يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓا۟ إِن جَآءَكُمْ فَاسِقٌۢ بِنَبَإٍ فَتَبَيَّنُوٓا۟ أَن تُصِيبُوا۟ قَوْمًۢا بِجَهَـٰلَةٍ فَتُصْبِحُوا۟ عَلَىٰ مَا فَعَلْتُمْ نَـٰدِمِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko`ringlar, bir qavmga bilmasdan musiybat yetkazib qo`yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo`lmanglar.Эй, иймон келтирганлар! Агар фосиқ хабар келтирса, аниқлаб кўринглар, бир қавмга билмасдан мусийбат етказиб қўйиб, қилганингизга надомат чекувчи бўлманглар.Alauddin Mansour: Ey muminlar, agar sizlarga bir fosiq kimsa biron xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda, biron qavmga musibat yetkazib qoʻyib, qilgan ishlaringizga afsus-nadomat chekib qolmasliklaringiz uchun (u fosiq kimsa olib kelgan xabarni) aniqlab-tekshirib koʻringlar!Эй муминлар, агар сизларга бир фосиқ кимса бирон хабар келтирса, сизлар (ҳақиқий аҳволни) билмаган ҳолингизда, бирон қавмга мусибат етказиб қўйиб, қилган ишларингизга афсус-надомат чекиб қолмасликларингиз учун (у фосиқ кимса олиб келган хабарни) аниқлаб-текшириб кўринглар!
Kelinglar, oyati karimani chuqurroq tushunish uchun avval uning tushishi sababini oʻrganaylik. Imom Ahmad ibn Hanbal oʻzlarining «Musnad» kitoblarida Bani Mustalaq qavmi podshosi, ummul moʻminin Juvayriya binti al-Horis roziyallohu anhoning otalari al- Horis ibn Abi Ziror al-Xuzoʼiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladilarki, u kishi debdirlar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borganimda, u kishi meni Islomga daʼvat qildilar, men Islomga kirdim va iqror boʻldim. Soʻngra meni zakotga chaqirdilar, unga ham iqror boʻldim. Soʻngra: «Ey, Allohning Rasuli, ruxsat bersangiz, borib qavmimni Islomga va zakot berishga chaqirsam, kim koʻnsa, zakotlarini jamlab qoʻysam, falon vaqtda bir vakil yuborsangiz, men jamlagan zakotlarni olib kelsa», dedim».
Soʻngra al-Horis roziyallohu anhu oʻziga ergashganlarning zakotini jamlab qoʻyib kutdi, Paygʻambar alayhissalom vakil yuborishlari lozim boʻlgan vaqt keldi, lekin vakil kelmadi. Al-Horis, mendan Allohning va Paygʻambarining achchigʻi chiqdi, shekilli, deb gumon qildi va oʻz qavmining aʼyonlarini jamlab: «Rasululloh menga vakil yuborish uchun vaqt belgilagan edilar. Vakil kelib mendagi zakotni olishi kerak edi. Rasululloh vaʼdaga xilof qilmaydilar, vakillarining ushlanib qolishi achchiqlari chiqqanligidan deb bilaman. Kelinglar, oʻzimiz Rasulullohning huzurlariga boraylik», dedi.
Bu orada Rasululloh alayhissalom Valid ibn Uqba ismli kishini al-Horisning oldiga, zakotni olib kelish uchun, vakil qilib yuborgan edilar. Ammo Valid bir joyga yetib, negadir qoʻrqib orqaga qaytdi va Rasulullohning huzurlariga kelib: «Ey, Allohning Rasuli, al-Horis zakotni bermasdan meni oʻldirmoqchi boʻldi», dedi. Paygʻambar alayhissalomning gʻazablari chiqdi va al-Horisga guruh yubordilar. Yuborilgan kishilar endi Madiynai Munavvaradan chiqqan edilar, oldilaridan al-Horis roziyallohu anhu odamlari bilan chiqib qoldilar. Yuborilganlar:
«Ana, al-Horisning oʻzi kelyapti», dedilar. Al-Horis roziyallohu anhu yaqinlashib kelib:
«Kimga yuborildingiz?»–deya soʻradilar. Ular:
«Senga», deyishdi. U kishi:
«Nima uchun», dedilar. Ular:
«Rasululloh alayhissalom senga Valid ibn Uqbani yuborgan edilar, uning aytishicha, sen unga zakotni bermay, uni oʻldirmoqchi boʻlibsan», dedilar. Shunda al-Horis roziyallohu anhu:
«Yoʻq, Muhammad alayhissalomni haq din bilan yuborgan Zotga qasamki, uni hech koʻrganim yoʻq va u mening oldimga kelgani ham yoʻq», dedilar. Al-Horis roziyallohu anhu Paygʻambar alayhissalomning oldilariga kirgan edilar, u zoti sharif:
«Zakotni bermay, vakilimni oʻldirmoqchi boʻldingmi?»–dedilar. Al-Horis roziyallohu anhu:
«Yoʻq, sizni haq bilan yuborgan Zotga qasamki, uni koʻrmadim va u mening oldimga kelgani ham yoʻq, mening oldimga Rasulullohning vakili bormagani uchun, Allohning va Uning Rasulining mendan achchigʻi chiqdimikin, deb bu yerga keldim, xolos», dedilar. Shu payt: «Ey, iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab koʻringlar», oyati nozil boʻldi».
Shu yerda imom Ahmad ibn Hanbalning rivoyatlari tugaydi. Mazkur rivoyatda kishini ajablantiradigan holatlardan biri– Rasulullohning vakillari Valid ibn Uqbaning aytilgan yerga bormasdan, qoʻrqib orqaga qaytib kelib, yolgʻon soʻzlashidir. Odatda, sahobiylardan bunday ish sodir boʻlishi amrimahol. Bu haqda avvalgi ulamolar ham koʻp fikr yuritishgan, turli mulohazalarni bildirishgan. Lekin qissani yaxshilab oʻrganib chiqsak, ajablanishimizga oʻrin qolmaydi, deb oʻylayman. Nega Rasulullohning vakillari kelmayapti, deb tashvishlanib, qavmi bilan oʻzi borishga ahd qilgan al-Horis ibn Abi Ziror al-Xuzoʼiy roziyallohu anhu ot-ulovni hozirlab, kiyinib, qurollanib yoʻlga chiqmoqchi boʻlib turganlarida Valid roziyallohu anhu bu holni uzoqdan koʻrib yoki birovdan eshitib, bular dindan qaytishgan ekan, bilmabmiz-da, mana qurollanib chiqishayapti-ku, deb qoʻrqqan boʻlishi turgan gap. U orqasiga qaytgan, al-Horis roziyallohu anhu ham oʻz yoʻllarida davom etganlar. Shuning uchun ham, Paygʻambarimiz yuborgan ikkinchi guruh Madiynai Munavvaradan chiqar-chiqmas ular yetib kelishgan.
Bu oyati karima musulmonlar hayotidagi eng muhim masalani muolaja qiladi. U ham boʻlsa, xabarni qabul qilish masalasi. Agar xabar Allohdan va Paygʻambar alayhissalomdan boʻlsa, soʻzsiz qabul qilish vojibdir. Qabul qilmaganlar gunohkori azim, kofir boʻladilar. Endi, odamlardan xabar qabul qilishga kelsak, bu bir necha turga boʻlinadi. Avvalo, xabarchi dinda, soʻzida oʻta ishonchli kishi boʻlsa, uning xabari qabul qilinadi. Xabarchi fosiq boʻlsa, yaʼni, umrida biror marta yolgʻon gapirgan, shariat hukmlaridan birortasiga biror marta amal qilmagan boʻlsa yoki uning ishonchli-ishonchsizligi maʼlum boʻlmasa, deylikki, notanish odam yoki xabari sinab koʻrilmagan kimsa boʻlsa va hokazo, uning xabari tekshirilmay turib qabul qilinmaydi. Boshqa ishonchli manbalardan xabarning toʻgʻriligi sobit boʻlsagina, qabul qilinadi.
«Ey, iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab koʻringlar, bir qavmga bilmasdan musiybat yetkazib qoʻyib, qilganingizga nadomat chekuvchi boʻlmanglar.»
Ushbu surai karimada Alloh taolo moʻmin-musulmonlarga xitob qilaroq uchinchi marta:
«Ey, iymon keltirganlar!»–demoqda. Demak, ular uchun juda ham muhim boʻlgan bir xabarni yetkazmoqchi.
«Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab koʻringlar...»
Oyati karimada Alloh taolo «fosiq xabar keltirsa, aniqlab» xabarning sobitligini tekshirib koʻrishga amr qilmoqda. Allohning amriga boʻysunish vojib. Afsuski, musulmonlar ushbu oyatga amal qilmaganlari oqibatida katta musiybatlarga duchor boʻlmoqdalar. Bir xabarni eshitishi bilanoq, surishtirmay, biror ish qilinsa, keyin xabarning yolgʻonligi yoki xatoligi ayon boʻlsa, haqiqatan afsus-nadomatga sabab boʻladi. Shuning uchun ham, Alloh taolo:
«...bir qavmga bilmasdan musiybat yetkazib qoʻyib, qilganingizga nadomat chekuvchi boʻlmanglar», demoqda.
«Nadomat» afsuslanishdir. Afsuslanish boʻlganda ham, doimiy, bardavom afsuslanishdir. Misol uchun, sababi nuzuldagi hodisani olsak. Agar Validning gapiga ishonib, surishtirib aniqlamasdan, kofir boʻlibdi, deb al-Horisni oʻldirib qoʻyilganida, haqiqatni bilgandan soʻng hamma doimiy nadomatda qolgan boʻlar edi.
Keyingi oyatning maʼnosiga nazar soladigan boʻlsak, musulmonlarning ichida Valid ibn Uqbaning xabarini eshitgandan soʻng al- Horis roziyallohu anhuni oʻldirishga shoshilib, Paygʻambar alayhissalomni qistaganlar ham boʻlganga oʻxshaydi. Shuning uchun ham, oyat ularga ichlarida Paygʻambar alayhissalomning boʻlishlari ulkan ilohiy neʼmat ekanligi va buni qadrlamoq lozimligini eslatib qoʻymoqda: