يَـٰبَنِىٓ ءَادَمَ قَدْ أَنزَلْنَا عَلَيْكُمْ لِبَاسًا يُوَٰرِى سَوْءَٰتِكُمْ وَرِيشًا ۖ وَلِبَاسُ ٱلتَّقْوَىٰ ذَٰلِكَ خَيْرٌ ۚ ذَٰلِكَ مِنْ ءَايَـٰتِ ٱللَّهِ لَعَلَّهُمْ يَذَّكَّرُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, Odam bolalari, batahqiq, sizlarga avratingizni to`sadigan libos va ziynat libosini nozil qildik. Taqvo libosi, ana o`sha yaxshidir. Ana o`shalar Allohning oyat-belgilaridandir. Shoyadki, eslasalar.Эй, Одам болалари, батаҳқиқ, сизларга авратингизни тўсадиган либос ва зийнат либосини нозил қилдик. Тақво либоси, ана ўша яхшидир. Ана ўшалар Аллоҳнинг оят-белгиларидандир. Шоядки, эсласалар.Alauddin Mansour: Ey Odam bolalari, Biz sizlarga avratlaringizni berkitadigan libosni ham, yasan-tusan (libosini) ham tushirdik. (Hammasidan) yaxshiroq libos taqvo libosidir. Bu — Allohning (fazlu marhamatiga dalolat qilguvchi) oyatlaridandir. Shoyad eslatma (pand-nasihat) olsalar.Эй Одам болалари, Биз сизларга авратларингизни беркитадиган либосни ҳам, ясан-тусан (либосини) ҳам туширдик. (Ҳаммасидан) яхшироқ либос тақво либосидир. Бу — Аллоҳнинг (фазлу марҳаматига далолат қилгувчи) оятларидандир. Шояд эслатма (панд-насиҳат) олсалар.
Insonni hayvondan ajratib turadigan alomatlardan biri libosdir. Odam avratini–aybini berkitib turish uchun Alloh taolo unga libos ato qilgan. Libosning zaruri avratni pinhon tutadiganidir. Lekin Alloh insonning avratdan boshqa aʼzolarini ham toʻsish ehtiyoji borligini inobatga olib, libosni ziynat tarzida nozil qildi. Xuddi shunday–libosni oʻz oʻrnida, yaʼni shariatga muvofiq isteʼmol qilgan inson ziynatli hisoblanadi. Ammo, eng asosiy libos–taqvo libosi. Shuning uchun ham, Alloh taolo oyatda:
«Taqvo libosi, ana oʻsha yaxshidir»,–demoqda.
Agar oddiy libos badan avratlarini toʻsib, jismni ziynatlasa, taqvo libosi maʼnaviy avratlarni toʻsib, inson qalbini ziynatlaydi. Agar insonning kiyim-boshi jismidagi avratlarini pinhon tutib, unga ziynat bagʻishlasa-yu, taqvo libosi yirtilib, maʼnaviy avratlari ochilib tursa, bundan hech qanday maʼno yoʻq. Hozirgi kunda koʻplar oʻzining taqvo libosi bashangligini daʼvo qilib, ustki avratlarining ochilib qolganiga eʼtibor bermaslikka chaqiradi. Bu, johillikdan oʻzga narsa emas. Agar kimning taqvo libosi oʻrnida boʻlsa, albatta, jismoniy libosi ham durust boʻladi. Zero, har ikki libosni–ham hissiy avratni toʻsadigan libosni, ham taqvo libosini nozil qilish:
«Ana oʻshalar Allohning oyat-belgilaridandir».
Yaʼni, kiyim-bosh, molu mulk ham, oʻrni kelganda, Allohning oyat-belgisi hisoblanadi. Undan ibrat olish shart. Shuning uchun, Alloh taolo oyatning soʻngida:
«Shoyadki, eslasalar», demoqda.
Odam alayhissalom qissasi tugagandan soʻng, ul zotning zurriyotlarini oliy fazilatlarga chaqirib kelgan ushbu oyati karimadagi:
«Ey, Odam bolalari!» degan xitob shu kabi toʻrt nidoning avvalidir. Bu dastlabki nido kiyim-boshga bogʻliq. Yuqorida aytganimizdek, Alloh taolo kiyim-boshni insonga avratini toʻssin, oʻzini tuzatsin, deb bergan. Ammo, barcha sohada haddida turmagan odam bu oʻrinda ham turli buzuqliklarga yoʻl qoʻydi. Baʼzilari kiyim-boshni faxr va gʻurur vositasi, ikkinchilari uni hayotdagi asosiy maqsad qilib oldi. Qadr-qiymatni ham kiyim-bosh bilan oʻlchay boshladi. Uchinchilari kiyimni tor va yupqa kiyib, undan koʻzlangan asosiy maqsadni suiisteʼmol qilishga kirishdi. Xususan, tarbiyasiz ayollar libosni ayni avratni boʻrttirib koʻrsatish uchungina kiyadilar. Bu hol yuksak insoniy sharafni yerga uradi.
Odam bolalariga qaratilgan ikkinchi nido otalar xatosini takrorlab, shayton vasvasasiga uchmaslikka chaqiradi: