يَـٰٓأَيُّهَا ٱلنَّبِىُّ إِذَا طَلَّقْتُمُ ٱلنِّسَآءَ فَطَلِّقُوهُنَّ لِعِدَّتِهِنَّ وَأَحْصُوا۟ ٱلْعِدَّةَ ۖ وَٱتَّقُوا۟ ٱللَّهَ رَبَّكُمْ ۖ لَا تُخْرِجُوهُنَّ مِنۢ بُيُوتِهِنَّ وَلَا يَخْرُجْنَ إِلَّآ أَن يَأْتِينَ بِفَـٰحِشَةٍ مُّبَيِّنَةٍ ۚ وَتِلْكَ حُدُودُ ٱللَّهِ ۚ وَمَن يَتَعَدَّ حُدُودَ ٱللَّهِ فَقَدْ ظَلَمَ نَفْسَهُۥ ۚ لَا تَدْرِى لَعَلَّ ٱللَّهَ يُحْدِثُ بَعْدَ ذَٰلِكَ أَمْرًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey Nabiy! Agar ayollarni taloq qiladigan bo`lsangiz, iddalari uchun qiling va iddani hisoblang va Allohga taqvo qiling. Ularni uylaridan chiqarmanglar va o`zlari ham chiqmasinlar, illo, ochiq-oydin fohisha ish qilgan bo`lsalar (chiqarilurlar) va ana shular Allohning chegaralaridir. Kim Allohning chegarasidan chiqsa, haqiqatan, o`ziga o`zi zulm qilibdi. Sen bilmassan, shoyadki, Alloh undan keyin biror ishni paydo qilsa.Эй Набий! Агар аёлларни талоқ қиладиган бўлсангиз, иддалари учун қилинг ва иддани ҳисобланг ва Аллоҳга тақво қилинг. Уларни уйларидан чиқарманглар ва ўзлари ҳам чиқмасинлар, илло, очиқ-ойдин фоҳиша иш қилган бўлсалар (чиқарилурлар) ва ана шулар Аллоҳнинг чегараларидир. Ким Аллоҳнинг чегарасидан чиқса, ҳақиқатан, ўзига ўзи зулм қилибди. Сен билмассан, шоядки, Аллоҳ ундан кейин бирор ишни пайдо қилса.Alauddin Mansour: Ey Paygʻambar, qachon sizlar (yaʼni, moʻminlar) ayollaringizni taloq qilsangizlar, ularning iddalarida (yaʼni, poklik paytlarida) taloq qilinglar va idda sananglar! Parvardigorlaringiz boʻlmish Allohdan qoʻrqinglar! (To iddalari tugaguncha) ularni (oʻzlari yashab turgan) uylaridan haydab chiqarmanglar va ular oʻzlari ham chiqib ketmasinlar. Faqat ular ochiq fahsh ishni (yaʼni, buzuqlik yoki behayolik kabi qiliqlarni) qilsalargina, (yashab turgan uylaridan haydab chiqarilurlar). Bu Allohning qonun-chegaralaridir. Kimki Alloh chegaralaridan tajovuz qilib oʻtsa, aniqki, u oʻziga zulm qilibdi. Siz bilmassiz, ehtimol Alloh bu (taloq)dan keyin biron ishni paydo qilar.Эй Пайғамбар, қачон сизлар (яъни, мўминлар) аёлларингизни талоқ қилсангизлар, уларнинг иддаларида (яъни, поклик пайтларида) талоқ қилинглар ва идда сананглар! Парвардигорларингиз бўлмиш Аллоҳдан қўрқинглар! (То иддалари тугагунча) уларни (ўзлари яшаб турган) уйларидан ҳайдаб чиқарманглар ва улар ўзлари ҳам чиқиб кетмасинлар. Фақат улар очиқ фаҳш ишни (яъни, бузуқлик ёки беҳаёлик каби қилиқларни) қилсаларгина, (яшаб турган уйларидан ҳайдаб чиқарилурлар). Бу Аллоҳнинг қонун-чегараларидир. Кимки Аллоҳ чегараларидан тажовуз қилиб ўтса, аниқки, у ўзига зулм қилибди. Сиз билмассиз, эҳтимол Аллоҳ бу (талоқ)дан кейин бирон ишни пайдо қилар.
Bu oyatda Alloh taolo ummat oʻrniga,
«Ey Nabiy!» deb Paygʻambar alayhissalomning oʻzlariga bevosita nido qilyapti.
«Agar ayollarni taloq qiladigan boʻlsangiz, iddalari uchun qiling va iddani hisoblang va Allohga taqvo qiling.»
Oyatdagi «iddalari uchun» degani, idda boshlashga munosib vaqtda taloq qiling, deganidir. Bu ogohlantirishni toʻliqroq tushunib olishimiz uchun avvalo «idda»ning maʼnosini tushunib olmogʻimiz darkor. «Idda» soʻzi arab tilida «sanash» maʼnosini anglatadi. Shariatda esa, eridan oʻlim yoki taloq tufayli ajrab qolgan ayol bosh- qa erga tegmasdan kutib turadigan oraliq muddatga aytiladi. Uning yana boshqa hukmlari ham bor. Idda, aslida, oʻlgan erning xotirasi va ajrashgan er bilan oʻtgan hayot hurmati uchun, eng muhimi, ayol homilador boʻlib qolganmi-yoʻqligini aniqlash uchun shariatga kiritilgan.
Ayollar uchun idda oʻtirishni boshlashga munosib vaqt hayzdan pok boʻlganlaridan soʻng jinsiy yaqinlik qilmay turib taloq qoʻyishdir. Buning aksi ham boʻlishi mumkin. Shundan kelib chiqib, taloq ikkiga boʻlinadi: sunniy taloq va bidʼiy taloq.
Sunniy taloq–er kishi oʻz xotinini hayzdan pok paytida, jinsiy yaqinlik qilmay turib taloq qilishi yoki homiladorligi aniq boʻlgan ayolni taloq qilishidir. Ushbu shartlarning qoʻyilishi ham taloqning oldini olish uchun tutilgan yoʻldir. Er kishi xotinining hayzdan pok boʻlishini kutib, hovridan tushib, taloq niyatidan qaytib qolishi mumkin. Yoki homiladorligi aniqlangandan soʻng mehri kuchayib, taloqni unutishi ham mumkin.
Bidʼiy taloq–yuqorida sanalgan shartlar vujudga kelmagan paytdagi taloqdir. Yaʼni, hayz paytida yoki poklik payti-yu, ammo jinsiy yaqinlik sodir boʻlgandan keyingi taloqdir. Bidʼiy taloq qilgan kishi gunohkor hisoblanadi. Lekin oʻrtaga taloq tushaveradi.
Oyatdagi
«...va iddani hisoblang» deyilishidan murod, qachon boshlanishini va qachon tugashini aniq qilib, oxirigacha rioya qiling, deganidir.
Idda oʻtirish nikohdan soʻng eru xotin boʻlib, yashab turib soʻng taloq qilingan xotinlar uchundir. Baʼzi holatlarda nikohdan soʻng qoʻshilmay turib ajralish ham boʻladi. Bunday paytda idda oʻtirishning hojati yoʻq. Ammo, eng muhimi, Qurʼoni Karim xotinni taloq qilgan erkakni Allohga taqvo qilishga, ayolga zulm qilmaslikka va iddasi tugamaguncha uydan chiqarib yubormaslikka buyuradi.
Ha, Qurʼon siz bilan bizga doimo Allohga taqvo qilishni eslatib turadi. Hatto oilaviy ishlar, eru xotin orasidagi muomalalarda ham. Chunki, xuddi shu paytda Allohdan qoʻrqish, taqvo qilish boʻlmasa, xotinlarga nisbatan zulm sodir boʻlishi hech gap emas. Odatda, er kishi ayoli bilan kelishmay qolsa, uni uydan chiqarib yuborishga shoshiladi. Aslida, uning bunga haqqi yoʻq, hatto taloq qilgandan soʻng ham, iddasi chiqmaguncha ayolni uydan chiqarib boʻlmaydi. Xuddi shu maʼnoni taʼkidlash uchun Alloh taolo:
«Ularni uylaridan chiqarmanglar» demoqda, «uylaringizdan» emas. Ayol kishi oʻzi chiqib ketsa boʻladimi? Hozir bizda shunaqa: sal gap-soʻz oʻtishi bilan ayol tugunini koʻtarib, ota-onasinikiga joʻnaydi. Bu ham notoʻgʻri. Qurʼoni Karim:
«va oʻzlari ham chiqmasinlar», deyapti. Qaysi ayol taloqdan soʻng iddasi chiqmay turib, erining uyidan chiqib ketsa, gunohkor boʻladi. Shariatning bu hukmi ham oʻzga hukmlari kabi hikmatlidir. Iddada oʻtirgan ayol, erining koʻziga chiroyli boʻlib koʻrinib tursa, er achchigʻidan tushib, koʻngli erib, qayta yarashishga moyil boʻlib qoladi. Uydan chiqib ketganda esa, buning aksi boʻladi. Yaʼni, kelin borib, eridan shikoyat qiladi, oqibatda uning qarindoshlarining jahli chiqadi. Kelib kuyov va uning yaqinlari bilan urishadilar, shunday qilib, yuz koʻrmas boʻlib ketishlari mumkin. Bunday holda ayolning uydan chiqishiga birdan-bir sabab bor, u ham boʻlsa:
«...illo, ochiq-oydin fohisha ish qilgan boʻlsalar (chiqariladilar)...»
Ulamolarimiz uni «zino» deb aytadilar, baʼzilari zinodan tashqari, qattiq ozor berishlik, xafa qilishlikni ham aytadilar.
«...va ana shular Allohning chegaralaridir. Kim Allohning chegarasidan chiqsa, haqiqatan oʻziga oʻzi zulm qilibdi.»
Oyatda taʼkidlanishicha, yuqorida zikr qilingan ahkomlar Alloh taoloning bandalari uchun qoʻygan chegaralari boʻlib, kim bu chegaralardan chiqsa, oʻziga zulm qilgan boʻladi. Oyatning soʻngida:
«Sen bilmassan, shoyadki, Alloh undan keyin biror ishni paydo qilsa», deganidan murod, yuqorida aytib oʻtganimizdek, shoyadki, yarashib ketsalar, deganidir.
Oʻrni kelganda, taloq toʻgʻrisida yana bir maʼlumot berib oʻtmoq zarur. Taloq ikki turga boʻlinadi: rajʼiy va boin taloqlar.
Rajʼiy–qaytsa boʻladigan taloq, er oʻzi bilan yashayotgan xotinini taloq lafzi bilan qoʻyib yuborishidir. Agar bu taloq birinchi yoki ikkinchi marotaba boʻlsa, er idda chiqmasdan turib xotinini oʻz ixtiyoriga qaytarib olishi mumkin. Bunday holda er soʻz bilan: masalan, «Seni oʻz zimmamga qaytarib oldim», deb yoki amal bilan: masalan, oʻpish kabi ishlar bilan oʻziga qaytarib oladi.
Boin taloq ham oʻz navbatida ikkiga boʻlinadi: kichik boin, katta boin.
Er xotinini qoʻshilmasdan turib, kinoya soʻzlar bilan taloq qilsa yoki rajʼiy taloq qilsa-yu, iddasi ichida oʻziga qaytarib olmasa, kichik boin taloq boʻladi. Chunki, idda chiqqandan soʻng, rajʼiy taloq ham kichik boin taloqqa aylanib qoladi. Kichik boin taloq boʻlganda, er xotinni faqat yangi aqd nikoh va mahr bilan qaytarib olishi mumkin.
Katta boin taloq esa, uch taloqdan iborat boʻladi va undan soʻng eru xotin birga yashashi mumkin emas. Faqat, xotin boshqa erga tegib, u bilan oddiy oilaviy hayot kechirsa va ikkinchi eri vafot etsa yoki tabiiy holatda taloq qilsagina, qaytadan nikohlanishlari mumkin.