وَٱلَّـٰتِى يَأْتِينَ ٱلْفَـٰحِشَةَ مِن نِّسَآئِكُمْ فَٱسْتَشْهِدُوا۟ عَلَيْهِنَّ أَرْبَعَةً مِّنكُمْ ۖ فَإِن شَهِدُوا۟ فَأَمْسِكُوهُنَّ فِى ٱلْبُيُوتِ حَتَّىٰ يَتَوَفَّىٰهُنَّ ٱلْمَوْتُ أَوْ يَجْعَلَ ٱللَّهُ لَهُنَّ سَبِيلًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ayollaringizdan fohisha (zino) qilganlariga o`zlaringizdan to`rtta guvoh keltiring. Agar guvohlik bersalar, ularni to o`lim yetguncha yoki Alloh bir yo`l ko`rsatguncha uylarida tutib turing.Аёлларингиздан фоҳиша (зино) қилганларига ўзларингиздан тўртта гувоҳ келтиринг. Агар гувоҳлик берсалар, уларни то ўлим етгунча ёки Аллоҳ бир йўл кўрсатгунча уйларида тутиб туринг.Alauddin Mansour: Xotinlaringizdan qaysi bir ayol fohishalik qilsa, unday ayollarning ustida oʻzlaringizdan boʻlgan toʻrt kishini guvoh qiling. Agar ular guvohlik bersalar, to bu ayollarga oʻlim kelguncha yoki Alloh biror yoʻlga solguncha, ularni uylarida saqlangiz!Хотинларингиздан қайси бир аёл фоҳишалик қилса, ундай аёлларнинг устида ўзларингиздан бўлган тўрт кишини гувоҳ қилинг. Агар улар гувоҳлик берсалар, то бу аёлларга ўлим келгунча ёки Аллоҳ бирор йўлга солгунча, уларни уйларида сақлангиз!
Islomdan avval boshqa razolatlar qatori fohishabozlik ham keng tarqalgan edi. Zinokorlik ayb emas, faxr hisoblanar edi. Johiliyat ahli oʻzlariga bahona topib, zinoga turli yoʻllar ochgan edilar. Alloh taolo jamiyatning bu dardiga ham oʻziga xos davo qoʻlladi. Avval–boshda bu borada biz oʻrganayotgan ushbu oyatni tushirdi. Musulmonlarni bu razolatdan uzoqlashishga va kim mazkur ishga qoʻl ursa, unga nisbatan kerakli choralar koʻrishni amr qildi.
«Ayollaringizdan fohisha (zino) qilganlarga oʻzlaringizdan toʻrtta guvoh keltiring».
Demak, musulmon ayollarning zino qilgan-qilmaganlarini aniqlash uchun musulmon erkaklardan toʻrtta guvoh kerak. Zino katta ayb ekani hammaga maʼlum. Shuning uchun ham, birovni bu fohisha ishda ayblashda hushyor boʻlish lozim. Muslima ayollarni zinoda ayblashga musulmonmaslarning guvohligi oʻtmaydi. Chunki, ular musulmonlarga dushmanlik ruhi taʼsiri ostidalar, ularning obroʻsini toʻkish maqsadida yolgʻon guvohlik berishlari mumkin. Muslima ayollar esa, umuman, zino kabi gunoh ishlar bor joyga yaqin yoʻlamaydilar, shuning uchun guvohlik berishlarining imkoni ham kam. Boshqa ishlarda ikki kishining guvohligi qabul qilinsa ham, zinoda toʻrt kishining shart qilinishi bu ish nozik va ahamiyatli ekanini koʻrsatib turibdi.
«Agar guvohlik bersalar, ularni to oʻlim yetguncha yoki Alloh bir yoʻl koʻrsatguncha uylarda tutib turing».
Koʻrinib turibdiki, zinodan jamiyatni tozalash uchun koʻrilgan choralardan biri–zinokor ayolni uyga qamab, jamiyatdan ajratishdir. Chunki, ular musulmonlar ichida bemalol yursalar, jamiyatni bulgʻaydilar, fohisha ishlarini davom ettiradilar. Shuning uchun, zinokorligi sobit boʻlgan ayolni to oʻlguncha uyga qamab, chiqarmaslik hukmi joriy qilingan.
Oyati karimadagi «yoki Alloh bir yoʻl koʻrsatguncha» degan iboradan, zinokor ayolni uyga qamash hukmi vaqtinchalik hukm ekanligi koʻrinib turibdi. Darhaqiqat, Alloh taolo «Nur» surasida zinokorlarning oxirgi hukmini tushirgan. «Nur» surasidagi mazkur oyatlar nozil boʻlganda, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Mendan qabul qilib olinglar! Mendan qabul qilib olinglar! Alloh ularga yoʻl koʻrsatdi: roʻzgʻor koʻrmagan roʻzgʻor koʻrmagan bilan zino qilsa, yuz darra uriladi va bir yil surgun, roʻzgʻor koʻrgan roʻzgʻor koʻrgan bilan zino qilsa, yuz darra uriladi va toshboʻron qilinadi», dedilar.