وَٱلْأَرْضَ فَرَشْنَـٰهَا فَنِعْمَ ٱلْمَـٰهِدُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va yerni to`shab qo`ydik. Biz qandoq ham yaxshi tayyorlovchidirmiz!Ва ерни тўшаб қўйдик. Биз қандоқ ҳам яхши тайёрловчидирмиз!Alauddin Mansour: Yerni esa yoyiq-keng qilib qoʻydik. Bas, (Biz) naqadar yaxshi yoyguvchidirmiz.Ерни эса ёйиқ-кенг қилиб қўйдик. Бас, (Биз) нақадар яхши ёйгувчидирмиз.
Mazkur uch oyatda Alloh taolo eʼtiborni avvalo osmonga tortyapti. Osmonga va undagi mavjudotlarga fikr ila nazar solgan har bir inson undagi ajoyibotlarni, aniqlikni koʻrib, Allohning qudratiga qoyil qolmay iloji yoʻq.
«Osmonni Oʻz qudratimiz ila bino qildik.»
Alloh taolo osmonni bino qilganini aytib boʻlgandan soʻng, oʻzining «kengaytiruvchi» ekanini taʼkidlamoqda.
«Albatta, Biz keng qiluvchidirmiz.»
Shu maʼnoni tahlil qilib koʻraylik. Ilmiy jihatdan yondoshganda ham osmonning kengligi qayergacha yetib borishini hali hech kim bilgani yoʻq. Balki osmonda milliardlab yulduzlar toʻplami bor ekanini taxmin qilmoqdalar va har bir toʻplam oʻzida millionlab yulduzlarni jamlashini aytmoqdalar. Shuning oʻzidan Alloh taoloning qanday kengaytiruvchi ekanini bilib olish qiyin emas.
«Kengaytiruvchi»ning ikkinchi maʼnosi ilmiy kashfiyotlardan soʻng maʼlum boʻldi. Falakiyot ilmi mutaxassislari keyingi paytda biz yashayotgan sayyoralar majmuasi, yaʼni galaktikamizning kengayib borayotganini aniqladilar. Demak, Alloh taolo Oʻzi keng qilib yaratgan osmonni yana kengaytirayotgan ekan.
«Va yerni toʻshab qoʻydik. Biz qandoq ham yaxshi tayyorlovchidirmiz!»
Yerning toʻshab qoʻyilganligi maʼnosi esa, uni yashash uchun osonlashtirishni anglatadi. Haqiqatan ham, yer hayot uchun shunday moslanganki, buni oʻrgangan odam albatta qudratli va tadbirkor Allohga iymon keltirmay iloji yoʻq. Shu bilan birga, bu moslash juda ham nozik, ozgina oʻzgarsa, hayot kechirish qiyin boʻlib qolishi ham mumkin. Bular bari Alloh taoloning cheksiz qudratiga dalildir.
«Va Biz har bir narsani juft yaratdik. Shoyadki, eslasangizlar.»
Har bir narsaning juft yaratilishida ham Qurʼoni Karimning ulkan ilmiy moʻʼjizasi yotibdi. Ushbu oyatlar tushgan paytda insonlar bu maʼnoni inson, hayvon olamidagina tushunganlar. Nabotot olamida ham juftlik borligi anglab yetilgan. Ammo oʻn toʻrt asr muqaddam bulardan boshqa narsa xayolga ham kelmasdi. Ilmiy taraqqiyot keyinchalik har bir narsada juftlik boʻlishi shartliligi qoidasini isbotladi. Masalan, elektr quvvati Qurʼon tushgandan bir necha asr keyin kashf qilindi, biroq u ham manfiy va musbat zaryadlarning qoʻshilishidan, yaʼni juftlikdan tugʻilishiga nima deysiz!
Atom kashf qilinganda ham bir ovozdan: «Bu eng kichik va asosiy zarra, undan keyin biror narsa boʻlishi mumkin emas», deyishgan edi. Lekin ilmiy taraqqiyotning oʻzi oʻzini yolgʻonchi qilib, Qurʼoni Karimning haqligini tasdiqladi. Yaʼni, atom proton va neytron nomli juftdan tugʻilgan ekan. Bundan keyin ham Allohning qudratiga shubhasi qolgan odamni nima desa boʻladi?!
Alloh taolo Oʻzining qudrati va ulugʻligiga oid misollarni zikr qilib boʻlib, endi faqat Oʻzigagina topinishga va Unga shirk keltirmaslikka buyuradi.