وَوَهَبْنَا لَهُۥٓ إِسْحَـٰقَ وَيَعْقُوبَ ۚ كُلًّا هَدَيْنَا ۚ وَنُوحًا هَدَيْنَا مِن قَبْلُ ۖ وَمِن ذُرِّيَّتِهِۦ دَاوُۥدَ وَسُلَيْمَـٰنَ وَأَيُّوبَ وَيُوسُفَ وَمُوسَىٰ وَهَـٰرُونَ ۚ وَكَذَٰلِكَ نَجْزِى ٱلْمُحْسِنِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va Biz unga Is'hoqni va Ya'qubni berdik. Barchalarini hidoyat qildik. Bundan oldin Nuhni ham hidoyat qilgan edik. Va uning zurriyotidan Dovud, Sulaymon, Ayyub, Yusuf, Muso, Horunni ham (hidoyat qildik). Chiroyli amal qiluvchilarni ana shunday mukofotlarmiz.Ва Биз унга Исҳоқни ва Яъқубни бердик. Барчаларини ҳидоят қилдик. Бундан олдин Нуҳни ҳам ҳидоят қилган эдик. Ва унинг зурриётидан Довуд, Сулаймон, Айюб, Юсуф, Мусо, Ҳорунни ҳам (ҳидоят қилдик). Чиройли амал қилувчиларни ана шундай мукофотлармиз.Alauddin Mansour: Unga (Ibrohimga farzandlari) Ishoq va Yaʼqubni hadya etdik. Bularning barchalarini hidoyat qildik. Ilgari Nuhni ham hidoyat qilgan edik. Uning zurriyotidan Dovud, Sulaymon, Ayyub, Yusuf, Muso va Horunni (ham hidoyat qildik). Chiroyli amal qilguvchilarni mana shunday mukofotlaymiz.Унга (Иброҳимга фарзандлари) Исҳоқ ва Яъқубни ҳадя этдик. Буларнинг барчаларини ҳидоят қилдик. Илгари Нуҳни ҳам ҳидоят қилган эдик. Унинг зурриётидан Довуд, Сулаймон, Айюб, Юсуф, Мусо ва Ҳорунни (ҳам ҳидоят қилдик). Чиройли амал қилгувчиларни мана шундай мукофотлаймиз.
Ushbu uch oyatda Alloh taolo Ibrohim alayhissalomni ishorat bilan, boshqa oʻn sakkiz Paygʻambarni ismlari bilan zikr qilmoqda.
«Va Biz unga Ishoqni va Yaʼqubni berdik», degani, Ibrohimga berdik, deganidir.
Ishoq alayhissalom Ibrohim alayhissalomning kichik oʻgʻillari, Yaʼqub alayhissalom esa Ishoq alayhissalomdan boʻlgan nabiralari. Qolgan barcha Paygʻambarlar shu suloladan boʻlib, Muhammad sollallohu alayhi vasallam esa, Ibrohim alayhissalomning katta oʻgʻillari Ismoil alayhissalom sulolasidan tarqaganlar. Shuning uchun ham, Ibrohim alayhissalom «Paygʻambarlarning otasi» nomini olganlar. Ushbu oyatda shuningdek:
«Bundan oldin Nuhni ham hidoyat qilgan edik» deya, bashariyatning ikkinchi otasi hisoblanmish Nuh alayhissalom ham eslatilmoqda. Soʻngra, uch oyatda uch guruh Paygʻambarlar zikr qilinmoqda. Ular bu oʻrinda yashagan zamonlari, Paygʻambarlik tarixlari yoki martabalariga asosan tartib bilan zikr etilmayapti. Shuningdek, ularning shaxsiy sifatlari yoki fazilatlari ham hikoya qilinmayapti. Ammo baʼzi ulamolarimiz ularning oyatlarda ushbu tartibda zikr qilinishlaridan baʼzi bir nozik ishoralarni koʻradilar. Birinchi guruhda zikr qilingan Paygʻambarlar:
«Va uning zurriyotidan Dovud, Sulaymon, Ayyub, Yusuf, Muso, Horunni (ham)», jumlasida nomi shariflari zikr qilingan Dovud, Sulaymon, Ayyub, Yusuf, Muso, Horun alayhissalomlarning barchalarida yo podshohlik yoxud amirlik, hukmdorlik sifatlari Paygʻambarlik sifatlari bilan birga boʻlgan. Dovud va Sulaymon alayhissalomlar podshoh va serneʼmat Paygʻambarlar boʻlganlar.
Ayyub va Yusuf alayhissalomlarga kelsak, Ayyub alayhissalom katta boy va ehsonli kishi boʻlganlar. Yusuf alayhissalom esa katta vazir va hokim boʻlganlar. Ammo ikkovlari ham koʻpgina sinovlarni, balo-ofatlarni boshlaridan oʻtkazganlar. Qiyinchilik sinovida sabr qilganlar, kenglik, osonlik sinovida shukr qilganlar. Muso va Horun alayhissalom hokim boʻlganlar.
Ikkinchi guruhda:
«Va Zakariyo, Yahyo, Iyso va Ilyosni ham» deb, zikr qilingan Paygʻambarlar: Zakariyo, Yahyo, Iyso va Ilyos alayhissalomlar tarki dunyo, zuhdu taqvo bilan mashhur boʻlganlar. Shuning uchun ham, ular oyati karimada:
«Hammalari ahli solihlardandir», iborasi ila vasf qilinayotirlar.
Zotan, hamma Paygʻambarlar ahli solihlardandir. Ushbu toʻrt Paygʻambar ahli solihlikda alohida martabaga erishganlar.
Uchinchi guruhda Ismoil, al-Yasaʼ, Yunus va Lut alayhissalomlar zikr qilingan. Bularning alohida ajralib turadigan sifatlari Allohning Oʻziga ayon.