۞ وَٱتْلُ عَلَيْهِمْ نَبَأَ ٱبْنَىْ ءَادَمَ بِٱلْحَقِّ إِذْ قَرَّبَا قُرْبَانًا فَتُقُبِّلَ مِنْ أَحَدِهِمَا وَلَمْ يُتَقَبَّلْ مِنَ ٱلْـَٔاخَرِ قَالَ لَأَقْتُلَنَّكَ ۖ قَالَ إِنَّمَا يَتَقَبَّلُ ٱللَّهُ مِنَ ٱلْمُتَّقِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ularga Odamning ikki o`g`li xabarini haq ila tilovat qilib ber. Ikkovlari qurbonlik qilganlarida, birlaridan qabul qilindi, boshqasidan qabul qilinmadi. U: «Albatta, men seni o`ldirajakman», – dedi. Birisi: «Albatta, Alloh taqvodorlardangina qabul qiladir.Уларга Одамнинг икки ўғли хабарини ҳақ ила тиловат қилиб бер. Икковлари қурбонлик қилганларида, бирларидан қабул қилинди, бошқасидан қабул қилинмади. У: «Албатта, мен сени ўлдиражакман», – деди. Бириси: «Албатта, Аллоҳ тақводорлардангина қабул қиладир.Alauddin Mansour: (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), ularga Odamning ikki oʻgʻli haqidagi xabarni haqqirost tilovat qiling. Oʻshanda u ikkovi qurbonlik qilganlarida (qurbonliklari) birovlaridan qabul qilingan, ikkinchilaridan qabul qilinmagan edi. Shunda u «Qasamki, seni oʻldirurman», deganida, birodari aytdi: «Alloh faqat taqvodorlardangina (qurbonliklarini) qabul qilur».(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), уларга Одамнинг икки ўғли ҳақидаги хабарни ҳаққирост тиловат қилинг. Ўшанда у иккови қурбонлик қилганларида (қурбонликлари) бировларидан қабул қилинган, иккинчиларидан қабул қилинмаган эди. Шунда у «Қасамки, сени ўлдирурман», деганида, биродари айтди: «Аллоҳ фақат тақводорлардангина (қурбонликларини) қабул қилур».
Eski tafsirlarda Odamning bu ikki oʻgʻli kimlar ekanligi, nima uchun qurbonlik qilishgani, bittasidan qurbonlik qabul boʻlmaganligining sababi va boshqa tafsilotlar uzundan-uzoq bayon qilinadi. Hatto boshqa dinlarning kitoblaridan ham maʼlumotlar keltiriladi. Ehtimol, oʻsha ustoz mufassirlar yashagan zamon taqozosi shu boʻlgandir. Ehtimol, ular yashagan madaniy va maʼrifiy muhit shuni taqozo qilgandir. Ammo, aslini olganda, Qurʼoni Karim hidoyat kitobi, unda keltiriladigan qissalar ham kishilarni hidoyat qilish ishiga hissa qoʻshadi. Bu ishda esa, shaxslarning ismi, voqea boʻlib oʻtgan joyning nomi, yer maydoni kabi chegara va raqamlarga bogʻliq maʼlumotlar uncha ahamiyatsiz. Oxirgi paytda oʻtkazilgan ilmiy tekshirishlar, xususan, Qurʼoni Karimni boshqa samoviy kitoblar bilan solishtirib koʻrishlar ham ushbu fikrni tasdiqlab chiqdi. Shuning uchun, zamonaviy tafsirchilarimiz, mazkur qoʻshimcha maʼlumotlarga berilib ketmasdan, asosiy eʼtiborni Qurʼoni Karim zikr etgan hodisalarning mohiyatiga qaratishni maslahat beradilar.
Haqiqatan ham, ushbu qissada zikr qilingan
«Odamning ikki oʻgʻli»ning ismlarini bilishdan hidoyat yoʻlida bir foyda boʻlsa, Allohning Oʻzi aytib qoʻyar edi. Shuningdek, qurbonlik qilishning sababini va nima uchun bittasining qurbonligi qabul boʻlmay qolishining boisini bilish ahamiyatli boʻlganida, Allohning Oʻzi zikr qilgan boʻlardi.
Alloh taolo Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitoban, ushbu qissani kishilarga tilovat qilib berishni amr qilmoqda.
Odamning ikki oʻgʻli bor ekan, ular qurbonlik qilishibdi. Birlarining qurbonligi qabul boʻlibdi. Ikkinchilarining qurbonligi qabul boʻlmapti. Shunda qurbonligi qabul qilinmagan oʻgʻil qurbonligi qabul qilinganga hasad qilib, koʻra olmasdan, men seni albatta oʻldiraman, debdi. Inson qalbiga hasad kirganda shunday boʻladi. Qurbonligi qabul boʻlmagani uning yaxshi kishi emasligiga dalolat edi. Qurbonligi qabul boʻlgani esa, ikkinchi oʻgʻilning yaxshi insonligi uchun edi. Yaxshi odam doimo yaxshi boʻladi. Hatto qiyin va shiddatli paytlarda ham, hayoti xavf ostida turganda ham, yaxshiligicha qoladi. U oʻziga tajovuz qilib turgan shaxsga qarab, xotirjamlik bilan:
«albatta, Alloh taqvodorlardangina qabul qiladi»,–dedi
Insonning yaxshi amallarining, jumladan, qurbonligining Alloh taolo huzurida qabul boʻlishi, amal egasining taqvodor ekanini anglatadi. Bu bilan u oʻziga suiqasd qilib turgan dushmanni ham taqvodor boʻlishga daʼvat etdi. Keyin esa, yanada xotirjamlik bilan, birodarining sharrini kesish uchun:
«Agar sen meni oʻldirish uchun qoʻl koʻtarsang, men seni oʻldirish uchun qoʻl koʻtarmayman»,–dedi.
Haqiqiy taqvodor, Allohdan qoʻrqqan insonning gapi shundoq boʻladi. U, shu bilan yomonlikning oldini olishga, hasadchining hasad olovini sovutishga harakat qilmoqda.
«Men, albatta, olamlarning Robbi Allohdan qoʻrqaman»,–dedi.
Yaʼni, mening tutgan bu yoʻlim sendan yoki oʻlimdan qoʻrqqanimdan emas, balki boshqa bir insonni oʻldirish gunoh boʻlgani uchun, Allohning oldida gunohkor boʻlib qolishimdan qoʻrqqanimdan shunday qilmoqdaman, dedi.
Bundan keyin esa, birodarini bu ishdan qaytarish maqsadida oqibat nima boʻlishini ham eslatib qoʻydi:
«Men, albatta, mening ham gunohimni, oʻzingning ham gunohingni olib ketishingni, shu sababdan doʻzax ahlidan boʻlishingni xohlayman. Ana oʻsha zolimlarning jazosidir», – dedi».
Yaʼni, agar sen Allohdan qoʻrqmay meni oʻldiradigan boʻlsang, meni oʻldirganing gunohini ham olasan va oldingi qurbonligingning qabul boʻlmagani gunohini ham olasan. Gunoh ustiga gunoh qilgan boʻlasan. Oqibatda, senga beriladigan jazo ham ortadi va doʻzaxga tushasan, dedi.
Ammo yomonlikka yurgan shaxsga bu gaplar taʼsir qilmadi.