إِنَّ هَـٰذَا لَهُوَ حَقُّ ٱلْيَقِينِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, ushbu, ta'kidki, ochiq-oydin haqiqatdir.Албатта, ушбу, таъкидки, очиқ-ойдин ҳақиқатдир.Alauddin Mansour: Shak-shubhasiz, (ushbu surada zikr qilingan narsalar) ayni haqiqatning oʻzidir!Шак-шубҳасиз, (ушбу сурада зикр қилинган нарсалар) айни ҳақиқатнинг ўзидир!
Mana shu zikr etilgan narsalarning barchasi, shubhasiz, eng ishonchli haqiqatdir. Bas, shundoq boʻlgandan keyin, Robbingni turli nuqsonlardan poklab zikr qil, maqsadga yetasan.
Ushbu soʻnggi oyat tushganda, Paygʻambarimiz alayhissalom: «Ushbu oyatni rukuʼingizda aytinglar», deganlar. Shuning uchun namozda rukuʼga borilganda, «Subhana Robbiyal aziym» deyiladi.
Boshqa bir hadisda Paygʻambar alayhissalom: «Kim, subhanallohil aziym va bihamdihi, desa, uning uchun jannatda bir xurmo ekiladi», deganlar.
Imom Buxoriy ulugʻ sahobiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasuli Akram sollallohi alayhi vasallam: «Ikki soʻz tilga yengil, tarozida ogʻir, Rohmanga suyuklidir, ular: «Subhanallohi va bihamdihi», «Subhanallohil aziym», deganlar».
Ulamolarimizdan birlari shu borada ajoyib bir mulohaza yozib qoldirganlar: «Paygʻambarimiz alayhissalom ushbu oyatni namozning rukuʼida oʻqishimizga buyuradilar. Holbuki, bu oyatga yetguncha butun boshli bir sura keltiriladi. Namozning sunnat amallaridan bittasi uchun bitta sura toʻliq keltirilishining oʻzidan musulmon shaxs hayotida va Islomning boqiyligida namozning ahamiyatini bilib olsa boʻladi. Yana mulohaza qilish zarurki, namoz amallaridan har biri bittadan surada kelgan. Namozning qiyomi bir surada, qiroati bir surada, rukuʼ va sajda esa bir necha surada kelgan.
Bu esa, har bir narsa oʻzining mustahkam asosiga ega boʻlishligi zarur ekanini koʻrsatadi».
«Voqiʼa» surasining fazli haqida koʻp hadislar kelgan. Bu surai karima «Rizq» surasi deb ham nomlangan. Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Paygʻambarimiz alay- hissalom: «Kim «Voqiʼa» surasini har kechada oʻqisa, kambagʻallik va hojatmandlik koʻrmaydi», deganlar. Abdulloh ibn Masʼud roziyalohu anhu oʻlim toʻshagida yotganlarida xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhu koʻrgani kelibdilar va u kishiga,
«Nimadan shikoyating bor?»–debdilar. Shunda Abdulloh Ibn Masʼud:
«Gunohlarimdan», deb javob beribdilar.
«Nimani xohlaysan?»–deb soʻrabdilar hazrati Usmon.
«Robbimning rahmatini», debdi Abdulloh ibn Masʼud.
«Senga tabib yuboraymi?»–debdilar hazrati Usmon.
«Tabib (yaʼni Alloh) Oʻzi kasal qildi», deb javob qilibdilar Abdulloh ibn Masʼud.
«Boʻlmasa, moddiy yordam berishni buyurayin?»
«Mening unga hojatim yoʻq!»
«Senga boʻlmasa, ketingdan qolgan qizlaringga kerak boʻlar?»
«Mening qizlarimning kambagʻal boʻlishlaridan qoʻrqyapsanmi?! Mening beshta qizim bor. Barchalariga har kechada «Voqiʼa» surasini oʻqishni buyurganman. Chunki, Paygʻambarimiz alayhissalomning, kim «Voqiʼa» surasini har kechada oʻqisa, kambagʻallik va hojatmandlik koʻrmaydi, deganlarini eshitgan edim»,–degan ekanlar Abdulloh ibn Masʼud.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi qilgan rivoyatda Jobir ibn Samura aytadilarki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sizlarning namozingizga oʻxshash namoz oʻqirdilar, ammo u kishi yengil oʻqir edilar. Bomdod namozida «Voqiʼa» surasini va shunga oʻxshash suralarni oʻqir edilar.
Yuqorida zikr qilinganidek, «Voqiʼa» surasida qiyomat dahshatlari va uning manzaralari batafsil bayon qilingan. Bunga toʻliq ishongan, Qurʼoni Karimning har bir oyatini yurakdan oʻtkazgan inson quyidagi hadisi sharifni ham toʻgʻri tushunishi mumkin boʻladi. Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qilinadiki, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bir kuni: «Ey, Allohning Rasuli, sochingizga oq tushibdi?»–debdilar. Shunda Paygʻambar alayhissalom: «Hud», «Voqiʼa», «Val Mursalot», «Amma yatasa alun» va «Izash Shamsu kuvvirot» suralari sochimga oq tushirdi», degan ekanlar.