كَبُرَ مَقْتًا عِندَ ٱللَّهِ أَن تَقُولُوا۟ مَا لَا تَفْعَلُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Qilmaydigan narsangizni gapirishingiz Allohning nazdida qattiq yomon ko`rilgandir.Қилмайдиган нарсангизни гапиришингиз Аллоҳнинг наздида қаттиқ ёмон кўрилгандир.Alauddin Mansour: Sizlarning oʻzlaringiz qilmaydigan ishni (qilamiz, deb) aytishlaringiz Alloh nazdida oʻta manfur (ishdir).Сизларнинг ўзларингиз қилмайдиган ишни (қиламиз, деб) айтишларингиз Аллоҳ наздида ўта манфур (ишдир).
Jihod farz qilinishidan avval bir guruh moʻminlar, agar Alloh taolo bizni Oʻzi eng suyadigan amalga buyurganda edi, uni bajarib ulkan savoblarga erishardik, deb orzu qilib yurishardi. Shunda Alloh taolo Paygʻambar alayhissalomga xabar yuborib, jihodni farz qildi, ammo avval gapirib yurganlarga bu amr mashaqqatli tuyuldi, ogʻir botdi. Shundan soʻng Alloh taolo yuqoridagi oyatlarni tushirib, ularni ogohlantirdi.
«Ey, iymon keltirganlar! Nima uchun qilmagan narsalaringizni gapirasiz?!»
Bundan kamida ikkita ibrat chiqadi: birinchisi–jihod Alloh taolo naqadar suygan amallardan ekanini anglaymiz.
Ikkinchisi–aytganiga amal qilish eng oliy darajadagi martaba ekanini bilamiz.
Bu gaplar har bir Islom ummati aʼzosiga tegishlidir. Qaysi ummat–millat shunga amal qilsa, Alloh oldida ulkan savobga, hayotda esa, ulkan taraqqiyotga erishadi.
«Qilmagan narsangizni gapirishingiz Allohning nazdida qattiq yomon koʻrilgandir.»
Aytganini qilmaganlar Allohning eng yomon koʻrgan kimsalaridan ekani oyatdan maʼlum boʻldi. Ammo, qilmaganini «qildim» deb aytadiganlarning holi bundan ham yomon boʻladi. Afsuski, bizning jamiyatimizda bu ikki noxush hodisa juda ham rivojlangan. Aytganini qilmaydiganlar har qadamda uchraydi. Qilmaganini «qildim» deb aytadiganlar undan ham koʻp.
Imom Ahmad Abdulloh ibn Omirdan rivoyat qilgan hadisda Ibn Omir bunday deydi: «Bolaligimda biznikiga Paygʻambar alayhissalom keldilar. Oʻynagani chiqib ketayotgan edim, onam, ey Abdulloh, beri kel, bir narsa beraman, dedilar. Rasululloh alayhissalom:
«Unga nimani bermoqchi eding?»–deb soʻradilar. Onam:
«Xurmo», dedilar. Paygʻambar alayhissalom:
«Agar aytganingni qilmasang, senga yolgʻonchilik boʻlib yozilib qoladi», dedilar».
Aytganini qilish kerakligi qanchalik muhimligini koʻrdingizmi? Oʻzimizni oʻnglaymiz desak, aytganini qiladigan, ahdiga vafo etadigan, turli boʻlmagʻur daʼvolardan chetda turadigan boʻlishimiz zarur.