إِنَّ ٱلَّذِينَ يُنَادُونَكَ مِن وَرَآءِ ٱلْحُجُرَٰتِ أَكْثَرُهُمْ لَا يَعْقِلُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, seni hujralar ortidan chaqirayotganlarning ko`plari aql ishlatmaslar.Албатта, сени ҳужралар ортидан чақираётганларнинг кўплари ақл ишлатмаслар.Alauddin Mansour: (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), albatta (sizning ahli ayollaringiz istiqomat qiladigan) hujralar ortidan turib sizni (baqirib) chaqiradigan kimsalarning koʻplari aqlsiz kimsalardir.(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), албатта (сизнинг аҳли аёлларингиз истиқомат қиладиган) ҳужралар ортидан туриб сизни (бақириб) чақирадиган кимсаларнинг кўплари ақлсиз кимсалардир.
Makkai Mukarrama fath qilingandan soʻng turli qabilalarning vakillari Rasulullohning huzurlariga kelib, Islomni qabul qilganlarini eʼlon qila boshladilar. Ularning koʻplari sahroviy, taʼlim koʻrmagan, qoʻpol aʼrobiylar edilar. Shulardan biri, Bani Tamim qabilasining boshligʻi al-Aqraʼ ibn Habis kelib, Paygʻambarimiz ahli ayollari bilan istiqomat qiladigan hujralari ortidan turib: «Hoy, Muhammad, hoy, Muhammad, menga qara, mening maqtovim ziynat, yomonlashim aybdir», degan ekan. Shunda Alloh taolo ushbu oyatni tushirgan.
«Albatta, seni hujralar ortidan chaqirayotganlarning koʻplari aql ishlatmaslar.»
Agar ular aqllarini ishlatganlarida, seni hujralar ortidan qoʻpollik ila, ey Muhammad, ey Muhammad, deb chaqirmas edilar. Balki, uyida, ahli ayolining huzurida turgan odamga, Allohning tanlab olgan Paygʻambariga koʻrsatilishi lozim boʻlgan yuksak odob namunalariga amal qilar edilar.
«Agar ularning huzuriga chiqquningcha sabr qilsalar, oʻzlari uchun yaxshi boʻlardi.»
Axloq-odobning taqozosi shu edi. Birovda ishi bor odam u kishini kutishi, qulay fursat kelishini poylashi lozim. Toʻgʻridan-toʻgʻri kelib, ovozining boricha baqiraverish yaxshi emas. Ana oʻsha baqiroq aʼrobiylar masjidda oʻtirib, Paygʻambar alayhissalomning hujralaridan masjidga chiqishlarini kutsalar, oʻzlariga yaxshi boʻlar edi. Hech boʻlmaganda, ularning mazammatiga oyat tushmagan boʻlar edi. Shundoq boʻlsa ham,
«Alloh magʻfirat qiluvchi va rahimlidir».
Mazkur beodoblar tavba qilsalar, bundoq beodobliklariga nadomat qilib, uni yana takrorlamaslikka azmu qaror qilsalar, Alloh taolo ularning gunohini magʻfirat qilib, oʻz rahmatini darigʻ tutmaydi.
Mulohaza qilsak, Makka fathidan keyin, yaʼni, toʻqqizinchi hijriy yilda, Paygʻambarimiz alayhissalom atroflariga barcha qabilalar oʻz vakillarini yubora boshladi. Hatto, oʻsha yilni «Omul vufud–vakillar yili», deb ham ataldi. Avval aytganimizdek, ular sahroviy aʼrobiylar boʻlib, qoʻpol muomalali kishilar edilar. Oyatning tushishiga Tamim qabilasidan al-Aqraʼ ibn Habis voqeasi sabab boʻlsa-da, boshqalar ham bundan ibrat olishga muhtoj edilar. Qurʼoni Karim shu tariyqa ijtimoiy odob-axloqlarni ham taomilga kiritib yuborgan.
Yuqorida aytilgan kabi beodobliklarni sodir etgan shaxslarni oyati karima «aqllarini ishlatmaydiganlar» deb vasf qildi. Haqiqatan ham, Paygʻambar alayhissalomga qoʻpol muomala qiluvchilar bu vasfga loyiq boʻladilar. Ayni chogʻda, ushbu oyatning oxirida tavba etishga va umidni uzmaslikka targʻib qilindi, Allohning Fofur va Rohiym sifatlari yodga solinadi.
Musulmonlar bu yuksak odobni yaxshilab oʻzlashtirib olganlar. Ular nafaqat Paygʻambar alayhissalomga nisbatan, balki har bir olim, fozil kishilarga qiladigan muomalalarida ham bu odobga amal qiladilar.
Suraning avvalidagi moʻminlarga qilingan birinchi nidoda Alloh va Uning Rasulidan boshqa masdardan biror hukmni qabul qilmaslik, ikkinchi nidoda esa, rahbariyat bilan boʻladigan odob haqida oyat nozil boʻlgan edi. Endi keladigan nidoda esa, kimdan xabarni qabul qilmaslik, kimdan qabul qilishlik va qabul qilish qanday boʻlishi haqida soʻz ketadi: