وَمَا تَنقِمُ مِنَّآ إِلَّآ أَنْ ءَامَنَّا بِـَٔايَـٰتِ رَبِّنَا لَمَّا جَآءَتْنَا ۚ رَبَّنَآ أَفْرِغْ عَلَيْنَا صَبْرًا وَتَوَفَّنَا مُسْلِمِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sen bizdan faqat Robbimizning oyatlari kelganda ularga iymon keltirganimiz uchungina o`ch olmoqdasan! Ey Robbimiz, ustimizdan sabr to`kkin va musulmon holimizda vafot ettirgin», – dedilar.Сен биздан фақат Роббимизнинг оятлари келганда уларга иймон келтирганимиз учунгина ўч олмоқдасан! Эй Роббимиз, устимиздан сабр тўккин ва мусулмон ҳолимизда вафот эттиргин», – дедилар.Alauddin Mansour: Sen bizdan faqatgina Parvardigorimizning oyatlari kelganda ularga iymon keltirganimiz uchungina oʻch olmoqdasan. Parvardigoro, ustimizdan sabru toqatni yogʻdirgaysan va bizlarni faqat musulmon boʻlgan holimizda oʻldirgaysan!»Сен биздан фақатгина Парвардигоримизнинг оятлари келганда уларга иймон келтирганимиз учунгина ўч олмоқдасан. Парвардигоро, устимиздан сабру тоқатни ёғдиргайсан ва бизларни фақат мусулмон бўлган ҳолимизда ўлдиргайсан!»
Yaʼni, ey Firʼavn, qoʻlingdan nima kelsa, qilaver, biz sendan qoʻrqmaymiz, sening tahdidingga eʼtibor ham bermaymiz, zero:
«Albatta, biz Robbimizga qaytguvchimiz».
Avval adashib, senga ishonib yurgan ekanmiz. Ammo, endi, hamma narsa ayon boʻldi. Endi, biz oʻz Robbimizga qaytamiz. Oʻz navbatida, hech qanday gunohimiz yoʻqligini ham yaxshi bilamiz. Sen bizda ayb deb topgan narsa–Allohga boʻlgan iymonimiz. Allohni Robb–tarbiyachi, yoʻlboshchi, boquvchi va hokim, deb tan olishimiz senga yoqmayapti. Shuning uchun bizni ayblamoqdasan, dedilar.
Soʻngra, Alloh taologa iltijo qilib:
«Ey Robbimiz, ustimizdan sabr toʻkkin va musulmon holimizda vafot ettirgin», – dedilar».
Ular oʻzlari tanlagan yoʻlni oson kechish mumkin emasligini teran anglab yetdilar. Iymon va Islom, dinu diyonat va haqiqat yoʻli gullar toʻshalgan, alvon shiorlar osilgan rohat-farogʻat yoʻli emasligini yaxshi bildilar Bu yoʻlda ularni turli mashaqqatlar, azob-uqubatlar, zahmat va musiybatlar kutib turganiga iqror boʻldilar. Shuning uchun ham, Allohdan tinch-omon, ziyon-zahmatsiz, sogʻ- salomat qolishni emas, balki, sabr-toqatni soʻrashdi. Yaʼni, ular doimo sabr qilib yurishlari lozimligini yaxshi bilganlaridan shunday yoʻl tutishdi. Iltijo qilib soʻragan ikkinchi narsalari, musulmon hollarida bu dunyoni tark etish boʻldi. Dunyodagi jamiki moʻmin-musulmonlarning orzui–shu: nima boʻlsa ham, iymoni salomat qolib, musulmon holida oʻlsa!
Qalbga teran oʻrnashgan iymon insonga mana shunday azizlik va qudrat baxsh etadi. Firʼavndek jabbor va tugʻyonkor podshohga tik boqib, uni nazar-pisand qilmay turgan oz sonli moʻminlar, Muso alayhissalom ila bahs boshlanishidan oldin, Firʼavndan mukofot tamaʼ qilib, unga yaqin kishilar qatorida boʻlish orzuida yonayotgan odamlar edilar. Ammo, Allohga boʻlgan iymonlari ularni bir lahzada tamoman boshqa insonlarga aylantirib qoʻydi.
Shu bilan birga, iymon nasib etmagan gumrohlar turli pastkashliklarga borishlari, xususan, tugʻyonga ketgan zolim podshohlarga yaqin boʻlgan amaldor va zodagonlar dinga va dindorlarga qarshi turli-tuman igʻvo-boʻhtonlarni toʻqib chiqarishlariga tarix ham, oʻzimiz ham necha karra iqror boʻldik.