وَكَيْفَ تَأْخُذُونَهُۥ وَقَدْ أَفْضَىٰ بَعْضُكُمْ إِلَىٰ بَعْضٍ وَأَخَذْنَ مِنكُم مِّيثَـٰقًا غَلِيظًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va qanday ham olursiz?! Axir, bir-biringizga qovushdingiz va ular sizdan mustahkam ahdu paymon olganlar-ku?!Ва қандай ҳам олурсиз?! Ахир, бир-бирингизга қовушдингиз ва улар сиздан мустаҳкам аҳду паймон олганлар-ку?!Alauddin Mansour: Axir bir-biringiz bilan qoʻshilib, ular (yaʼni, xotinlaringiz) sizlardan qatʼiy ahd-paymon olganlaridan soʻng qanday qilib uni (yaʼni, mahrni) qaytarib olasiz?!Ахир бир-бирингиз билан қўшилиб, улар (яъни, хотинларингиз) сизлардан қатъий аҳд-паймон олганларидан сўнг қандай қилиб уни (яъни, маҳрни) қайтариб оласиз?!
Uylanayotgan paytda ayolga bergan mahrini qaytarib olish uchun ayollarga turli zulm va jabru sitam oʻtkazish johiliy arablarning odati ekanini avvalgi oyatlar bayon etgan edi. Ushbu oyatlarda Alloh taolo moʻmin-musulmonlarga qaytadan xitob qilib, mazkur ishning gʻoyatda notoʻgʻri ekanligini bayon qilmoqda.
Avvalgi oyatlarning koʻrsatmalariga amalan, qiyin boʻlsa-da, sabr etib, chidab, yaxshilikda yashashga urinib, tuzalib ketishidan umidvor boʻlib qilingan harakatlar baribir foyda bermasayu, ajralishdan oʻzga chora qolmasa:
«Va agar xotin oʻrniga boshqa xotin olmoqchi boʻlsangiz va ularning biriga haddan ziyod mahr bergan boʻlsangiz ham, undan hech narsani qaytarib olmang!»
Biz «haddan ziyod» deb tarjima qilgan maʼno oyati karimada «qintaron» degan lafz bilan ifodalangan. Arablar bu soʻzni koʻp miqdordagi molga nisbatan ishlatadilar.
Baʼzilar xuddi shu oyati karimani dalil qilib, mahriga har qancha koʻp mol bersa boʻladi, deydilar.
Ulamolarimiz bu mavzuda soʻz ketganda hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning mashhur qissalarini eslatadilar. Hofiz Abu Yaʼlo Shaʼbiydan, u kishi Masruqdan rivoyat qiladilar:
«Xalifalik davrida Umar ibn Xattob Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning minbarlariga chiqib:
«Ey odamlar! Ayollarning mahrini juda oshirib yubordingizku! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u kishining sahobalari toʻrt yuz dirhamdan oshirmas edilar. Undan ham oz boʻlar edi. Agar mahrni ziyoda qilish Allohga taqvo yoki karamli ish boʻlganida, ulardan oʻtib keta olmas edingiz. Hech kimning bir ayolning mahrini toʻrt yuz dirhamdan ortiq qilganini bilmayin!» dedi- da, minbardan tushdi. Qurayshlik bir ayol uning yoʻliga koʻndalang chiqdi-da:
«Ey moʻminlarning amiri, odamlarni ayollarning mahrini toʻrt yuz dirhamdan ortiq qilishdan qaytardingmi?» dedi. Umar:
«Ha», dedi. Ayol:
«Alloh Qurʼonda tushirgan hukmini eshitmaganmiding?!» dedi. Umar:
«U qanday hukm ekan?» deb soʻradi. Shunda ayol:
«Allohning «...va ularning biriga haddan ziyod mahr bergan boʻlsangiz ham...» degan oyatini eshitmaganmisan?!» dedi. Umar:
«Parvardigor, Oʻzing kechir! Odamlar Umardan koʻra faqihroqdirlar», dedi-da, qaytib borib yana minbarga chiqib:
«Ey odamlar, men sizlarga ayollarning mahrini toʻrt yuz dirhamdan ortiq qilmaslikka amr qilgan edim. Endi kim oʻz molidan qancha xohlasa, beraversin. Umar xato qildi. Ayol kishi toʻgʻri aytdi», dedi».
Ammo, uylanayotgan vaqtida ozmi-koʻpmi mahrini berib qoʻyib, ajrashayotganda uni qaytarib olishga urinish musulmon insonga hech toʻgʻri kelmaydigan ish. Ushbu oyatda bu ishni ochiq man etish bilan birga hikmati ham bayon qilinib, erkaklar vijdonida nozik hissiyotlarni qoʻzqgʻatilmoqda. Qurʼoniy taʼbirga eʼtibor bering- a, qanday ham hassos, qanday ham taʼsirli!
«Va qanday ham olursiz?! Axir, bir-biringizga qovushdingiz va ular sizdan mustahkam ahdu paymon olganlar-ku?!»
Nikoh tufayli eru xotin nafaqat jisman, balki ruhan ham qoʻshiladi. Ularning his tuygʻulari, orzu-umidlari, vijdonlari, sir-asrorlari, dardu gʻamlari, baxtu saodatlari–barcha-barcha narsa qoʻshiladi, qovushadi. Islomda nikoh va oila Allohning ismi ila, Paygʻambarning sunnatlari ila quriladigan muqaddas robita va oshyondir. Ana oʻsha qudusiyat hurmati, birga oʻtkazgan hayot hurmati, quvushib ketgan narsalar hurmati, ajrashganda ham yaxshilik bilan ajralmoq kerak. Bir vaqtlar rozi boʻlib bergan mahrni oʻzi bilan bir yostiqqa bosh qoʻyib yashagan ayoldan qaytarib olishga urinish musulmon odamga, qolaversa, erkak zotiga hech yarashmaydi.
Oyati karimadagi, «...ular sizdan mustahkam ahdu paymon olganlar-ku?!» jumlasidagi «ahdu paymon»ning maʼnosi haqida Sufyon as-Savriy: «Yaxshilik ila tutib turish yoki yaxshilik bilan ajrashish haqidagi ahd», deganlar.
Robeʼ ibn Anas esa: «Bu, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning:
«Siz ularni Allohning omonati ila oldingiz va farjlarini Allohning kalimasi ila oʻzingizga halol etdingiz», degan hadislaridan iboratdir», degan.
Nikohning muqaddas aloqa ekanini yana bir bor taʼkidlab, ayollarning ustidan zulmni va insoniyat ustidan orni olib tashlash uchun quyidagi oyati karimada oʻgay onaga uylanish harom ekani eʼlon qilinmoqda: