبًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey odamlar! Sizlarni bir jondan yaratgan va undan uning juftini yaratib, ikkovlaridan ko`plab erkagu ayollar taratgan Robbingizdan qo`rqinglar! Nomini ishlatib bir-biringizdan so`rovda bo`ladiganingiz Allohdan va qarindoshlik (aloqalarini uzish)dan qo`rqing. Albatta, Alloh ustingizda kuzatib turuvchi Zotdir.Эй одамлар! Сизларни бир жондан яратган ва ундан унинг жуфтини яратиб, икковларидан кўплаб эркагу аёллар таратган Роббингиздан қўрқинглар! Номини ишлатиб бир-бирингиздан сўровда бўладиганингиз Аллоҳдан ва қариндошлик (алоқаларини узиш)дан қўрқинг. Албатта, Аллоҳ устингизда кузатиб турувчи Зотдир.Alauddin Mansour: Ey insonlar! Sizlarni bir jondan (Odamdan) yaratgan va undan juftini (Havvoni) vujudga keltirgan hamda u ikkovidan koʻp erkak va ayollarni tarqatgan Parvardigoringizdan qoʻrqingiz! Yana oralaringizdagi savol-javoblarda oʻrtaga nomi qoʻyiladigan Allohdan hamda qarindosh-urugʻlaringiz(dan aloqani uzishdan) qoʻrqingiz! Albatta, Alloh ustingizda kuzatuvchi boʻlgan Zotdir.Эй инсонлар! Сизларни бир жондан (Одамдан) яратган ва ундан жуфтини (Ҳаввони) вужудга келтирган ҳамда у икковидан кўп эркак ва аёлларни тарқатган Парвардигорингиздан қўрқингиз! Яна ораларингиздаги савол-жавобларда ўртага номи қўйиладиган Аллоҳдан ҳамда қариндош-уруғларингиз(дан алоқани узишдан) қўрқингиз! Албатта, Аллоҳ устингизда кузатувчи бўлган Зотдир.
«Ey odamlar!» deya barcha insoniyatga xitob oʻlaroq boshlangan bu oyati karimada bir nechta ulkan haqiqatlar oʻz aksini topgan. Avvalo, bu oyati karima odamlarga ularning odam–inson ekanliklarini, ularni Alloh taolo yaratganini eslatadi. Inson oʻzining inson ekanini eslab turishi juda ham foydalidir. Chunki, koʻpgina razolatlar xuddi shu nuqtani–inson oʻzining kimligini esidan chiqarib qoʻyganidan kelib chiqadi. Agar inson doimo oʻzining kuchsiz, irodasiz bir narsa boʻlganini, faqat Robbining inoyati bilan shu holatga yetganini, yana oʻsha Robb huzuriga qaytib borishini eslasa, undan qoʻrqib tursa, hech qachon hech bir razolatga qoʻl urmagay.
Shuningdek, bu oyatda odamlarni yaratgan Xoliq bir boʻlishi bilan birga, insonlarning asli ham bir jon boʻlganligi bayon etilyapti:
«Sizni bir jondan yaratgan».
Demak, hozirgi dunyoda turli-tuman boʻlib yashayotgan, bir-birlari bilan irqiy, milliy, diniy urushlar qilayotgan, men yaxshi, sen yomon, deb janjallashayotgan, kishilarni tana rangiga, qabilasiga, millati yoki irqiga qarab ajratayotgan odamlarning asli birdir. Ularni bir Alloh bir jondan yaratgan. Agar odam ushbu haqiqatni, yaʼni, oʻzining bir Alloh bir jondan yaratganligini toʻliq tushunib, doimo yodda tutganida edi, hozirgi kundagi koʻplab falokatlar, razolatlar vujudga kelmagan boʻlur edi. Kishilar bir- birlariga mehribon boʻlar edilar, yordam qoʻlini choʻzar edilar.
Imom Muslim Jarir ibn Ablulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda aytiladiki, Paygʻambarimiz alayhissalomning huzurlariga Muzar qabilasidan och-yalangʻoch bir guruh kishilar kelgan vaqtda–peshin namozidan keyin u zot sollallohu alayhi vasallam xutba qilib vaʼz soʻzladilar. Oʻz soʻzlarida, jumladan:
«Ey odamlar! Sizlarni bir jondan yaratgan va undan uning juftini yaratib, ikkovlaridan koʻplab erkagu ayollarni taratgan Robbingizdan qoʻrqinglar!» oyatini oʻqidilar. Soʻngra, odamlarni sadaqa qilishga chaqirdilar. Shunda kimdir dinoridan, kimdir dirhamidan, kimdir bugʻdoyidan va yana kimdir xurmosidan sadaqa qildi.
Ushbu oyatdagi ulkan haqiqatlardan biri
«...va undan uning juftini yaratib» jumlasida oʻz aksini topgandir. Yaʼni, u jondan uning juftini, yaʼni, xotinini yaratgan maʼnosi kelib chiqadi. Bu esa, oʻz navbatida, ayol kishi haqidagi barcha notoʻgʻri fikr va tushunchalarni chippakka chiqarib, huquqda va dunyo hayotidan bahramandlikda u ham erkaklar bilan teng turishini, u ham bir jondan yaralganini anglatadi.
Insoniyat Islom dini kelgunga qadar ayol kishi haqida katta xato tasavvurda va ahmoqona munosabatlarda edi. Avvalgi suraning tafsirida birmuncha aytib oʻtganimizdek, xususan, Gʻarb xalqlari orasida ayol kishi haqida boʻhton nazariyalar toʻqilgan edi. Yaʼni, ayol kishi shaytonning malayi boʻlib, erkak kishini yoʻldan ozdirish uchun yaratilgan, degan fikr hukm surgan. Shuning uchun, ular ayol kishini koʻrishni ham istamas, undan shaytondan qochganday qochar, ayol kishiga koʻzlari tushib qolsa, tavba qilishga shoshilar edilar. Shu davrda Ovrupada odam koʻpaymay qolgani hammaga maʼlum. Eng achinarlisi, hozirda ayollarning homiysiligini va ularning ozodligining garovi ekanini daʼvo qilayotgan Ovrupada bir vaqtlar ayol oʻzi aslida kim ekanligini «aniqlash» uchun maxsus anjuman ham oʻtkazilgan. Bu yigʻin ayolni «erkak xizmatiga yaratilgan maxluq», deb qaror chiqargan. Islom dini bu taxlit bidʼat va xurofotlarning barchasini barbod etib, ayolning teng huquqli inson ekanini, uni ham Alloh yaratganini, erkakka juft qilganini, ikkovlaridan koʻplab erkagu ayollarning taratilishini eʼlon qilgan.
«...va ikkovlaridan», yaʼni, oʻsha «bir jon» boʻlmish Odam va uning jufti Havodan
«koʻplab erkagu ayollarni taratgan»lik hammuhim bir haqiqatdir. Alloh taolo agar xohlasa, birdaniga xilma-xil, son-sanoqsiz erkagu ayollarni yaratishga ham qodir edi. Ammo u bunday qilishni xohlamadi. Yer yuzidagi turfa insonlarning qarindoshlik aloqalari, oila rishtalari ila oʻzaro bogʻliq boʻlishlarini iroda qildi. Islomda oilani mustahkamlashga katta eʼtibor berilishining siri ham shunda. Oyati karimaning bir jumlasini biz,
«Nomini ishlatib bir-biringizdan soʻrovda boʻladiganingiz– Allohdan va qarindoshlik(aloqalari)dan qoʻrqing», deb tarjima qildik. Bu jumladagi maʼnoni toʻliqroq anglatish uchun baʼzi yordamchi ifodalarni ham qoʻshishimizga toʻgʻri keldi. Aslida esa, asosiy matnda bu jumla juda qisqadir, soʻzma-soʻz tarjima qilinsa, «Oʻzaro soʻrashadiganingiz Allohga va qarindoshlikka taqvo qiling», maʼnosi chiqadi.
Odatda, kishilar oʻzaro mehr va lutfga erishmoqchi, oʻzlariga nisbatan moyillik uygʻotmoqchi boʻlsalar, oraga Allohni va qarindoshlikni qoʻshadilar. Allohning nomi ila odamlar orasida ahdnomalar tuziladi, vaʼdaga vafo qilish soʻraladi va hatto qasam ham ichiladi. Shuningdek, ikki tomon orasida qarindoshlik rishtalari boʻlsa, ularni ham oraga solinadi. Allohga taqvo qilish, yaʼni, undan qoʻrqish tushunchasi maʼlum va mashhur tushunchadir. Koʻpgina oyat va hadislarda, taʼlimotlarda qayta-qayta zikr qilingan. Ammo, qarindoshlik rishtasiga taqvo qilmoq (undan qoʻrqish) oʻziga xos bir taʼbir boʻlib, bu narsa muqaddas aloqalarni ulugʻlash, haq- huquqlarini ado etish, ularni muhofaza qilish, uzmaslik naqadar zarurligini taʼkidlaydi.
Oyatning avvalidayoq taqvoga–yaratgan Xoliqdan va qarindoshlik haqqiga zulm qilishdan qoʻrqishga daʼvat etilgan boʻlsa, oyatning oxirida bu chaqiriqlar behuda emasligi, balki hammasining hisob-kitobi boʻlishi taʼkidlanadi:
«Albatta, Alloh ustingizdan kuzatuvchi Zotdir».
Insonlarni yaratgan, ular oʻrtasida qarindosh-urugʻlik rishtalarini paydo qilgan, har bir narsani biluvchi va koʻruvchi zotning Oʻzi kuzatib turishi naqadar taʼsirchan, naqadar masʼuliyatli holdir.
Shu kuzatishni his etish, taqvo qilish maqomlaridan baʼzilarining bayoni kelgusi oyatlarda keladi: