فَلَمَّا جَآءَهُم بِٱلْحَقِّ مِنْ عِندِنَا قَالُوا۟ ٱقْتُلُوٓا۟ أَبْنَآءَ ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ مَعَهُۥ وَٱسْتَحْيُوا۟ نِسَآءَهُمْ ۚ وَمَا كَيْدُ ٱلْكَـٰفِرِينَ إِلَّا فِى ضَلَـٰلٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Muso ularga Bizning huzurimizdan haq ila kelgan chog`da, ular: «U bilan birga iymon keltirganlarning o`g`illarini qatl qilinglar, qizlarini tirik qoldiringlar», dedilar. Kofirlarning makr-hiylasi zalolatdan boshqa narsa emas.Мусо уларга Бизнинг ҳузуримиздан ҳақ ила келган чоғда, улар: «У билан бирга иймон келтирганларнинг ўғилларини қатл қилинглар, қизларини тирик қолдиринглар», дедилар. Кофирларнинг макр-ҳийласи залолатдан бошқа нарса эмас.Alauddin Mansour: Endi qachonki (Muso) ularga Bizning huzurimizdan Haq (paygʻambarlik) bilan kelganida, ular «U bilan birga moʻmin boʻlganlarning oʻgʻillarini oʻldirib, ayollarini tirik qoldiringiz!», dedilar. (Lekin) kofirlarning makr-hiylalari albatta zalolatdir (yaʼni, zoye boʻlguvchidir).Энди қачонки (Мусо) уларга Бизнинг ҳузуримиздан Ҳақ (пайғамбарлик) билан келганида, улар «У билан бирга мўмин бўлганларнинг ўғилларини ўлдириб, аёлларини тирик қолдирингиз!», дедилар. (Лекин) кофирларнинг макр-ҳийлалари албатта залолатдир (яъни, зое бўлгувчидир).
Maʼlumki, Bani Isroilni oʻziga qul qilib olgan Firʼavn bu xalqqa turli azob-uqubatlarni yogʻdirar, nima qilib boʻlsa ham, ularni qullikda ushlab turib, oʻz foydasi uchun ishlatishga urinar edi. Oʻziga qarshi yosh yigitlar bosh koʻtarishi mumkinligini yaxshi bilganidan, qolaversa, atrofidagi gumashtalaridan mulkiga Bani Isroildan tugʻiladigan bola zavol boʻlishini eshitganidan keyin, Firʼavn Bani Isroilda tugʻiladigan qiz bolaga tegmasdan, oʻgʻil bolalarni oʻldirishga farmon bergan edi. Muso alayhissalom kelib, Alloh taolo tomonidan Paygʻambar etib yuborilganlarini aytganlaridan keyin Firʼavnning xavfi yana ham ziyoda boʻldi va Bani Isroilning, yaʼni, Muso alayhissalomga qoʻshilib, iymon keltirganlarning oʻgʻil bolalarini oʻldirish haqidagi farmonini yangiladi.
«Muso ularga Bizning huzurimizdan haq ila kelgan chogʻda ular: «U bilan birga iymon keltirganlarning oʻgʻillarini qatl qilinglar, qizlarini tirik qoldiringlar», dedilar.»
Muso alayhissalom Firʼavn, Homon va Qorunga Alloh taoloning huzuridan haq ila kelganlarida, ular oʻsha haqqa qarshi chora koʻra boshladilar. Boshlariga birinchi kelgan oʻy haqqa ergashganlarni jismonan yoʻq qilish boʻldi. Ulardan tugʻiladigan oʻgʻil bolalarni qatl etishga amr qildilar. Oʻgʻil chaqaloq kim boʻladi–iymonlimi, iymonsizmi, ojizmi, yoʻqmi–bari bir. Kelajakda iymonli boʻlishi, hokimi mutlaqning istibdodiga qarshi kurashishi ehtimoli bor. Uning aybi shu. Shuning uchun, yorugʻ dunyoda koʻz ochib ulgurmasidan, oʻlimga mahkum. Qizlar esa, tirik qolaversinlar. Chunki, hokimi mustabidga qul, choʻri, xizmatchi kerak. Ammo:
«Kofirlarning makr-hiylasi zalolatdan boshqa narsa emas».
Kofirlar oʻz mavqeʼlarini mustahkamlash uchun turli chora- tadbirlar koʻradilar. Iymon yoʻlini, haqni toʻsish uchun butun imkoniyatlarini ishga soladilar. Makr-hiylalar qiladilar. Ammo ularning barcha urinishlari zalolatdir–adashuvdir. Oxir-oqibat, makr-hiylalari oʻzlarining boshiga balo boʻladi. Ular iymonlilarga qarshi zulm va istibdodni kuchaytirib, maqsadlariga erishmoqchi boʻladilar. Lekin bu narsa ularni aldaydi. Ularning zulm va istibdodi oshgan sayin moʻminlarning iymoni mustahkam boʻlib, oralaridan chidamsizlari chiqib, saflari soflanib boraveradi. Oxiri, saflar toʻla tozalanib, har qanday qiyinchilikka bardosh bera oladigan moʻminlar jamoasi shakllanib boʻlganida, zolim va mustabid hokimlar qoʻrqqan payt keladi va ular qoʻrqqan ish sodir boʻladi. Bu ishning tezlashishiga esa, kofirlarning oʻzi zalolat hollari bilan yordam beradilar.
Ha, kofirlarning iymonga, moʻminlarga qarshi qiladigan makr- hiylalari zalolatdan, adashuvdan boshqa narsa emas.