يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ لَا تُقَدِّمُوا۟ بَيْنَ يَدَىِ ٱللَّهِ وَرَسُولِهِۦ ۖ وَٱتَّقُوا۟ ٱللَّهَ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ سَمِيعٌ عَلِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, iymon keltirganlar! Allohdan va Uning Rasulidan oldin shoshilmanglar. Va Allohga taqvo qilinglar. Albatta Alloh eshituvchi va biluvchi Zotdir.Эй, иймон келтирганлар! Аллоҳдан ва Унинг Расулидан олдин шошилманглар. Ва Аллоҳга тақво қилинглар. Албатта Аллоҳ эшитувчи ва билувчи Зотдир.Alauddin Mansour: Ey moʻminlar, sizlar Alloh va Uning paygʻambari oldida (yaʼni, ikkisining iznisiz biron soʻz yoki ishga) qadam bosmanglar! Va Allohdan qoʻrqinglar! Albatta Alloh eshitguvchi, bilguvchidir.Эй мўминлар, сизлар Аллоҳ ва Унинг пайғамбари олдида (яъни, иккисининг изнисиз бирон сўз ёки ишга) қадам босманглар! Ва Аллоҳдан қўрқинглар! Албатта Аллоҳ эшитгувчи, билгувчидир.
«Hujurot» surasining, «odob va axloq surasi» nomini olgan suraning birinchi oyatida Alloh taolo moʻmin-musulmonlarga Oʻzi bilan va Paygʻambari Muhammad alayhissalom bilan qanday odobda boʻlishlari lozimligini bayon qilmoqda.
Bu ilohiy xitob moʻminlarning mahbub xitobi:
«Ey, iymon keltirganlar!» xitobi ila boshlanmoqda. Xitobning davomida esa,
«Allohdan va Uning Rasulidan oldin shoshilmanglar», deyilmoqda.
Yaʼni, moʻmin-musulmonlar hech bir ishda hovliqmasliklari, har bir narsani Allohning amriga va Paygʻambar alayhissalomning sunnatlariga ergashgan holda qilishlari lozimligi uqtirilmoqda. Shuningdek, Allohga va Paygʻambar alayhissalomga «unday boʻlsin, bunday boʻlsin», deb oʻzboshimchalik bilan takliflar kiritishdan ham qaytarilmoqda.
Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, u kishi: «Baʼzi odamlar, falon masalada undoq oyat tushsa edi, pismadon masalada bundoq oyat tushsa edi, mana bu toʻgʻri boʻlsa edi, deyishardi. Bu, Allohga yoqmadi va ushbu oyatni tushirdi», degan ekanlar.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu ushbu oyatni tushuntirib: «Qurʼon va Sunnatga xilof gap aytmang», degan maʼnoni aytganlar.
Bu, albatta, moʻmin bandaning Alloh subhanahu va taologa, Paygʻambar alayhissalomga nisbatan odobidir. Shu bilan birga, bu– shariatning asl qoidasi hamdir. Moʻmin-musulmon kishi har bir ish yoki tasarrufdan oldin ushbu ishda Allohning hukmi yoki sunnat qandayligini bilib, soʻngra qoʻl urishi darkor. Oʻzboshimchalik bilan, koʻngilga kelgan ishni qilaverish moʻmin-musulmonlarga toʻgʻri kelmaydi. Avvalgi musulmonlar bu koʻrsatmaga toʻliq rioya qilganlar va shuning uchun ham, doimo ishlari oʻngidan kelgan.
Imom Termiziy qilgan rivoyatda kelishicha, Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom hazrati Muozni Yamanga yuborayotganlarida u kishidan:
«Nima bilan hukm qilasan?»–deb soʻradilar. Muoz roziyallohu anhu:
«Allohning kitobi bilan», deb javob berdi. Paygʻambarimiz:
«Agar undan topolmasang-chi?»–deb soʻradilar. Shunda Muoz roziyallohu anhu:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan», dedi. Rasuli Akram:
«Undan ham topa olmasang-chi?»–deb soʻradilar. Shunda Muoz roziyallohu anhu:
«Oʻz fikrim va aqlim bilan urinaman, boʻsh kelmayman», dedi. Paygʻambar alayhissalom xursand boʻlib, u kishining koʻksiga urib:
«Rasulullohning vakilini Rasulullohni rozi qiladigan narsaga boshlagan Allohga hamdu sanolar boʻlsin!»–dedilar.
Sahobai kiromlar Paygʻambar alayhissalom biror oddiy narsani soʻrasalar ham, ushbu oyatdagi amrni buzishdan qoʻrqib, oʻzingiz bilasiz, der edilar. Naqadar buyuk odob!
«Va Allohga taqvo qilinglar.»
Chunki, Allohga taqvo qilish barcha oliymaqom axloq-odoblarni taqvodorda jamlaydigan ishdir. Shu jumladan, faqat taqvodor shaxsgina Allohdan va Uning Rasulidan oldin shoshilmaydilar.
«Albatta Alloh eshituvchi va biluvchi zotdir.»
U zot siz Allohdan va Uning Rasulidan oldin shoshilyapsizmi, yoʻqmi hamda taqvo qilyapsizmi, yoʻqmi–hammasini eshitib va bilib turadi.
Ikkinchi oyatda Paygʻambar alayhissalom bilan gaplashish odobi, u zotni ulugʻlash, u kishi bilan birga majlisda boʻlganda oʻzini qanday tutish haqida soʻz ketadi.