أَوْ تَقُولُوا۟ لَوْ أَنَّآ أُنزِلَ عَلَيْنَا ٱلْكِتَـٰبُ لَكُنَّآ أَهْدَىٰ مِنْهُمْ ۚ فَقَدْ جَآءَكُم بَيِّنَةٌ مِّن رَّبِّكُمْ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ ۚ فَمَنْ أَظْلَمُ مِمَّن كَذَّبَ بِـَٔايَـٰتِ ٱللَّهِ وَصَدَفَ عَنْهَا ۗ سَنَجْزِى ٱلَّذِينَ يَصْدِفُونَ عَنْ ءَايَـٰتِنَا سُوٓءَ ٱلْعَذَابِ بِمَا كَانُوا۟ يَصْدِفُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Yoki «Agar bizga kitob tushirilganda, ulardan ko`ra hidoyatliroq bo`lar edik», demasliklaringiz uchun, batahqiqki, sizga Robbingizdan ochiq hujjat, hidoyat va rahmat keldi. Allohning oyatlarini yolg`onga chiqargan va ulardan yuz o`girgan kimsadan ham zolimroq shaxs bormi? Tezda, oyatlarimizdan yuz o`girganlarni yuz o`girganlari tufayli yomon azob ila jazolarmiz.Ёки «Агар бизга китоб туширилганда, улардан кўра ҳидоятлироқ бўлар эдик», демасликларингиз учун, батаҳқиқки, сизга Роббингиздан очиқ ҳужжат, ҳидоят ва раҳмат келди. Аллоҳнинг оятларини ёлғонга чиқарган ва улардан юз ўгирган кимсадан ҳам золимроқ шахс борми? Тезда, оятларимиздан юз ўгирганларни юз ўгирганлари туфайли ёмон азоб ила жазолармиз.Alauddin Mansour: Yoki: «Agar bizga kitob nozil qilinganida, ulardan toʻgʻriroq yoʻlda boʻlur edik», demaslaringiz uchun (sizlarga bu Qurʼonni nozil qildik). Endi sizlarga Parvardigoringizdan hujjat, hidoyat va rahmat keldi. Bas, Allohning oyatlarini yolgʻon degan va ulardan yuz oʻgirgan kimsadan ham zolimroq kim bor?! Yaqinda oyatlarimizdan yuz oʻgirgan kimsalarni yuz oʻgiruvchi boʻlganlari sababli yomon azob bilan jazolagaymiz.Ёки: «Агар бизга китоб нозил қилинганида, улардан тўғрироқ йўлда бўлур эдик», демасларингиз учун (сизларга бу Қуръонни нозил қилдик). Энди сизларга Парвардигорингиздан ҳужжат, ҳидоят ва раҳмат келди. Бас, Аллоҳнинг оятларини ёлғон деган ва улардан юз ўгирган кимсадан ҳам золимроқ ким бор?! Яқинда оятларимиздан юз ўгирган кимсаларни юз ўгирувчи бўлганлари сабабли ёмон азоб билан жазолагаймиз.
Ushbu oyat ila arablarning hech bir uzrlari qolmaydi. Ular Islomga, Qurʼonga amal qilmaslik uchun biron-bir bahona topa olmaydilar. Ular bahona qilishlari mumkin boʻlgan har bir narsaga javob tayyor boʻldi. Alloh ularga:
«Bizdan avvalgi ikki toifaga kitob tushirilgan, ularning darslaridan gʻofilmiz», demasliklaringiz» uchun Qurʼonni tushirdik, demoqda.
Yaʼni, Qurʼoni Karim nozil qilinmaganda, ular bizdan avvalgi ikki toifaga–yahudiy va nasroniylarga kitob tushirilgan (Tavrot va Injil), ular oʻsha kitobni dars qilib oʻqishgan, ular bandalik qilsalar boʻladi. Ammo, bizga hech qanday kitob tushgani yoʻq, shuning uchun, biz xohlaganimizni qilishga haqqimiz bor, deyishlari mumkin edi. Ammo, endi ayta olmaydilar. Chunki, Qurʼon tushdi. Qurʼon oxirgi shariatning kitobi boʻlgani uchun faqat arablarga emas, hamma xalqlarga ilohiy dastur boʻlib tushdi. U hamma xalqlarning boʻyin tovlash uchun qiladigan bahonalarini bekorga chiqardi.
«Agar bizga kitob tushirilganda, ulardan koʻra hidoyatliroq boʻlar edik», demasliklaringiz uchun».
Bu ham oʻzlariga alohida kitob tushmaganini bahona qilish, hatto boshqa ahli kitoblarga taʼna qilish maʼnosini oʻz ichiga oladi. Mana shu va shunga oʻxshash bahonalar bilan oʻzingizni olib qochmasligingiz uchun:
«...batahqiqki, sizga Robbingizdan ochiq hujjat, hidoyat va rahmat keldi».
Qurʼoni Karim borligʻi bilan ochiq hujjatdir. Qurʼoni Karim Alloh taoloning biru borligiga, yagona iloh va Robbligiga, yagona Roziq va Hokimligiga ochiq-oydin hujjatdir. Qurʼoni Karim Muhammad sollallohu alayhi vasallamning haq Paygʻambar ekanliklariga, kim u zotga ergashsa, najot topishiga ochiq-oydin hujjatdir. Qurʼoni Karim oʻzining haqiqiy ilohiy dastur ekanligiga, Unga ergashganlarga ikki dunyo saodati yoʻlini koʻrsatishiga ochiq-oydin hujjatdir. Qurʼoni Karim Islom dinining haq din boʻlib, barcha zamon va makonga salohiyatli ekanligiga, qiyomatgacha boqiyligiga, kishilarga ikki dunyo baxtini taʼmin qilishiga ochiq- oydin guvohdir.
Qurʼoni Karim insonlarga Robbilaridan kelgan hidoyatdir. U kishilarni zalolatdan hidoyatga boshlaydi.
Qurʼoni Karim insonlarga Robbilaridan kelgan rahmatdir. Ham bu dunyoda rahmatdir, ham u dunyoda rahmatdir.
Har bir inson ushbu ochiq hujjat, hidoyat va rahmatni nozil qilgan Robbul Olamiynga cheksiz shukrlar qilmogʻi lozim. Ammo, odamlar ichida shukr aytish u yoqda tursin, kufr keltirib, mazkur oyatlarni yolgʻonga chiqaradiganlar va ulardan yuz oʻgiradiganlar ham bor.
«Allohning oyatlarini yolgʻonga chiqargan va ulardan yuz oʻgirgan kimsadan ham zolimroq shaxs bormi?»
Albatta, ochiq hujjatdan yuz oʻgirgan va uni yolgʻonga chiqargan har qanday odam zolim boʻladi. Oʻziga nisbatan va oʻzgalarga nisbatan zulm qilgan boʻladi. Chunki, u oʻsha ochiq hujjatni yolgʻon deb, boshqa yolgʻon hujjatlarni rost hujjat sifatida koʻrsatishga harakat qiladi. Odamlarni ham shu yoʻlga boshlaydi. Oqibatda oʻziga ham, oʻzgaga ham zulm qiladi, halokatga uchraydi. Bu hol oddiy ochiq hujjatni yolgʻonga chiqargan, undan yuz oʻgirgan odamning holi. Endi, Alloh taolo tomonidan kelgan ochiq hujjatni yolgʻonga chiqargan va undan yuz oʻgirganlarning holi nima boʻlishini bilib olavering.
Shuningdek, oddiy hidoyatdan yuz oʻgirgan odam avvalo oʻziga, qolaversa oʻzgalarga zulm qilgan boʻladi. Otasining nasihatiga yurmagan farzand oʻziga qanchalik zulm qilishi, odamlar orasida malomatlarga qolishi va nihoyat, oqibati nima boʻlishini tasavvur qilsa boʻladi. Endi, Xoliqining, unga jon bergan, rizq bergan, hidoyatga yoʻllagan Robbul Olamiynning nasihatiga–hidoyatiga yurmagan odamning ahvolini shunga qiyos qilavering.
Agar bir odam ikkinchisiga rahmat–rahim-shafqat koʻrsatsayu, ikkinchisi undan yuz oʻgirsa, barchaning malomatiga qoladi; zolimdan olinib, zolimga solinadi. Endi, shu holni oʻz Robbidan kelgan rahmatni yolgʻonga chiqarib, undan yuz oʻgirgan odamga taqqoslab koʻring. Alloh taolodan kelgan Qurʼoni Karimni–ochiq hujjat, hidoyat va rahmat boʻlmish kitobni yolgʻonga chiqarib, undan yuz oʻgirganlar ana shunday zolimlardir. Dunyoda ulardan koʻra zolimroq odam yoʻq. Ular bu zulmlari evaziga tegishli jazo olishlari muqarrardir.
«Tezda, oyatlarimizdan yuz oʻgirganlarni yuz oʻgirganlari tufayli yomon azob ila jazolarmiz».
Ular bunday jazoga munosibdirlar. Ular nafslaridagi buzuqlik oqibatida kufr keltirganlar, oyatlarni yolgʻonga chiqarib, undan yuz oʻgirganlar. Ular nimani kutmoqdalar? Nima uchun iymon keltirmaydilar? Yoki kutib turgan biron narsalari bormi?