إِنَّ ٱلَّذِينَ كَذَّبُوا۟ بِـَٔايَـٰتِنَا وَٱسْتَكْبَرُوا۟ عَنْهَا لَا تُفَتَّحُ لَهُمْ أَبْوَٰبُ ٱلسَّمَآءِ وَلَا يَدْخُلُونَ ٱلْجَنَّةَ حَتَّىٰ يَلِجَ ٱلْجَمَلُ فِى سَمِّ ٱلْخِيَاطِ ۚ وَكَذَٰلِكَ نَجْزِى ٱلْمُجْرِمِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, oyatlarimizni yolg`onga chiqarganlar va ulardan kibr qilganlarga osmon eshiklari ochilmas va ular tuya igna teshigidan o`tmaguncha jannatga kirmaslar. Jinoyatchilarni mana shunday jazolaymiz.Албатта, оятларимизни ёлғонга чиқарганлар ва улардан кибр қилганларга осмон эшиклари очилмас ва улар туя игна тешигидан ўтмагунча жаннатга кирмаслар. Жиноятчиларни мана шундай жазолаймиз.Alauddin Mansour: Albatta, oyatlarimizni yolgʻon degan va ulardan kibr-havo bilan (yuz oʻgirgan) kimsalar uchun hargiz samo eshiklari ochilmas va toki tuya igna teshigidan oʻtmas ekan, ular ham jannatga kira olmaslar (yaʼni, hech qachon kirmaslar). Jinoyatkor — osiylarni mana shunday jazolagaymiz.Албатта, оятларимизни ёлғон деган ва улардан кибр-ҳаво билан (юз ўгирган) кимсалар учун ҳаргиз само эшиклари очилмас ва токи туя игна тешигидан ўтмас экан, улар ҳам жаннатга кира олмаслар (яъни, ҳеч қачон кирмаслар). Жинояткор — осийларни мана шундай жазолагаймиз.
Bu dunyoda huzur-halovatda yashab yurgan chogʻida Alloh taolo oyatlarini yolgʻonga chiqarib, ularga ishonmaganlar, bu ham yetmagandek, Xalloqi Olam oyatlaridan kibrlanib, ularga amal qilmay oʻtganlarning holi haqiqiy dunyoda juda ayanchli boʻlib qoladi. Avvalo, ularga
«osmon eshiklari ochilmas».
Bundan maqsad nima? Birinchidan, qilgan amallarining savobi osmonga qadar chiqa olmaydi. Zero, kofir boʻlgach, amali qabul boʻlmaydi. Bandalarning savoblari kiradigan eshik ularning amali uchun yopiq boʻladi. Shuningdek, oʻsha bandalar oʻlganda ruhlarini osmonga eltguvchi eshiklar ochilmay, yoʻllari toʻsiladi. Ushbu holni tasavvur qilish uchun imom Ahmad ibn Hanbal Barro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilgan batafsil hadisdan iqtibos keltiramiz. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam jumladan shunday deganlar: «Agar kofir banda bu dunyodan uzilib, u dunyoga intiqol qiladigan boʻlsa, uning huzuriga osmondan janda koʻtargan qora yuzli farishtalar tushib, koʻzi yetadigan joyga oʻrnashadilar. Keyin oʻlim farishtasi kelib oʻsha bandaning bosh tarafiga oʻtiradi va: «Ey, iflos ruh, Allohning gʻazabi va qahriga chiq!»–deydi. Joni jasadiga tarqab ketadi. Bas, uni hoʻl jundan sixni sugʻurib olgandek sugʻurib oladi. Olgandan keyin qoʻllarida tutib turmay, darhol haligi jandaga oʻraydilar. Undan eng sassiq oʻlimtikdan chiqan hiddek hid chiqib turadi. Yer yuzida bundan yomon hid yoʻq. Soʻngra, u jonni olib yuqoriga koʻtariladilar. Qaysi farishtalar toʻpi oldidan oʻtsalar: «Bu qanday iflos jon?»–deb soʻraydilar. Bu falonchining oʻgʻli pistonchi, deb hayoti dunyodagi eng qabih ismni aytadilar. Oxiri dunyo osmoniga borib yetadilar. Eshikni ochishni soʻraydilar. Eshik ochilmaydi». Soʻngra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «... kibr qilganlarga osmon eshiklari ochilmaydi va ular tuya igna teshigidan oʻtmaguncha jannatga kirmaydilar» oyatini tilovat qildilar».
Hadisi sharifning davomida oʻsha iflos jon yerning eng qaʼriga itqitilishi, qabr azobiga giriftor boʻlishi va boshqa musiybatlar taʼriflanadi. Ketma-ket keladigan bu azoblardan qutulishning yolgʻiz bir yoʻli bor. U ham boʻlsa, jannatga doxil boʻlish. Ammo, bu kofir va osiylar, Qurʼondan yuz burgan va unga amal qilmagan gumrohlar jannatga qanday qilib kiradilar?
«Ular tuya igna teshigidan oʻtmaguncha jannatga kirmaslar».
Ularning ruhlari osmonga olib chiqilganda, eshik ochilmay, ahvollari rasvo boʻlgan edi. Endi, jannatga kirishlari uchun gʻoyat ogʻir shart qoʻyilmoqda. Bir tarafda ulkan jussali togʻdek tuya daryodek pishqirib turibdi. Ikkinchi tarafda koʻz ilgʻab-ilgʻamay bir igna. Ammo, uning teshigini, unga nigohi oʻtkir odam yaqinroqdan tikilmasa, koʻrmaydi ham. Bu bahaybat tuya ushbu kichkina teshikdan oʻtsa, bosh ustiga, «anavilar» ham jannatga kiraversinlar.
Bu ilohiy taʼbir oddiygina qilib, abadul abad jannatga kirmaydi, deyishdan koʻra yuz chandon taʼsirchandir. Bu ham ularning azobiga azob, jazosiga jazo qoʻshish uchundir. Shu boisdan ham, Alloh taolo oyat oxirida:
«Jinoyatchilarni mana shunday jazolaymiz», demoqda.
Ular jannatga emas, doʻzaxga kiradilar: