قَالَ فَإِنَّهَا مُحَرَّمَةٌ عَلَيْهِمْ ۛ أَرْبَعِينَ سَنَةً ۛ يَتِيهُونَ فِى ٱلْأَرْضِ ۚ فَلَا تَأْسَ عَلَى ٱلْقَوْمِ ٱلْفَـٰسِقِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: U: «Albatta, bu yer ularga qirq yilgacha haromdir. Ular yer yuzida hayron bo`lib yurarlar. Fosiq qavmlar uchun xafa bo`lma», – dedi.У: «Албатта, бу ер уларга қирқ йилгача ҳаромдир. Улар ер юзида ҳайрон бўлиб юрарлар. Фосиқ қавмлар учун хафа бўлма», – деди.Alauddin Mansour: Alloh dedi: «Endi qirq yil mobaynida bu Yer ular uchun haromdir. Ular Yerda (sahrolarda) adashib-uloqib yururlar. Sen bu itoatsiz qavm (qilmishi)dan mahzun boʻlmagin».Аллоҳ деди: «Энди қирқ йил мобайнида бу Ер улар учун ҳаромдир. Улар Ерда (саҳроларда) адашиб-улоқиб юрурлар. Сен бу итоатсиз қавм (қилмиши)дан маҳзун бўлмагин».
Bani Isroilning bu qilmishi uchun, yaʼni, Allohning amriga itoat etmagani–Muqaddas yerga kirmagani uchun, Alloh ularga bu muqaddas yerga kirishni qirq yilgacha harom qilib qoʻydi. Tafsirchilarimizning aytishlaricha, yahudiylar bu muddatda Sino yarim orolidagi sahroda 270 farsahlik joydan tashqariga chiqa olmay, adashib, hayron boʻlib, bir borgan joyga qayta-qayta borib yuraverdilar. Ana shunday hayronlik va sarson-sargardonlikda qirq yil yurdilar. Bu davrda mazkur gunohni sodir etgan nobakor avlod oʻlib bitdi. Sahroda oʻsgan yangi avlod paydo boʻldi. Yaʼni, Alloh tayin qilgan muddat tugaguncha avvalgilar muqaddas yerga kira olmay oʻlib ketdilar.
Qurʼoni Karim qissalari faqat oʻtmishni eslash va tasalli uchun emas, balki ulardan ibrat olib, hayotda foydalanish uchundir. Musulmonlar voqelikda buni isbotlaganlar. Badrda mushriklar bilan yuzma-yuz kelganda, musulmonlarning soni juda ham oz ekanligi koʻrinib qoldi. Bu omil mushriklarning gʻayratiga gʻayrat, kuchiga kuch qoʻshishi aniq, aksincha, musulmonlarning qalbiga xavf solishi, ularda umidsizlik paydo qilishi mumkin edi.
Bu hol Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamni ham oʻylantirgan boʻlsa, ehtimol. Ammo sahobai kiromlar bu muammoni quyidagicha hal qildilar. Ular Paygʻambarlari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga: «Ey, Allohning Rasuli, biz sizga Bani Isroil oʻz Paygʻambariga aytganidek, «Sen Robbing ila borib, ikkovlon ularga qarshi urushaveringlar. Biz bu yerda oʻtirib turuvchimiz», demaymiz. Ammo biz: «Sening oʻzing Robbing ila borib, ikkovlon ularga qarshi urushinglar, biz ham sizlarning yonlaringizda urushamiz, deymiz», dedilar.
Keyingi oyatlarda yahudiylarning ahdga vafosizliklari va gunoh ishlarni tap tortmay qilishlariga oʻxshash bir qissa keltiriladi: