وَلَهَدَيْنَـٰهُمْ صِرَٰطًا مُّسْتَقِيمًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va ularni to`g`ri yo`lga hidoyat qilur edik.Ва уларни тўғри йўлга ҳидоят қилур эдик.Alauddin Mansour: Hamda ularni haq yoʻlga hidoyat qilgan boʻlardik.Ҳамда уларни ҳақ йўлга ҳидоят қилган бўлардик.
Doim taʼkidlanganidek, Islom dini hamma odamlar, hamma zamonlar va hamma makonlar uchun Alloh tomonidan ularni ikki dunyo baxt-saodatiga erishtirish maqsadida yuborilgandir. Shuning uchun ham, Islomning hukmlari hammabopdir. Unda insonning toqati koʻtara olmaydigan biron-bir taklif yoʻq. Insonning toqati ham, havoi nafsi ham eʼtiborga olingan. Uning butunlay yoʻldan chiqib ketmasligi nazarda tutilgan. Insonga haddan tashqa-ri ogʻir farzlarni yuklanganida edi, buni hamma ham koʻtara olmas edi. Alloh taolo buni quyidagi misol bilan anglatadi:
«Agar Biz ularga, oʻzlaringizni oʻldiring yoki oʻzingizni diyorlaringizdan chiqaring, deb farz qilganimizda, ozginalaridan boshqasi buni qilmas edilar».
Darhaqiqat, Alloh bandalarini shunday bir ishga buyurganida nima qila olar edik? Zotan, U Zot har qanday ishni amr etishga haqlidir. Chunki, yeru koʻkning, barcha mavjudotu maxluqotlarning yaratuvchisi va haqiqiy moliki Udir. U zot istaganicha tasarruf qiladi, istagan yumushiga buyuradi. Shunda juda ozgina insonlar bu amrni ado etishlari ham mumkin. Ammo aksar insonlar buni koʻtara olmas edilar va, buning ustiga, havoi nafsining ketidan yurib ketishi ehtimoli kuchli boʻlardi. Shuning uchun, Islom voqelikdan kelib chiqib, oʻz hukmlarini koʻpchilikni eʼtiborga olgan holda joriy qiladi. Binobarin, odamlar oʻzlarini har tarafga urmasdan:
«Oʻzlariga vaʼz qilingan narsalarni qilganlarida edi...»
Islomda koʻrsatilgan yoʻllanmalarni qoʻllaganlarida edi, Allohning buyurganini bajarib, qaytarganidan qaytganlarida edi, oʻzlarini yaratgan Zotning koʻrsatgan yoʻlidan yurganlarida edi:
«Oʻzlariga yaxshi va sabotlari mustahkam boʻlar edi».
Chunki, yaratgan Parvardigor ularga faqat yaxshilikni ravo koʻradi. Hech qachon bandalariga yomonlikni sogʻinmaydi. Bandalar uning aytganlarini qilganlarida, ham oʻzlariga yaxshi boʻlar, ham iymonlari sobit, mustahkam boʻlar edi. Odamlar Allohning buyruqlariga javoban Islomga toʻliq amal qilganlarida edi, Alloh taolo ularga ulugʻ ajrni–jannatni bergan boʻlur edi. Ularni hidoyatga boshlagan, toʻgʻri yoʻlga solgan boʻlur edi.