يَـٰٓأَهْلَ ٱلْكِتَـٰبِ قَدْ جَآءَكُمْ رَسُولُنَا يُبَيِّنُ لَكُمْ عَلَىٰ فَتْرَةٍ مِّنَ ٱلرُّسُلِ أَن تَقُولُوا۟ مَا جَآءَنَا مِنۢ بَشِيرٍ وَلَا نَذِيرٍ ۖ فَقَدْ جَآءَكُم بَشِيرٌ وَنَذِيرٌ ۗ وَٱللَّهُ عَلَىٰ كُلِّ شَىْءٍ قَدِيرٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, ahli kitoblar! Batahqiq, sizlarga Payg`ambarimiz keldi. U sizlarga Payg`ambarlardan bo`sh davrda (dinni) bayon qiladir. Bizga bashorat berguvchi ham, ogohlantirguvchi ham kelmagan, demasligingiz uchun. Bas, batahqiq, sizlarga bashorat berguvchi ham, ogohlantirguvchi ham keldi. Va Alloh har bir narsaga qodirdir.Эй, аҳли китоблар! Батаҳқиқ, сизларга Пайғамбаримиз келди. У сизларга Пайғамбарлардан бўш даврда (динни) баён қиладир. Бизга башорат бергувчи ҳам, огоҳлантиргувчи ҳам келмаган, демаслигингиз учун. Бас, батаҳқиқ, сизларга башорат бергувчи ҳам, огоҳлантиргувчи ҳам келди. Ва Аллоҳ ҳар бир нарсага қодирдир.Alauddin Mansour: Ey ahli kitob, mana, elchimiz (Muhammad alayhis-salotu vas-salom) avvalgi paygʻambarlardan ancha zamon oʻtib: «Bizga na biron (jannat haqida) xushxabar berguvchi va na biron (doʻzax azobidan) qoʻrqitguvchi kelmagan», demasliklaringiz uchun sizlarga din hukmlarini bayon qilgan holda keldi. Mana, sizlarga xushxabar berguvchi va (doʻzaxdan) qoʻrqitguvchi boʻlgan zot keldi. Alloh hamma narsaga qodirdir!Эй аҳли китоб, мана, элчимиз (Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом) аввалги пайғамбарлардан анча замон ўтиб: «Бизга на бирон (жаннат ҳақида) хушхабар бергувчи ва на бирон (дўзах азобидан) қўрқитгувчи келмаган», демасликларингиз учун сизларга дин ҳукмларини баён қилган ҳолда келди. Мана, сизларга хушхабар бергувчи ва (дўзахдан) қўрқитгувчи бўлган зот келди. Аллоҳ ҳамма нарсага қодирдир!
Alloh taolo ushbu oyati karima bilan ahli kitoblarga xitob etib, Muhammad sollallohu alayhi vasallam ularga ham Paygʻambar boʻlib kelganlarini bayon qilmoqda.
«Ey, ahli kitoblar! Batahqiq, sizlarga Paygʻambarimiz keldi».
Zero, Tavrot va Injil kabi ilohiy kitoblarga ishonib, Muso va Iyso kabi haq Paygʻambarlarga ergashib yursalar-u, Muhammad alayhissalomga ergashmasalar, Qurʼonga ishonmasalar, kofir hisoblanadilar.
«U sizlarga Paygʻambarlardan boʻsh davrda (dinni) bayon qiladir».
Biz «boʻsh davr» deb tarjima qilgan soʻz Qurʼoni Karim matnida «fatratin» deyilgan. Bu soʻz lugʻatda, sukunat, boʻshlik, kesilish va zaiflik maʼnolarini anglatadi. Shariatda bir Paygʻambar bilan ikkinchisining orasidagi Paygʻambarsiz oʻtgan vaqtga «fatiratun»– boʻsh davr deyiladi. Maʼlumki, Iyso alayhissalomning Paygʻambarliklaridan soʻng Muhammad sollallohu alayhi vasallam kelgunlariga qadar oradan olti yuz yil oʻtgan. Oyatda Paygʻambarimizning ana oʻsha vaqtdan keyin kelganliklari, endi esa, din ahkomlarini bayon qilib, oʻz vazifalarini ado etajaklari haqida soʻz ketmoqda.
Iyso alayhissalomning Paygʻambarliklari yetmagan, Muhammad sollallohu alayhi vasallam kelgunlaricha yashab oʻtgan kishilarga «ahli fatirat» deyiladi. Ularga Paygʻambarlik xabari yetmagani uchun ham masʼuliyat yuklatilmaydi.
Ammo Muhammad alayhissalomning va Islom dinining xabari yetgan har bir kimsa toʻla masʼuliyat ostida boʻladi. Shuning uchun ham:
«Bizga bashorat berguvchi ham, ogohlantirguvchi ham kelmagan, demasligingiz uchun», deyilmoqda.
Ahli kitoblarning muqaddas kitoblari Tavrot va Injilda bashorat beruvchi va ogohlantiruvchi Paygʻambar kelishi haqida xabar bor. Buni ularning oʻzi ham takror-takror aytib yurganlar. Ushbu oyatda oʻsha mazkur Paygʻambar haqiqatan kelgani xabar qilinmoqda. Qiyomatda: «Nima uchun iymon keltirmadingiz?»–deb soʻralganda, bahona qila olmasliklari ham eslatilib qoʻyilmoqda:
«Bas, sizlarga bashorat berguvchi ham, ogohlantirguvchi ham keldi».
Endi uzrlaringiz qabul qilinmaydi.
Oyatning oxirida esa, hech bir ish, shu jumladan, xohlagan qavm va millatdan Paygʻambar yuborish ham Allohga qiyin emasligi ishoratan taʼkidlanyapti. Yaʼni:
«Va Alloh har bir narsaga qodirdir».
Keyingi oyatlarda Bani Isroilning miysoqni–ahdnomani buzishlari hodisasiga yana bir bor qaytiladi: