ٱلَّذِينَ يَحْمِلُونَ ٱلْعَرْشَ وَمَنْ حَوْلَهُۥ يُسَبِّحُونَ بِحَمْدِ رَبِّهِمْ وَيُؤْمِنُونَ بِهِۦ وَيَسْتَغْفِرُونَ لِلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ رَبَّنَا وَسِعْتَ كُلَّ شَىْءٍ رَّحْمَةً وَعِلْمًا فَٱغْفِرْ لِلَّذِينَ تَابُوا۟ وَٱتَّبَعُوا۟ سَبِيلَكَ وَقِهِمْ عَذَابَ ٱلْجَحِيمِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Arshni ko`tarib turganlar va uning atrofidagilar Robbilariga hamd ila tasbih ayturlar, Unga iymon keltirurlar va iymon keltirganlarga mag`firat so`rab: «Ey Robbimiz, rahmating va ilming ila har bir narsani qurshagansan, bas, tavba qilib, yo`lingga ergashganlarni mag`firat qilgin va ularni do`zax azobidan saqlagin.Аршни кўтариб турганлар ва унинг атрофидагилар Роббиларига ҳамд ила тасбиҳ айтурлар, Унга иймон келтирурлар ва иймон келтирганларга мағфират сўраб: «Эй Роббимиз, раҳматинг ва илминг ила ҳар бир нарсани қуршагансан, бас, тавба қилиб, йўлингга эргашганларни мағфират қилгин ва уларни дўзах азобидан сақлагин.Alauddin Mansour: Arshni koʻtarib turadigan va uning atrofidagi (farishtalar) Parvardigorlariga hamdu sano aytish bilan (U zotni barcha aybu nuqsonlardan) poklab-tasbeh ayturlar va U zotga iymon keltirurlar, hamda iymon keltirgan kishilarni magʻfirat qilishini soʻrarlar: «Parvardigoro, Oʻzing rahmat-mehribonlik va ilm jihatidan barcha narsadan kengdirsan. Bas, tavba-tazarruʼ qilgan va Sening yoʻlingga ergashgan kishilarni Oʻzing magʻfirat qilgin va ularni doʻzax azobidan saqlagin.Аршни кўтариб турадиган ва унинг атрофидаги (фаришталар) Парвардигорларига ҳамду сано айтиш билан (У зотни барча айбу нуқсонлардан) поклаб-тасбеҳ айтурлар ва У зотга иймон келтирурлар, ҳамда иймон келтирган кишиларни мағфират қилишини сўрарлар: «Парвардигоро, Ўзинг раҳмат-меҳрибонлик ва илм жиҳатидан барча нарсадан кенгдирсан. Бас, тавба-тазарруъ қилган ва Сенинг йўлингга эргашган кишиларни Ўзинг мағфират қилгин ва уларни дўзах азобидан сақлагин.
Alloh taolo yaratgan butun borliq ichida arzimagan zarra kabi boʻlgan baʼzi past odamlarning kufri nima boʻlar edi. Ularning kufri oʻzlariga zarar keltiradi, xolos.
Allohga iymon keltirganlar juda ham koʻp. Shulardan baʼzilari:
«Arshni koʻtarib turadilar va uning atrofidagilar...»
Alloh taoloning Arshini inson idrok qila olmaydi. U haqda hech narsa bilmaydi ham. Bilgani–Arshning borligi, xolos. Bilgani–oʻsha Arsh ulkanligidan uni idrok qila olmasligi, xolos. Shuningdek, inson Arshni koʻtarib turadiganlar va uning atrofidagilarning ham haqiqatini bilmaydi. Bilgani–Arshni koʻtarib turadigan, atrofini oʻrab olgan zotlar borligidir. Ular, modomiki Arshni koʻtarib turgan va uning atrofini oʻrab olgan ekanlar, shunga yarasha kuch-quvvat va maqom-martabaga egadirlar. Oyatda ularning yana bir xususiyati vasf etilmoqda:
«Robbilariga hamd ila tasbih ayturlar, Unga iymon keltirurlar.»
Ana oʻshanday zotlar Alloh taologa hamdu tasbih, maqtovlar aytib, uni poklab yod etib, iymon keltirib turganlarida baʼzi ojiz va notavon odamlar noshukrlik qilib, kufr keltirsalar, nima boʻlibdi?!
Ana shunday ulkan maqomga erishgan, Arshni koʻtarib turgan va uning atrofini oʻrab olganlar:
«...iymon keltirganlarga magʻfirat soʻrab», duo qiladilar.
Ular Alloh taolodan moʻmin bandalarning gunohlarini kechirishni soʻrab, bunday iltijo etadilar:
«Ey Robbimiz, rahmating va ilming ila har bir narsani qurshagansan...»
Sening rahmating hamma narsadan kengdir. Sening ilming hamma narsani ihota qilmishdir.
Duoning avvalida Alloh taologa maqtov soʻzlarini aytish yuksak odob namunasidir. Bu duolar tezda qabul boʻladi. Arshni koʻtarib va uning atrofini oʻrab turuvchi zotlar ham Alloh taoloning rahmati hamma narsadan keng ekanini yod etib, moʻminlarga rahmat qilishidan umidvor boʻlmoqdalar. Alloh taoloning hamma narsani–ularning duolarini ham, bandalar uning magʻfiratiga muhtoj ekanlarini ham bilishini izhor etmoqdalar.
«...bas, tavba qilib, yoʻlingga ergashganlarni magʻfirat qilgin...»
Demak, Allohning magʻfiratiga sazovor boʻlishi mumkin shaxslar maʼlum. Kufrdan, shirkdan, nifoqdan, isyondan, tugʻyondan qaytib, Alloh taologa tavba qilganlar shunday kishilardir. Ogʻzi bilangina tavba qilganlar emas, balki tavbasini eʼlon etgach, Allohning yoʻliga ergashganlar–ana oʻshalar Alloh taoloning magʻfiratiga sazovor kishilardir. Ogʻzida tavba qilib, amalda Allohning yoʻlidan boshqa yoʻlga ergashadiganlar emas.
«...va ularni doʻzax azobidan saqlagin.»
Yaʼni, tavba qilib, yoʻlingga ergashganlarni doʻzax azobidan asragin. Allohga tavba qilmagan va Allohning yoʻliga ergashmaganlar doʻzax azobiga duchor boʻlishlari aniq.
«Ey Robbimiz, ularni ham, otalaridan, juftlaridan va zurriyotlaridan ahli solih boʻlganlarini ham Oʻzing ularga vaʼda qilgan adn jannatlariga kiritgin.»
Doʻzaxdan qutulish katta baxt. Jannatga kirish esa, baxt ustiga baxt. Jannatga yolgʻiz oʻzigina emas, ota-bobolari, jufti halollari va zurriyotlari bilan kirish eng ulkan baxt. Ammo shu yerda ham, «ahli solihlardan boʻlganlarini», deb solih amal qilganlargina jannatga kirishi mumkinligi yana bir bor eslatib qoʻyilmoqda.
«Albatta, Sening Oʻzing aziyzu oʻta hikmatli zotsan.»
Sening Oʻzing aziyzsan–hammaning ustidan gʻolibsan; biz soʻragan narsani ato qilish Sen uchun juda oson.
Sening Oʻzing oʻta hikmatli zotsan–har bir ishni hikmat bilan qilasan.
«Va ularni yomonliklardan saqla...»
Ey Robbimiz, ularni qiyomat kuni turli yomonliklardan saqla.
«...oʻsha kuni kimni yomonliklardan saqlasang, batahqiq, unga rahim qilibsan.»
Qiyomat kuni kimni yomonliklardan saqlasang, oʻsha odam Sening rahmatingga noil boʻlganiga hech shubha yoʻq. Shuning uchun, biz tavba qilib, Sening yoʻlingda yurgan bandalarga shu narsani tilab, duo qilmoqdamiz.
«Ana oʻsha buyuk yutuqdir», (derlar).
Yaʼni, magʻfirat qilinishi, jahannam azobidan saqlanishi, jannatga kiritilishi va qiyomat kuni yomonliklaridan panoh berilishi har bir banda uchun ulugʻ yutuqdir.
Arshni koʻtarib va uning atrofini oʻrab turganlar moʻminlar haqiga ushbu ezgu duoni qilayotganlaridagi kofirlarning holati qanday boʻlishini kelgusi oyatlar bayon etadi.