هَلْ يَنظُرُونَ إِلَّآ أَن تَأْتِيَهُمُ ٱلْمَلَـٰٓئِكَةُ أَوْ يَأْتِىَ رَبُّكَ أَوْ يَأْتِىَ بَعْضُ ءَايَـٰتِ رَبِّكَ ۗ يَوْمَ يَأْتِى بَعْضُ ءَايَـٰتِ رَبِّكَ لَا يَنفَعُ نَفْسًا إِيمَـٰنُهَا لَمْ تَكُنْ ءَامَنَتْ مِن قَبْلُ أَوْ كَسَبَتْ فِىٓ إِيمَـٰنِهَا خَيْرًا ۗ قُلِ ٱنتَظِرُوٓا۟ إِنَّا مُنتَظِرُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ular farishtalar kelishini, yo Robbingning kelishini yoki Robbingning ba'zi oyatlari kelishini kutmoqdalar, xolos. Robbingning ba'zi oyatlari kelgan kunida hech bir jonga, oldin iymon keltirmagan yoki iymonida yaxshilik kasb qilmagan bo`lsa, iymoni naf bermas. «Kutaveringlar, biz ham kutguvchilarmiz», – deb ayt.Улар фаришталар келишини, ё Роббингнинг келишини ёки Роббингнинг баъзи оятлари келишини кутмоқдалар, холос. Роббингнинг баъзи оятлари келган кунида ҳеч бир жонга, олдин иймон келтирмаган ёки иймонида яхшилик касб қилмаган бўлса, иймони наф бермас. «Кутаверинглар, биз ҳам кутгувчилармиз», – деб айт.Alauddin Mansour: Ular faqat (jonlarini olish uchun oʻlim) farishtalari kelishini yo (Qiyomat Kunida bandalari oʻrtasida hukm qilish uchun) Parvardigoringizning kelishini, yoki Parvardigoringizning oyatlaridan — Qiyomat alomatlaridan ayrimlari kelishini kutmoqdalar, xolos. Parvardigoringizning ayrim oyatlari keladigan kunda esa ilgari iymon keltirmagan yoki iymonida yaxshilik kasb qilmagan biron jonga (endi keltirgan) iymoni foyda bermas. Ayting: «Kutaveringlar! Biz ham kutguvchilarmiz!»Улар фақат (жонларини олиш учун ўлим) фаришталари келишини ё (Қиёмат Кунида бандалари ўртасида ҳукм қилиш учун) Парвардигорингизнинг келишини, ёки Парвардигорингизнинг оятларидан — Қиёмат аломатларидан айримлари келишини кутмоқдалар, холос. Парвардигорингизнинг айрим оятлари келадиган кунда эса илгари иймон келтирмаган ёки иймонида яхшилик касб қилмаган бирон жонга (энди келтирган) иймони фойда бермас. Айтинг: «Кутаверинглар! Биз ҳам кутгувчилармиз!»
Iymon keltirmay turganlarning kimligi, qaysi zamonga mansubligi eʼtiboridan ulamolar ushbu oyatga xos va umumiy taʼvil etganlar. Agar oyati karimadagi «ular»dan murod, boshqa oyatlarda zikr qilinganidek, Quraysh kofirlari boʻlsa, «farishtalar»dan murod, boshqa oyatlarda zikr qilinganidek, quraysh kofirlari Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamni quvvatlash va tasdiqlash uchun talab qilishgan farishta boʻladi. Chunki, ular: «Agar unga farishta tushirilsa edi», deganlar. Shuningdek, quraysh kofirlari Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan Allohni koʻrsatishni ham talab qilganlar. Shunga binoan, ular Allohning Oʻzining kelishidan ham umidvor edilar.
«Robbingning baʼzi oyatlari»dan murod–lol qoldiruvchi moʻʼjizalar. Shunday talablar qilingani ushbu suraning avvalgi oyatlarida ham bir necha marta zikr qilingan edi.
Agar oyati karimaga umumiy holni eʼtiborga olib taʼvil beriladigan boʻlsa, «farishta»lardan murod–oʻlim farishtalaridir.
«Robbingning kelishi»–qiyomat kunining qoyim boʻlishi;
«Robbingning baʼzi oyatlari»–qiyomat alomatlari, demakdir.
Imom Buxoriy ushbu oyatning tafsirida Abu Hurayra roziyallohu anhudan quyidagi hadisni rivoyat qilganlar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Quyosh oʻzi botadigan joyidan chiqmaguncha qiyomat qoyim boʻlmaydi. Odamlar uni koʻrgan chogʻlarida hammalari iymonga keladilar. Bu esa, oldin iymon keltirmagan boʻlsa, hech bir jonga naf bermaydi»,–deganlar.
Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Uch narsa chiqqan paytda hech bir jonga oldin iymon keltirmagan yoki iymonida yaxshi kasb qilmagan boʻlsa, bu iymoni naf bermaydi. Quyosh oʻzi botadigan joydan koʻtarilsa, Dajjol qoʻpsa va yer hayvoni chiqsa»,–deganlar. Chunki, Qurʼoni Karimda kelganidek, bunday iymon befoydadir. Xoh bu dunyoda boʻlsin, xoh u dunyoda boʻlsin, Allohning baʼzi oyatlari kelganda dunyo tugagan boʻladi.
«Robbingning baʼzi oyatlari kelgan kunida hech bir jonga, oldin iymon keltirmagan yoki iymonida yaxshilik kasb qilmagan boʻlsa, bu iymoni naf bermas».
Lol qoldiruvchi moʻʼjiza-oyat kelgandan keyin iymon keltirishning nima foydasi bor? Oʻlim farishtasi jonini olishga kelganda iymon keltirishning nima foydasi bor? Qiyomatning alomatlarini koʻrgandan soʻng iymon keltirishning nima foydasi bor? Agar ular mazkur narsalarni kutayotgan boʻlsalar:
«Kutaveringlar, biz ham kutguvchilarmiz,–deb ayt».
Ish shunday boʻladigan boʻlsa, endi Islomni mahkam tutish kerak, turli yoʻllarga eʼtibor bermaslik kerak. Shu bois, kelasi oyatda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga quyidagicha xitob qilinmoqda: