وَإِذْ قَالَ مُوسَىٰ لِقَوْمِهِۦ يَـٰقَوْمِ ٱذْكُرُوا۟ نِعْمَةَ ٱللَّهِ عَلَيْكُمْ إِذْ جَعَلَ فِيكُمْ أَنۢبِيَآءَ وَجَعَلَكُم مُّلُوكًا وَءَاتَىٰكُم مَّا لَمْ يُؤْتِ أَحَدًا مِّنَ ٱلْعَـٰلَمِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Muso o`z qavmiga: «Ey qavmim, Allohning sizga bergan ne'matlarini eslang. Axir, U sizdan Payg`ambarlar yubordi, podshohlar chiqardi va olamlarda birortaga bermagan narsalarni berdi-ku», – deganini esla.Мусо ўз қавмига: «Эй қавмим, Аллоҳнинг сизга берган неъматларини эсланг. Ахир, У сиздан Пайғамбарлар юборди, подшоҳлар чиқарди ва оламларда бирортага бермаган нарсаларни берди-ку», – деганини эсла.Alauddin Mansour: Eslang (ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), Muso qavmiga: «Ey qavmim, Allohning sizlarga bergan neʼmatini — orangizdan paygʻambarlar chiqarganini, yana sizlarni mulku davlat egalari qilib, barcha olamlardan biron kishiga bermagan inʼomlarini sizlarga ato etganini yodga olingiz.Эсланг (эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), Мусо қавмига: «Эй қавмим, Аллоҳнинг сизларга берган неъматини — орангиздан пайғамбарлар чиқарганини, яна сизларни мулку давлат эгалари қилиб, барча оламлардан бирон кишига бермаган инъомларини сизларга ато этганини ёдга олингиз.
Ushbu oyatda Alloh taolo Oʻzining oxirgi Paygʻambari sollallohu alayhi vasallamga xitob etib, yahudiylarning sizga va diningizga qarshi chiqayotganlaridan xafa boʻlmang, deya tasalli bermoqda. Ularning bu ishlari yangilik emasligini, ular qadimdan miysoqni–ahdnomani buzib kelganliklarini, hatto oʻz Paygʻambarlari Muso alayhissalomga ham qarshi chiqqanliklarini eslatmoqda.
Bani Isroil Firʼavnning zulm va istibdodi ostida uzoq vaqt yashadi. Alloh ularni qutqarish uchun Muso alayhissalomni yubordi. Ularga oʻzining turli neʼmatlarini ato etdi. Oxiri borib, Muqaddas yerga kirishlarini iroda qildi. Shunda Muso alayhissalom ularni bu ilohiy amrni amalga oshirishga undash maqsadida hozir biz oʻrganayotgan va undan keyingi oyatlarda kelgan gaplarni aytdilar:
«Muso oʻz qavmiga: «Ey qavmim, Allohning sizga bergan neʼmatlarini eslang»,–dedi».
Darhaqiqat, Alloh ularga juda koʻplab neʼmatlarni ato etgan edi. Jumladan:
«U sizdan Paygʻambarlar yubordi».
Agar Paygʻambarlar tarixiga nazar solinadigan boʻlsa, haqiqatan ham, koʻpchiliklari Bani Isroildan ekanligi maʼlum boʻladi.
Alloh Bani Isroildan Paygʻambar yuborishdan tashqari «podshohlar chiqardi». Tarixda ulardan mashhur podshohlar koʻp oʻtgan.
«...va olamlarda birortaga bermagan narsalarni berdi».
Jumladan, avval oʻtgan suralarda zikr qilingan mann, salva, oftobdan toʻsib yurguvchi bulut, ichidan suv otilib chiqqan tosh va boshqalarni berdi. Muso alayhissalom bu ulugʻ neʼmatlarni eslatib boʻlib, ana oʻshalar shukronasi uchun ham Allohning amrini bajarish kerak, deb ilohiy amrni aytdilar.