أُبَلِّغُكُمْ رِسَـٰلَـٰتِ رَبِّى وَأَنصَحُ لَكُمْ وَأَعْلَمُ مِنَ ٱللَّهِ مَا لَا تَعْلَمُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sizlarga Robbimning yuborganlarini yetkazaman, nasihat qilaman va Alloh tomonidan siz bilmagan narsani bilaman.Сизларга Роббимнинг юборганларини етказаман, насиҳат қиламан ва Аллоҳ томонидан сиз билмаган нарсани биламан.Alauddin Mansour: Men sizlarga Parvardigorimning vazifalarini (buyurganlarini) yetkazurman va sizlarga nasihat qilurman hamda Alloh tarafidan sizlar bilmaydigan narsalarni bilurman.Мен сизларга Парвардигоримнинг вазифаларини (буюрганларини) етказурман ва сизларга насиҳат қилурман ҳамда Аллоҳ тарафидан сизлар билмайдиган нарсаларни билурман.
Paygʻambarlarning vazifasi kishilarga tushuntirish, daʼvatni yetkazish. Shuning uchun, Nuh alayhissalom qavmlaridan noshoyista javobni eshitgan boʻlishlariga qaramay, ularga haqiqatni anglatishga harakat qildilar va ularning koʻngillarini ovlash uchun:
«Ey qavmim, menda zalolat yoʻq...»–dedilar.
Yaʼni, men siz oʻylayotgandek, adashganim yoʻq. Men adashuvda emasman.
«Balki men olamlarning Robbidan Paygʻambarman».
Oʻzimdan-oʻzim sizlarga soʻzlayotganim yoʻq. Barcha olamlarning Robbi meni sizlarga Paygʻambar qilib yubordi. Oʻsha ulugʻ vazifani ado etib men:
«Sizlarga Robbimning yuborganlarini yetkazaman».
Alloh taolo ikki dunyo saodatiga erishishingiz uchun nimalar qilishingiz lozimligini bayon qilib sizlarga koʻrsatmalar–amrlar, nahiylar, turli hukmlar yoʻlladi. Yuborilgan bu koʻrsatmalarni sizga men yetkazyapman, xolos. Shu bilan birga, kerak boʻlib qolganda, sizlarga oʻz tomonimdan:
«nasihat qilaman».
Chunki, men:
«Alloh tomonidan siz bilmagan narsani bilaman».
Xuddi shu bilimim sizlarga nasihat qilish uchun menga imkon beradi.
Keyin, oyatning davomida Nuh alayhissalom oʻz qavmlarining u kishining Paygʻambar boʻlib kelganlaridan ajablanganliklari nooʻrin ekanini hamda Paygʻambarlikning asl maqsadini bayon qildilar:
«Oʻzingizdan boʻlgan bir kishiga, sizlarni ogohlantirish uchun va taqvo qilib, shoyad, rahmatga erishsangiz deb, Robbingizdan eslatma kelganidan ajablanasizlarmi?!» – dedi».
Darvoqe, kishilar nima uchun ajablanadilar? Axir, ajablanishga oʻrin yoʻq-ku. Pok, zakovatli, rostgoʻy, oʻzida oliy insoniy fazilatlarni jamlagan bir insonni Alloh elchi–Paygʻambar qilib olsa, buning nimasi ajablanarli? Boz ustiga, Paygʻambar boʻlgan inson ularning orasidan boʻlsa. Ular uning shaxsini yaxshi bilsalar. Bu ham yetmaganidek, Paygʻambar ularni yomonlikdan qaytarib, Allohning rahmatiga erishishlari uchun jon chekayotgan boʻlsa! Paygʻambar boʻlgan zot, asosan, odamlarga Robbilaridan kelgan tirik eslatma boʻlsa! Odatda, har bir insofli insonga haqiqiy maqsad tushuntirilgandan keyin, u bir oz boʻlsa-da hovuridan tushib, oʻzini oʻnglab, aqlini peshlab, mulohaza yuritadi. Ammo, qalbi koʻr kofirlar iymon haqida har qancha koʻp va xoʻb pandu nasihat eshitsalar ham, aqllarini peshlamaydilar, fikr qilmaydilar. Nuh alayhissalomning qavmi bilan ham xuddi shu hol roʻy berdi. Nuh alayhissalom ularga kuyunib tushuntirishlariga qaramay: