يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ لَا يَحِلُّ لَكُمْ أَن تَرِثُوا۟ ٱلنِّسَآءَ كَرْهًا ۖ وَلَا تَعْضُلُوهُنَّ لِتَذْهَبُوا۟ بِبَعْضِ مَآ ءَاتَيْتُمُوهُنَّ إِلَّآ أَن يَأْتِينَ بِفَـٰحِشَةٍ مُّبَيِّنَةٍ ۚ وَعَاشِرُوهُنَّ بِٱلْمَعْرُوفِ ۚ فَإِن كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَىٰٓ أَن تَكْرَهُوا۟ شَيْـًٔا وَيَجْعَلَ ٱللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, iymon keltirganlar! Sizlarga ayollarni zulm-la merosga olish halol emas. Ochiq fohisha ish qilmasalar, bergan narsalaringizning ba'zisini olish uchun ularni zo`rlik-la ushlab turmang va ular ila yaxshilikda yashang. Agar ularni yoqtirmasangiz, shoyadki, Alloh siz yoqtirmagan narsada ko`pgina yaxshiliklarni qilsa.Эй, иймон келтирганлар! Сизларга аёлларни зулм-ла меросга олиш ҳалол эмас. Очиқ фоҳиша иш қилмасалар, берган нарсаларингизнинг баъзисини олиш учун уларни зўрлик-ла ушлаб турманг ва улар ила яхшиликда яшанг. Агар уларни ёқтирмасангиз, шоядки, Аллоҳ сиз ёқтирмаган нарсада кўпгина яхшиликларни қилса.Alauddin Mansour: Ey moʻminlar, sizlar uchun xotinlarni majburiy holda meros qilib olish durust emasdir. Va (agar birga yashash niyatingiz boʻlmasa), bergan mahrlaringizning bir qismini qaytarib olish uchun xotinlaringizni (boshqa erga tegishdan) toʻsib turib olmanglar! Magar ular ochiq buzuqlik qilsalar (u holda bergan mahringizni qaytarib olishingiz mumkin). Ular bilan tinch-totuv yashanglar. Agar ularni yomon koʻrsangizlar ham (sabr qilib inoq holda yashayveringlar). Zero, sizlar yomon koʻrgan narsada Alloh koʻp yaxshiliklarni qilib qoʻygan boʻlishi mumkin.Эй мўминлар, сизлар учун хотинларни мажбурий ҳолда мерос қилиб олиш дуруст эмасдир. Ва (агар бирга яшаш ниятингиз бўлмаса), берган маҳрларингизнинг бир қисмини қайтариб олиш учун хотинларингизни (бошқа эрга тегишдан) тўсиб туриб олманглар! Магар улар очиқ бузуқлик қилсалар (у ҳолда берган маҳрингизни қайтариб олишингиз мумкин). Улар билан тинч-тотув яшанглар. Агар уларни ёмон кўрсангизлар ҳам (сабр қилиб иноқ ҳолда яшайверинглар). Зеро, сизлар ёмон кўрган нарсада Аллоҳ кўп яхшиликларни қилиб қўйган бўлиши мумкин.
Ushbu oyat Islomdan oldingi davrda ayol kishiga zulm va jabr shaklida joriy qilingan baʼzi odatlarni botil etmoqda. Jumladan, johiliy arablarning odati boʻyicha, erkak kishi vafot etsa, uning xotini ham boshqa molu mulki qatori qarindoshlariga meros boʻlib qolar edi. U bechora ayolni zoʻrlik-la merosga olishar edi. Xohlasa, birontasi unga mahr bermay uylanar yoki bosh-qa birovga erga berib, mahrini oʻzlari olishar yoki umuman u shoʻrlikni erga berishmas, oʻzlari ham uylanishmas, behuda ushlab turishar edi. Ushbu oyatda Alloh taolo moʻmin-musulmon bandalariga xitob qilib, bunday ishlar yaramasligini bayon qilmoqda. Va ayollarga nisbatan boʻlgan zulm va jabr-sitamni koʻtarmoqda.
«Ey, iymon keltirganlar! Sizlarga ayollarni zulm-la merosga olish halol emas. Ochiq fohisha ish qilmasalar, bergan narsalaringizning baʼzisini olish uchun ularni zoʻrlik-la ushlab turmang...».
Biz «ularni zoʻrlik-la ushlab turmang» deb tarjima qilgan maʼno Qurʼoniy taʼbirda «azl» deyiladi. «Azl»ning bu oyatdagi maʼnosi haqida ulamolar quyidagi fikrlarni aytganlar: Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: «Azl»–qahr demakdir. Yaʼni, er kishi xotinini yoqtirmay qolsa va unga bergan mahrini qaytarib olishni xohlasa, unga qahr etib, zulm oʻtkazib, oxiri chidayolmay, mahrini qaytarib berib boʻlsa ham, oʻzidan ajrashga majbur qilishga urinadi», deydilar.
Abdurrohman ibn Zaydning aytishlaricha:
«Qurayshiylarning tushunchasida «azl» quyidagicha boʻlgan: Bir odam obroʻli ayolga uylanadi. Keyin, toʻgʻri kelmay ajrashadi. Lekin oʻzining iznisiz u ayol boshqa erga tegmasligini shart qiladi. Agar u ayolga sovchi kelib, xotin sovchi bergan moldan berib uni rozi qilsa, erga tegishga izn berar, boʻlmasa, ushlab turaverar edi».
Mashhur tafsirchi Ibn Kasir buning tafsirida:
«Yaʼni, ayollarga bergan mahringizni qaytarib bersin uchun, ularga turmushda zoʻrlik oʻtkazmang, degani», deydilar. Mazkur fikrlarning hammasi bir-birini toʻldiradi. Shu bilan birga, bu rivoyatlar Islom hukmlari boʻlmasa, ayollarga qanchalik zulm boʻlishini koʻrsatib turibdi. Islom taʼlimotlari, jumladan, ushbu oyati karima mazkur zulm va jabrlarni man qilish bilan birga erkaklarga xotinlari yoqmay qolgan taqdirda ham, ular ila yaxshilikcha yashashni buyuradi:
«...va ular ila yaxshilikda yashang. Agar ularni yoqtirmasangiz, shoyadki, Alloh siz yoqtirmagan narsada koʻpgina yaxshiliklarni qilsa».
Islom taʼlimotlariga binoan, er-xotin orasidagi aloqa muhabbat, sevgi, rahim-shafqat va unsu ulfatlik aloqasi boʻlishi lozim. Shuning uchun ham, oraga tushgan baʼzi noqulay holat tufayli darhol bir-biriga zulm qilishga oʻtish kerak emas. Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhu xotiniga muhabbati yoʻq boʻlib qolgani uchun uni taloq qilmoqchi boʻlgan odamga: «Shoʻring qursin! Oilalar muhabbat uchun qurilmaganmi?! Rioya qani?! Masʼuliyat qani?!» deganlar.
Alloma Ibn Kasir:
«Ularga shirinsuxanlik qiling, yaxshi muomalada boʻling, iloji boricha koʻrinishingizni goʻzal qiling», degan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarning yaxshilaringiz–ahli ayolga yaxshi boʻlganlaringizdir. Men ahliga yaxshilaringizman», deganlar.
Paygʻambarimiz alayhissalom oʻzlari ayollariga goʻzal muomalali boʻlib, doimo xursand, ularni erkalagan, lutf koʻrsatgan, nafaqalarini koʻpaytirgan holda yashaganlar. U zot sollallohu alayhi vasallam ayollari bilan hazillashib kulishar edilar. Hatto Oisha onamizning koʻngillari uchun u kishi bilan yugurishda musobaqa ham qilganlar.
Muhaddislarimiz bu haqida Oisha onamizning oʻzlaridan quyidagi rivoyatni keltiradilar:
«Semirmasimdan avval Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bilan yugurishda musobaqa qilib oʻzib ketdim. Semirganimdan keyin yana yugurishgan edik, u kishi oʻzib ketdilar-da:
«Bunisi bilan avvalgisi biru bir boʻldi» dedilar». Bunga oʻxshash rivoyatlar koʻp.
Inson ojiz, ertaga nima boʻlishini bilmaydi. Shuning uchun ham, yoqmay qoldi, deb xotiniga yomonlik qilishga, uni taloq qilishga shoshilmaslik kerak. Chunki:
«Shoyadki, Alloh siz yoqtirmagan narsada koʻpgina yaxshiliklarni qilsa».
Shoyadki, bir muddat yoqmay qolgan ayolga keyinchalik mehr tushib qolsa yoki undan ajoyib farzandlar tugʻilsa!
Kelasi oyati karimada johiliylarning ajrashish paytida ayolga zulm qilib, unga bergan mahrlarini zoʻrlik-la qaytarib olishlari tanqid qilinadi.