وَقَالَ ٱلْمَلَأُ مِن قَوْمِ فِرْعَوْنَ أَتَذَرُ مُوسَىٰ وَقَوْمَهُۥ لِيُفْسِدُوا۟ فِى ٱلْأَرْضِ وَيَذَرَكَ وَءَالِهَتَكَ ۚ قَالَ سَنُقَتِّلُ أَبْنَآءَهُمْ وَنَسْتَحْىِۦ نِسَآءَهُمْ وَإِنَّا فَوْقَهُمْ قَـٰهِرُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Fir'avn qavmidan bo`lgan zodagonlar: «Seni va xudolaringni tark qilsa ham, Muso va uning qavmini yer yuzida buzg`unchilik qilishlariga yo`l qo`yib berasanmi?» – dedilar. U: «O`g`illarini o`ldirurmiz va ayollarini tirik qoldirurmiz va, albatta, biz ular ustidan qahr o`tkazuvchimiz», – dedi.Фиръавн қавмидан бўлган зодагонлар: «Сени ва худоларингни тарк қилса ҳам, Мусо ва унинг қавмини ер юзида бузғунчилик қилишларига йўл қўйиб берасанми?» – дедилар. У: «Ўғилларини ўлдирурмиз ва аёлларини тирик қолдирурмиз ва, албатта, биз улар устидан қаҳр ўтказувчимиз», – деди.Alauddin Mansour: (Shunda) Firʼavn qavmidan boʻlgan odamlar: «(Ey Firʼavn), Muso va qavmining Yerda buzgʻunchilik qilib yurishiga hamda seni va xudolaringni tark etishiga qoʻyib berasanmi?» deyishganida, u dedi: «Ularning oʻgʻillarini oʻldirib, ayollarini tirik qoldirajakmiz. Albatta, biz ularning ustida gʻolibdurmiz».(Шунда) Фиръавн қавмидан бўлган одамлар: «(Эй Фиръавн), Мусо ва қавмининг Ерда бузғунчилик қилиб юришига ҳамда сени ва худоларингни тарк этишига қўйиб берасанми?» дейишганида, у деди: «Уларнинг ўғилларини ўлдириб, аёлларини тирик қолдиражакмиз. Албатта, биз уларнинг устида ғолибдурмиз».
Zolim podshohlar atrofidagi zodagonlar–amaldor, xizmatkor va malaylarning eng katta xizmatlari xushomad, tilyogʻlamalik ila oʻzlariga qarshi kishilarni podshohga yomonlab, unga dushman qilib koʻrsatish va nihoyat, firʼavnlarni moʻminlarga qarshi gij-gijlashdir. Ularning bobokalonlari boʻlmish Misr zodagonlari Firʼavnni Muso alayhissalomga va u kishining qavmiga qarshi oyoqlantirib:
«Seni va xudolaringni tark qilsa ham, Muso va uning qavmini yer yuzida buzgʻunchilik qilishlariga yoʻl qoʻyib berasanmi?» – dedilar.
Ha, Firʼavnning ham xudolari bor edi. Koʻpchilik tarixchi, dinshunos va ayrim musulmonlar orasida ham, Firʼavn xudolik daʼvosini qilgan degan tushuncha bor. Ammo bu tushuncha birmuncha oʻzgarib, Firʼavn oʻzini Allohning oʻrniga qoʻygan, degan fikrga aylangan. Aslida esa, Firʼavn dunyoni men yaratganman, uning tadbiri mening qoʻlimda, degan daʼvoni qilgani yoʻq. Firʼavn ham but- sanamlarga sigʻinardi. Faqat, Robblik–xalqning tarbiyachisi, yoʻlboshchisi, boquvchisi va hokimi ekanligini daʼvo qilgan edi. Yaʼni, odamlar men aytgan yoʻldan yurishi, men xohlagan ishni qilishi; xohlaganimga biror narsa berishim, xohlaganimni mahkum qilishim; qonunlar mening hukmim asosida boʻlishi kerak, degan daʼvoni qilgan. Boshqacha qilib aytganda, Allohning Robb–Parvardigorlik sifatiga daʼvogar boʻlgan.
Uning qavmidan boʻlgan malay-zodagonlar ana shu nozik joyidan olmoqdalar. Muso va uning qavmi seni tark etdilar, senga Robb deb qaramayaptilar, sen ishonadigan xudolarga ishonmay, oʻzlariga boshqa Robb topib olib, yer yuzida buzgʻunchilik qilmoqdalar, ularni tek qoʻyib qoʻyaverasanmi, dedilar. Bu har joy va har zamonning firʼavnlari qavmidan boʻlgan zodagonlarning aytadigan gaplaridir. Ular shunday daʼvolar bilan firʼavnlarni qoʻrqitib, moʻminlarga qarshi qoʻyishadi. Ana shunda, firʼavnlar tugʻyonning choʻqqisiga chiqib, ahli iymonga qarshi gʻayriodamiy qonunlar qabul qiladilar.
Zodagonlardan yuqorida sharhlangan fitnani eshitgan Firʼavn Muso va uning qavmi boshi ustida qilich koʻtardi:
«U: «Oʻgʻillarini oʻldiramiz va ayollarini tirik qoldiramiz va albatta, biz ular ustidan qahr oʻtkazuvchimiz», – dedi».
Ularga nisbatan bunday vahshiy hukmning joriy qilinishiga asosiy sabab Allohga boʻlgan iymonlaridir. Ammo, qaror muallifi boʻlgan zolimlar buni oʻz nomi bilan aytmaydilar, balki yer yuzida buzgʻunchilik qilib yurish, deb «sifat»laydilar.
Har asrning firʼavnlari va zodagonlari oʻz zamonasiga mos istilohlarni oʻylab chiqaradilar. Lekin bu istilohlarning shakli turlicha boʻlsa ham, ulardagi mazmun-mohiyat bir va ulardan koʻzlangan maqsad ham bir. Moʻminlarni «buzgʻunchi» deb atash ularni yoʻq qilish, turli usullar bilan azoblash va ularga qahr oʻtkazish, demakdir.
Bunday dahshatli qaror yangragandan keyin: