وَلَمَّا وَقَعَ عَلَيْهِمُ ٱلرِّجْزُ قَالُوا۟ يَـٰمُوسَى ٱدْعُ لَنَا رَبَّكَ بِمَا عَهِدَ عِندَكَ ۖ لَئِن كَشَفْتَ عَنَّا ٱلرِّجْزَ لَنُؤْمِنَنَّ لَكَ وَلَنُرْسِلَنَّ مَعَكَ بَنِىٓ إِسْرَٰٓءِيلَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Qachonki ustilariga azob tushsa: «Ey Muso, senga bergan ahd hurmati, Robbingga duo qil, agar bizdan azobni ko`tarsang, albatta, senga iymon keltirurmiz va Bani Isroilni sen bilan qo`yib yuborurmiz», – der edilar.Қачонки устиларига азоб тушса: «Эй Мусо, сенга берган аҳд ҳурмати, Роббингга дуо қил, агар биздан азобни кўтарсанг, албатта, сенга иймон келтирурмиз ва Бани Исроилни сен билан қўйиб юборурмиз», – дер эдилар.Alauddin Mansour: Qachonki ularning ustiga bu azob tushgach: «Ey Muso, Parvardigoringga senga bergan vaʼdasi haqqi-hurmati, duo qil! Qasamki, agar bizlardan shu azobni koʻtarsang, albatta senga (paygʻambarligingga) iymon keltirurmiz va Bani Isroilni sen bilan birga (oʻz vatanlariga) joʻnaturmiz», dedilar.Қачонки уларнинг устига бу азоб тушгач: «Эй Мусо, Парвардигорингга сенга берган ваъдаси ҳаққи-ҳурмати, дуо қил! Қасамки, агар бизлардан шу азобни кўтарсанг, албатта сенга (пайғамбарлигингга) иймон келтирурмиз ва Бани Исроилни сен билан бирга (ўз ватанларига) жўнатурмиз», дедилар.
Bu holat haqida imom Ibn Jarir Tobariy Saʼid ibn Jubayr roziyallohu anhudan quyidagi rivoyatni keltiradilar:
«Muso alayhissalom Firʼavn huzuriga kelib: «Bani Isroilni men bilan qoʻyib yuborgin», deganida Firʼavn koʻnmadi. Shunda, Alloh taolo ularning ustiga toʻfon–koʻp yomgʻir yubordi. Ustilaridan sel qilib quydi. Ular, bu ilohiy azob boʻlsa kerak, deb qoʻrqdilar va Musoga: «Robbingga duo qil, bizdan yomgʻirni koʻtarsin. Biz senga iymon keltiramiz va Bani Isroilni sen bilan qoʻyib yuboramiz»,–dedilar. Muso alayhissalom duo qildilar. Soʻng, ular iymon keltirmadilar, Bani Isroilni qoʻyib ham yubormadilar. Oʻsha yili Alloh ularga bundan oldin yetishmagan turfa ziroat, meva va oʻt-oʻlanlarni oʻstirdi. Ular, biz orzu qilgan narsa shu edi, deyishdi. Alloh ularning ustidan chigirtka balosini yuborib, oʻsimliklarga zavol yetkazdi. Ular oʻsimliklarga chigirtka yetkazayotgan zararni koʻrib, nabototning urugʻi ham qolmasligiga ishondilar va: «Ey Muso, Robbingga duo qilgin, bizdan chigirtkani koʻtarsin, biz senga iymon keltiramiz va Bani Isroilni sen bilan qoʻyib yuboramiz»,–dedilar. Muso alayhissalom duo qildilar. Alloh ulardan chigirtkani koʻtardi. Ular esa, iymon ham keltirmadilar, Bani Isroilni ham qoʻyib yubormadilar. Ular donlarni uyda saqlashni oʻrganib oldilar va, endi saqlab olaveramiz, dedilar, xotirjam. Shunda, Alloh ularga (donning oʻzidan chiqadigan qurt) mitani yubordi. Ulardan bir kishi tegirmonga oʻn jariyb (don) olib borsa, oʻn qafiyz ham un chiqmaydigan boʻldi. (Jariyb va qafiyzlar oʻlchov birliklari boʻlib, bir jariyb toʻrt qafiyzga toʻgʻri keladi). Shunda, ular: «Ey Muso, Robbingga duo qilgin, bizdan mitani koʻtarsin, biz senga iymon keltiramiz va Bani Isroilni sen bilan qoʻyib yuboramiz»,–dedilar. Bas, Muso alayhissalom Robbiga duo qildi va ulardan bu azob koʻtarildi. Ammo, ular Bani Isroilni qoʻyib yuborishdan bosh tortdilar. Bir kuni Muso alayhissalom Firʼavn huzurida oʻtirgan edi, birdan baqaning ovozini eshitib qoldi va Firʼavnga: «Sen va sening qavming bundan nima koʻrasan?»–dedi. U (Firʼavn): «Bu ham bir balo boʻlmasa edi»,–deb javob berdi. Kechga borib ulardan har biri tomogʻigacha baqaga koʻmilgan holda oʻtirar, gapirmoqchi boʻlsalar, ogʻzilariga baqa kirib ketar edi. Ular Musoga: «Robbingga duo qil, bizdan manavi baqalarni koʻtarsin. Keyin biz senga iymon keltiramiz va Bani Isroilni sen bilan birga qoʻyib yuboramiz»,–dedilar. Alloh ulardan (baloni) koʻtardi. Lekin qavm yana iymon keltirmadi. Soʻngra, Alloh ularning ustiga qon balosini yubordi. Anhorlardan, quduqlardan, idishlaridan suv olmoqchi boʻlsalar, yangi qon chiqar edi. Ular bu haqda Firʼavnga arz qilib: «Biz qon balosiga uchradik. Toza ichimlik qolmadi»,–dedilar. Firʼavn, albatta, U (Muso) sizlarni sehrlab qoʻygan boʻlsa ajab emas, dedi. Ular: «Qayerdan sehrlaydi? Biz idishlarimizda suv topa olmayapmiz, yangi qondan boshqa hech vaqo yoʻq!»– deyishdi. Ular kelib: «Ey Muso, Robbingga duo qil, bizdan qon balosini koʻtarsin. Keyin biz senga iymon keltiramiz va Bani Isroilni sen bilan birga qoʻyib yuboramiz»,–dedilar. Balo koʻtarildi. Ular yana iymon keltirmadilar va Bani Isroilni qoʻyib ham yubormadilar».
Bu hol faqat Muso alayhissalom davrlaridagi Firʼavn va uning ahligagina xos boʻlmay, balki barcha davru zamon firʼavnlari va ularning ahllariga xos xususiyatdir. Ular hukmda turib, xalqni ezishni oʻzlarining qonuniy haqlari deb biladilar. Qachon bir balo boshlariga kelsa, Xudo eslariga tushib, ulamolarga yalinib, duotalab boʻlib qoladilar. Agar shu qiyinchilikdan eson-omon oʻtib olsak, undoq qilamiz-bundoq qilamiz, deb togʻ-togʻ vaʼdalar beradilar. Ammo, kushoyish boʻlgandan soʻng, yana avvalgi hollariga qaytib, yana dinga osilib, yana ulamolarga zulm qilishga, xalqni ezishga oʻtadilar.
Bu holni dunyoda ilk bor dinlarni rasman inkor etib, xudosizlar davlati qurgan, dinni «afyun» deb eʼlon qilgan yovuzlik imperiyasi sohiblari misolida yaqqol koʻramiz. Ular necha marta dindorlarga, ulamolarga yalinib kelishgan va necha qur ortga qaytishgan. Hatto katta balo kelgan paytda, Ikkinchi Jahon urushi davrida diniy tashkilotlar, ibodatxonalar ochishga ruxsat berib, dindorlardan duo qilishni soʻrashgan. Lekin qachonki boshlaridan balo koʻtarilgach, yana kofir hollariga qaytib, din xalq uchun afyundir, deb yurishavergan. Bu hol ularning Firʼavn merosxoʻrlari ekanini koʻrsatadi.
Ular oʻzlaricha Xudoni ham, dindorlarni ham boplamoqdamiz, deb oʻylashadi. Ammo, Alloh taolo azobini ortga sursa ham, oʻch olishni tark qilmaydi.