QurʼonҚуръонPaygʻambarlar vorislariПайғамбарлар ворислари
Muhammad surasi · Oyatсураси · Оят6

وَيُدْخِلُهُمُ ٱلْجَنَّةَ عَرَّفَهَا لَهُمْ

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Hamda O`zi ularga ta'riflab bergan jannatga kiritar.Ҳамда Ўзи уларга таърифлаб берган жаннатга киритар.Alauddin Mansour: Ularni (Allohning) Oʻzi ularga tanitgan jannatga kiritur.Уларни (Аллоҳнинг) Ўзи уларга танитган жаннатга киритур.

507-sahifa · 26-juz · 51-hizb507-саҳифа · 26-жуз · 51-ҳизб
Soʻzma-soʻzСўзма-сўз
وَيُدْخِلُهُمُva ularni kiritarва уларни киритарٱلْجَنَّةَjannatgaжаннатгаعَرَّفَهَاuni taʼriflab berganуни таърифлаб берганلَهُمْulargaуларга
TafsirТафсир

Maʼlumki, har bir gap yoki fikrni turlicha tushunsa boʻladi. Ayniqsa, turli sharoitlarda, har xil sabablarga koʻra aytilgan gap-soʻzlarni toʻgʻri tushunish uchun atroflicha oʻylab, insof doirasidan chiqmay tafakkur qilish lozim, shundagina ezgu maqsadga erishsa boʻladi. Aks holda, turli anglashilmovchiliklar kelib chiqishi mumkin. Qurʼoni Karim oyatlarini tushunishda ham shunga oʻxshash holat roʻy berib turadi. Ayniqsa, hozirgi oʻrganayotgan oyatimiz haqida turli tushunmovchiliklar koʻp.

Yaqinda bir tanish odam menga Vatikan chop etgan bir kitobni, Islom haqidagi bitiklarning ichidan «Islom dini oʻziga eʼtiqod qiluvchilarni boshqa dindagi kishilarni uchratgan joyda oʻldirishga buyuradi», deb yozilgan joyini tagiga chizib koʻrsatdi va «Shunchalik ham tuhmat qilishadimi?»–deb oʻz noroziligini izhor etdi.

Ehtimol, oʻsha kitobni yozgan Islom dushmanlari ushbu oyatning buzuq tarjimasini asos qilib olgandirlar.

«Qachonki kufr keltirganlar bilan toʻqnashsangiz, bas, boʻyinlarga urmoq kerak.»

Ha, yuzaki qaraganda, har bir musulmonga koʻziga koʻringan gʻayridinni oʻldirish vojibga oʻxshaydi. Lekin bu oyat urush payti haqida soʻz yuritadi! Boshqa oyatlarda esa, ular musulmonlarga qarshi oʻzlari urush qilmasalar, ahdnoma asosida tinch-omon yashashga daʼvat qilingan. Shuningdek, gʻayridin odamlar Islom davlatlarida, hozirgi kunimizgacha, barcha huquqlari himoya qilingan holda yashab kelmoqdalar. Qurʼoni Karim oʻzining oyatlarida buning kafolatini bergan. Demak, Islomning gʻayridinlarga boʻlgan munosabatini toʻla, toʻgʻri tushunish uchun bir oyatdagi ayrim jumla kifoya emas, balki mazkur mavzu haqidagi barcha oyat, hadis va ahkomlarni yaxshilab oʻrganib boʻlib, keyin fikr aytish lozim boʻladi.

Demak, bu oyatda urushdan boshqa iloj qolmagan payt haqida, maydonda toʻqnashuv boʻlgandan soʻng qilinadigan ishlar haqida soʻz ketmoqda.

«Qachonki kufr keltirganlar bilan (urush maydonida) toʻqnashsangiz, bas, boʻyinlarga urmoq kerak.»

Nima uchun oyatda aynan boʻyinga urish haqida soʻz ketayapti? Chunki, oyat oʻzi nozil boʻlgan, bundan oʻn toʻrt asr ilgarigi vaqt haqida soʻz yuritayapti. U vaqtda urush quroli qilich boʻlgan, dushmanni qatl etishning eng oson yoʻli qilich bilan uning boʻyniga urish boʻlgan. Demak, bu gapni gʻolib holatni eʼtiborga olib aytilgan amr, deb eʼtibor qilish kerak. Agar avvalgidek, maʼnoni boshqa tarafga burib tushunadigan boʻlsak, Islomda dushmanning boʻynidan boshqa joyiga urishga ruxsat yoʻq, degan fikr chiqarishga toʻgʻri keladi.

Oyati karimaning davomida:

«Vaqtiki, ularni tor-mor qilsangiz, bas, mahkam bogʻlang», deyilmoqda.

Yaʼni, urush davomida raqibni yengsangiz, uni tor-mor qilsangiz, ularni asirga oling. «Asirga oling» iborasi oʻrniga oyatda «bas, mahkam bogʻlang», deyilmoqda. Chunki, qadimda asirlarning qoʻl-oyoqlari bogʻlangan. Amr oʻsha payt holati va tushunchalari uchun tabiiydir, shuning uchun ham, odamlar hech ajablanmasdan tushunaverganlar. Hozir asir olingan shaxs kishanlanadi yoki yana boshqa choralar koʻriladi. Qurʼon ruxsat berayotgan urushdan maqsad dushmanni yengib, uni yoʻqotish degani emas. Yengilgan dushmanni asir olishga buyruq berilayapti, oʻldirishga emas.

«Soʻngra yoki minnat, yoki tovon olishdir.»

Dushman asirga olingandan «soʻngra yoki minnat», yaʼni shunday ozod qilib yuboriladi «yoki tovon (olish) boʻladi».

Yaʼni, asirga tushgan inson xohlagan yoʻl bilan ozod qilinadi.

Birinchi holda, Islomning fazlini, musulmonlarning oliyjanobligini izhor qilish uchun asirni shunday ozod qilib yuboriladi.

Ikkinchi holda, tovon olinadi, yaʼni, asirni ozod qilishga biror narsa shart qilinadi. Yoki biror ishni bajarish topshiriladi. Masalan, Badr urushida asirga tushgan savodli mushriklarga musulmonlarning bolalaridan oʻntasini oʻqish-yozishga oʻrgatib qoʻysa, ozod qilish vaʼda qilingan va shunday qilingan ham. Asirni ozod etish uchun tovonga maʼlum miqdorda pul yoki mol-mulk talab qilinishi ham mumkin yoki musulmonlardan asirga tushganlar boʻlsa, ularni ayirboshlash ham mumkin.

Xoʻsh, boʻyniga urish, mahkam bogʻlash, asirlarni minnat yoki tovon olish ila ozod qilish qachongacha davom etadi?

Bu savolga javob oyati karimaning davomida kelgan:

«Hattoki, urush oʻz anjomlarini qoʻyguncha».

Demak, mazkur ishlar «hattoki, urush oʻz anjomlarini qoʻyguncha», yaʼni, urush toʻxtaguncha davom etadi.

Bu ogʻir ishlarni musulmonlarning boʻyinlariga yuklashdan maqsad nima? Agar Alloh taolo xohlasa, ularga gʻolib kelaveradiku? Ha,

«Ana shunday. Alloh xohlasa, ulardan Oʻzi gʻolib kelardi, lekin baʼzilaringizni baʼzilaringiz ila sinash uchun (qildi)».

Demak, bu ishlardan koʻzlangan hikmat–musulmonlarni sinab, ularning martabalarini aniqlash. Osonchilik boʻlsa, obroʻ qozonish, shaxsiy manfaat va boshqa imtiyozlar koʻzga koʻrinib tursa, hamma ham oʻzini Islomga uraveradi. Lekin qiyinchilik, mashaqqat, oʻzidan, molidan, manfaatlaridan, imtiyozlaridan voz kechish kabi sinovlar sarani saraga, puchakni puchakka ajratadi, kimning kim ekanligini zohir qiladi.

Oʻzingiz oʻylab koʻring, Allohga va uning diniga qarshi chiquvchilar, odatda, bir guruh tugʻyonga ketganlar, mutakabbir, izzattalablar boʻladi. Ular oʻziga ergashganlar bilan qoʻshilib Allohning huzurida chumolining kuchiga ham ega boʻla olmaydilar. Agar Alloh taolo xohlasa, ularni ham Nuh, Od, Lut qavmiga oʻxshatib bir soʻz bilan toʻfon, shamol yoki zilzila balosiga duchor etib, bir lahzada yoʻq qilib yuborishi mumkin edi. Lekin Paygʻambar alayhissalomga ergashgan musulmonlarni sinash, martabalarini aniqlash, ularni chiniqtirish, sayqallash uchun kofirlarni ularning qoʻli bilan azoblashni iroda qildi. Urushda, qiyinchilikda qatnashgan hamma musulmonlar ham gʻalabaga erishavermaydi. Hamma ham, sinalib, toblanib, koʻzlangan marraga yetib boravermaydi. Nima boʻlganda ham, urush-urush, qiyinchilik-qiyinchilik. Musulmonlar ham oʻlishi, manzilga yetaolmasliklari mumkin, ularning holi nima kechadi? Ular haqida ham oyatning soʻngida bayonot kelgan.

«Alloh yoʻlida qatl qilinganlarning amallarini U zot hech zoye qilmas.»

Esingizda boʻlsa, ushbu suraning birinchi oyatida kufr keltirganlarning amallarini Alloh taolo botil qilishi, zoye qilishi haqida soʻz ketgan edi. Hozir esa, uning aksi, Alloh Oʻz yoʻlida shahid boʻlganlarning amallarini zoye qilmaydi, ularning savobini koʻpaytirib beradi, deyilyapti.

Shu bilan birga, Alloh taolo

«Albatta, ularni hidoyat qilur va ahvollarini yaxshilar».

Va eng muhimi, Alloh ularni

«Oʻzi ularga taʼriflab bergan jannatga kiritur».

Mana shu oxirgi taqdir, mukofot hammaning qasdi va oliy maqsadidir.