لَئِنۢ بَسَطتَ إِلَىَّ يَدَكَ لِتَقْتُلَنِى مَآ أَنَا۠ بِبَاسِطٍ يَدِىَ إِلَيْكَ لِأَقْتُلَكَ ۖ إِنِّىٓ أَخَافُ ٱللَّهَ رَبَّ ٱلْعَـٰلَمِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Agar sen meni o`ldirish uchun qo`l ko`tarsang, men seni o`ldirish uchun qo`l ko`tarmasman. Men, albatta, olamlarning Robbi Allohdan qo`rqaman.Агар сен мени ўлдириш учун қўл кўтарсанг, мен сени ўлдириш учун қўл кўтармасман. Мен, албатта, оламларнинг Робби Аллоҳдан қўрқаман.Alauddin Mansour: Qasamki, agar sen meni oʻldirish uchun qoʻl choʻzsang, men seni oʻldirish uchun qoʻl choʻzguvchi emasman. Chunki men butun olamlar Parvardigori boʻlmish Allohdan qoʻrqaman.Қасамки, агар сен мени ўлдириш учун қўл чўзсанг, мен сени ўлдириш учун қўл чўзгувчи эмасман. Чунки мен бутун оламлар Парвардигори бўлмиш Аллоҳдан қўрқаман.
Eski tafsirlarda Odamning bu ikki oʻgʻli kimlar ekanligi, nima uchun qurbonlik qilishgani, bittasidan qurbonlik qabul boʻlmaganligining sababi va boshqa tafsilotlar uzundan-uzoq bayon qilinadi. Hatto boshqa dinlarning kitoblaridan ham maʼlumotlar keltiriladi. Ehtimol, oʻsha ustoz mufassirlar yashagan zamon taqozosi shu boʻlgandir. Ehtimol, ular yashagan madaniy va maʼrifiy muhit shuni taqozo qilgandir. Ammo, aslini olganda, Qurʼoni Karim hidoyat kitobi, unda keltiriladigan qissalar ham kishilarni hidoyat qilish ishiga hissa qoʻshadi. Bu ishda esa, shaxslarning ismi, voqea boʻlib oʻtgan joyning nomi, yer maydoni kabi chegara va raqamlarga bogʻliq maʼlumotlar uncha ahamiyatsiz. Oxirgi paytda oʻtkazilgan ilmiy tekshirishlar, xususan, Qurʼoni Karimni boshqa samoviy kitoblar bilan solishtirib koʻrishlar ham ushbu fikrni tasdiqlab chiqdi. Shuning uchun, zamonaviy tafsirchilarimiz, mazkur qoʻshimcha maʼlumotlarga berilib ketmasdan, asosiy eʼtiborni Qurʼoni Karim zikr etgan hodisalarning mohiyatiga qaratishni maslahat beradilar.
Haqiqatan ham, ushbu qissada zikr qilingan
«Odamning ikki oʻgʻli»ning ismlarini bilishdan hidoyat yoʻlida bir foyda boʻlsa, Allohning Oʻzi aytib qoʻyar edi. Shuningdek, qurbonlik qilishning sababini va nima uchun bittasining qurbonligi qabul boʻlmay qolishining boisini bilish ahamiyatli boʻlganida, Allohning Oʻzi zikr qilgan boʻlardi.
Alloh taolo Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitoban, ushbu qissani kishilarga tilovat qilib berishni amr qilmoqda.
Odamning ikki oʻgʻli bor ekan, ular qurbonlik qilishibdi. Birlarining qurbonligi qabul boʻlibdi. Ikkinchilarining qurbonligi qabul boʻlmapti. Shunda qurbonligi qabul qilinmagan oʻgʻil qurbonligi qabul qilinganga hasad qilib, koʻra olmasdan, men seni albatta oʻldiraman, debdi. Inson qalbiga hasad kirganda shunday boʻladi. Qurbonligi qabul boʻlmagani uning yaxshi kishi emasligiga dalolat edi. Qurbonligi qabul boʻlgani esa, ikkinchi oʻgʻilning yaxshi insonligi uchun edi. Yaxshi odam doimo yaxshi boʻladi. Hatto qiyin va shiddatli paytlarda ham, hayoti xavf ostida turganda ham, yaxshiligicha qoladi. U oʻziga tajovuz qilib turgan shaxsga qarab, xotirjamlik bilan:
«albatta, Alloh taqvodorlardangina qabul qiladi»,–dedi
Insonning yaxshi amallarining, jumladan, qurbonligining Alloh taolo huzurida qabul boʻlishi, amal egasining taqvodor ekanini anglatadi. Bu bilan u oʻziga suiqasd qilib turgan dushmanni ham taqvodor boʻlishga daʼvat etdi. Keyin esa, yanada xotirjamlik bilan, birodarining sharrini kesish uchun:
«Agar sen meni oʻldirish uchun qoʻl koʻtarsang, men seni oʻldirish uchun qoʻl koʻtarmayman»,–dedi.
Haqiqiy taqvodor, Allohdan qoʻrqqan insonning gapi shundoq boʻladi. U, shu bilan yomonlikning oldini olishga, hasadchining hasad olovini sovutishga harakat qilmoqda.
«Men, albatta, olamlarning Robbi Allohdan qoʻrqaman»,–dedi.
Yaʼni, mening tutgan bu yoʻlim sendan yoki oʻlimdan qoʻrqqanimdan emas, balki boshqa bir insonni oʻldirish gunoh boʻlgani uchun, Allohning oldida gunohkor boʻlib qolishimdan qoʻrqqanimdan shunday qilmoqdaman, dedi.
Bundan keyin esa, birodarini bu ishdan qaytarish maqsadida oqibat nima boʻlishini ham eslatib qoʻydi:
«Men, albatta, mening ham gunohimni, oʻzingning ham gunohingni olib ketishingni, shu sababdan doʻzax ahlidan boʻlishingni xohlayman. Ana oʻsha zolimlarning jazosidir», – dedi».
Yaʼni, agar sen Allohdan qoʻrqmay meni oʻldiradigan boʻlsang, meni oʻldirganing gunohini ham olasan va oldingi qurbonligingning qabul boʻlmagani gunohini ham olasan. Gunoh ustiga gunoh qilgan boʻlasan. Oqibatda, senga beriladigan jazo ham ortadi va doʻzaxga tushasan, dedi.
Ammo yomonlikka yurgan shaxsga bu gaplar taʼsir qilmadi.