قَالَ مُوسَىٰ لِقَوْمِهِ ٱسْتَعِينُوا۟ بِٱللَّهِ وَٱصْبِرُوٓا۟ ۖ إِنَّ ٱلْأَرْضَ لِلَّهِ يُورِثُهَا مَن يَشَآءُ مِنْ عِبَادِهِۦ ۖ وَٱلْعَـٰقِبَةُ لِلْمُتَّقِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Muso o`z qavmiga: «Allohdan yordam so`ranglar va sabr qilinglar. Yer Allohniki, uni bandalaridan kimni xohlasa, o`shanga meros qilib beradir. Va oqibat taqvodorlarnikidir», – dedi.Мусо ўз қавмига: «Аллоҳдан ёрдам сўранглар ва сабр қилинглар. Ер Аллоҳники, уни бандаларидан кимни хоҳласа, ўшанга мерос қилиб берадир. Ва оқибат тақводорларникидир», – деди.Alauddin Mansour: (Firʼavnning soʻzlaridan dahshatga tushib ketganlarida) Muso qavmiga dedi: «Allohdan madad tilab, sabr-toqat qilingiz! Bu Yer shak-shubhasiz, Allohnikidir. Uni Oʻzi xohlagan bandalariga meros qilib berur. Oqibat-natija esa taqvodorlarniki (Allohdan qoʻrqqanlarniki) boʻlur».(Фиръавннинг сўзларидан даҳшатга тушиб кетганларида) Мусо қавмига деди: «Аллоҳдан мадад тилаб, сабр-тоқат қилингиз! Бу Ер шак-шубҳасиз, Аллоҳникидир. Уни Ўзи хоҳлаган бандаларига мерос қилиб берур. Оқибат-натижа эса тақводорларники (Аллоҳдан қўрққанларники) бўлур».
Bu hol Paygʻambarlarga xos vazminlik va xotirjamlikning oliy belgisi, Allohga haqiqiy iymoni bor moʻminlarga xos ishonch va sabot. Moʻmin faqat Allohdangina madad soʻraydi, iymon yoʻlida boshiga tushadigan musiybat va savdolarga sabr qiladi.
Muso oʻz qavmiga: «Allohdan yordam soʻranglar va sabr qilinglar»,–dedilar.
Yaʼni, Muso alayhissalom ham qavmlariga bu haqiqatni tushuntirdilar. Firʼavn va uning sultonu zodagonlaridan qoʻrqmaslikka, ularning hozirgi takabburlik holatlari vaqtinchalik ekanini anglashga chaqirdilar. Zero, aslida:
«Yer Allohniki, uni bandalaridan kimni xohlasa, oʻshanga meros qilib beradir».
Allohning hukmi joriy boʻlgunga qadar sabr qilish, Allohdan yordam soʻrab harakat qilish kerak. Baribir, nima boʻlishidan, qanday musiybat seli boshga yogʻilishidan qatʼinazar, matonat bilan yengish lozim. Chunki:
«oqibat taqvodorlarnikidir».
Iymon nuri bilan yolqinlangan bu soʻzlar xolis niyatli, sof vijdonli har qanday qavmni tinchlantiradi, iymoniga iymon, sabotiga sabot va sabriga sabr qoʻshadi. Ammo, Muso alayhissalomning qavmi zuvalasi boshqacha qavm edi. Bu qavm Paygʻambarining gapini toʻgʻri qabul qilmadi.